Узбек O'zbek
Olimjon Hikmatov: «Qur’ada omadimiz kelmadi. Boshqa setkaga tushganimizda uchtadan medal va litsenziya olishimiz mumkin edi»
Dushanba, 23 Sentabr
2281

Nur-Sultonda o‘tgan jahon chempionatining so‘nggi kunida erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Olimjon Hikmatov musobaqa borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, jahon birinchiligida o‘zbekistonlik erkin kurashchilar bitta bronza va bitta olimpiya litsenziyasi bilan cheklanishdi. Ikkala yutuq ham Hasanboy Rahimovga tegishli.

Hasanboy Rahimov (o‘ngda)

Ochkolar bo‘yicha umumjamoa hisobida O‘zbekiston termasi 8-o‘rinni egallab, 10 yil ichida ilk marta Jahon kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

«Albatta, Jahon chempionatidan biroz yaxshiroq natija kutgandik. Bitta medal va bitta litsenziya oldik, ammo 1-2ta medal va 2-3ta litsenziyaga umid qilgandik», – dedi terma jamoa ustozi Olimjon Hikmatov.

Murabbiy jamoa yetakchilaridan Bekzod Abdurahmonov va Magomed Ibragimovning sovrinsiz qolganini ta’kidlab o‘tdi.

«Erkin kurash bo‘yicha asosiy sportchilarimiz – -74 va -97 kg vazn toifalaridagi vakillarimiz medal ola olishmadi. -125 kilogrammda esa ellik foiz ishonchimiz komil edi – yakunda yagona litsenziyani Hasanboy Rahimov qo‘lga kiritdi.

Magomed Ibragimov ham juda yaxshi jang qildi. Amerikalik raqibga yutqazib qo‘ydi. Agar amerikalik sportchi yarim finalda g‘alaba qozonganida edi, Magomed Ibragimovda litsenziya olish imkoniyati bo‘lardi. Menimcha, u bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmagan bo‘lardi», – dedi Hikmatov.

Bekzod Abdurahmonov

Shunga qaramay, erkin kurashchilarda hali Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyati bor. Ular 2020 yil bahorida saralash turnirlari orqali litsenziya olishlari mumkin.

«Bekzod Abdurahmonov va Magomed Ibragimov Osiyo yoki jahon miqyosidagi saralash turnirlari orqali litsenziya olishadi, deb umid qilaman. Mart oyi oxirida Xitoyda Osiyo bo‘yicha, aprel oxirida Bolgariyada esa jahon bo‘yicha saralash musobaqasi o‘tkaziladi. Abdurahmonov va Ibragimov – jamoamiz yetakchilari, ular bu turnirlar orqali yo‘llanma olishlariga ishonaman.

Shunda bizda litsenziya olishimiz mumkin bo‘lgan yana uchta vazn toifasi qoladi: -57, -65, -86 kg. -57 kilogrammda Jahongir Turobov o‘zini ko‘rsata olmadi. Bu toifada bizda yana Mahmudjon Shavkatov va G‘ulomjon Abdullayev ham bor. Saralash turnirlarida kim qatnashishini musobaqalarga yaqin qolganda aniqlaymiz.

-65 kg vazn toifasiga kelsak, -70 kilogrammdagi Ixtiyor Navro‘zov vazn yo‘qotib, litsenziya qo‘lga kiritishiga umid qilamiz. -86 kilogrammda esa Javrail Shapiyev va Umidjon Usmonov yo‘llanma uchun harakat qiladi», – dedi terma jamoa ustozi.

Olimjon Hikmatov sport kurashlari bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilarning natijalari pasayib boryapti, degan fikrga qo‘shilmasligini bildirdi.

«Sport kurashlari bo‘yicha ishlarimiz orqaga ketyapti, deb aytmagan bo‘lardim. Aksincha, sekin-asta o‘sish bo‘lyapti. Masalan, avgust boshida Minskda Medvedya sovrini uchun kechgan xalqaro turnirda jamoamiz ikkinchi o‘rinni egalladi. Ikkita oltin, ikkita kumush va uchta bronza oldik – bu musobaqada juda yaxshi qatnashgandik. Magomed Ibragimov medal ola olmagandi, qolganlar olishgan.

Magomed Ibragimov / Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Shunday ekan, bu sport turida ortga ketyapmiz, degan fikrga qo‘shilmayman. Shunchaki, hozir qur’ada biroz omadimiz kelmadi. Yigitlarimiz kuchli raqiblardan yutqazishdi. Agar kurashchilarimiz qur’ada turnir setkasining narigi tomonida bo‘lganida taxminan uchtadan medal va litsenziya olgan bo‘lardik», – deb qayd etdi Hikmatov.

Olimjon Hikmatov erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo va jahondagi o‘rni haqida quyidagicha fikr bildirdi.

«Osiyoda birinchi o‘rinda turgan paytimiz ham bo‘lgan. Bu yil asosiy tarkibda qatnashmaganimiz uchun yuqori uchlikka kira olmadik. Asosan mana shu jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rdik. Jamoaviy hisobda 8-o‘rinni egalladik va Jahon kubogida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdik. O‘zbekiston jahon kubogida oxirgi marta 10 yil oldin qatnashgan.

Umuman, sport kurashlari bo‘yicha jahonda yuqori o‘nlikda, Osiyo miqyosida esa kuchli uchlikdamiz, deb ayta olamiz», – ta’kidladi murabbiy.

Hasanboy Rahimov

Hikmatovga ko‘ra, shu yil bahorida Milliy olimpiya qo‘mitasi boshqaruvida o‘zgarish bo‘lgach, terma jamoaga nisbatan rahbariyatning munosabati o‘zgargani yaqqol sezilgan.

«Milliy olimpiya qo‘mitasida rahbariyat almashganidan keyin vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi. Litsenziya olishimiz uchun nima xohlasak, hammasini qilib berishyapti. Bunday sharoitlar uchun Milliy olimpiya qo‘mitasiga rahmat aytaman», – dedi erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Olimjon Hikmatov.

Yunon-rum kurashchilari JCHda bitta ham oltin olmasdan ikkinchi bo‘lishdi. Ikkitadan oltin olgan yaponlar va gruzinlar qanday qilib ortda qoldirildi?

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz