Узбек O'zbek
«Barselona»ning chorak asrdagi eng yomon starti. Kim aybdor va nima qilmoq kerak?
Dushanba, 23 Sentabr
3628

Ernesto Valverde jamoasi yana safarda juda muvaffaqiyatsiz o‘yin o‘tkazdi va turnir jadvalining sakkizinchi o‘rniga tushib ketdi. Katalonlar mavsumni juda yomon boshlashdi, gap faqat yo‘qotilgan ochkolardaginamas. Ko‘k-anorranglilar Frank Raykard davridan buyon eng yomon o‘yinlarini namoyish etishmoqda. «Sport Ekspress» jurnalisti jamoadagi hozirgi holat haqida fikr yuritdi.

G‘alabasiz seriya va antirekordlar

«Barselona» yozgi transferlar oynasida tarkibini sezilarli darajada kuchaytirib oldi. Grizmann, de Yong va Firpo keldi, klub prezidenti Xosep Bartomeu faqat Neymarni olib kelishga ulgurmadi. Yangilangan tarkibi bilan katalonlar maydonga tushmasdanoq 3 ochkoni cho‘ntakda deb bilishlari mumkin edi. Ammo haqiqat achchiq: bu mavsum starti Ispaniya ligasida g‘alaba uchun uch ochko berila boshlagan davrdagi eng yomon start bo‘ldi (avvallari g‘alaba uchun 2 ochko berilgan). 1994/95 yilgi mavsumda Yoxan Kroyf boshqaruvidagi «Barsa» safarda ikki o‘yinda yutqazib, bir o‘yinda durang o‘ynagan, o‘z maydonidagi ikki o‘yinda g‘alaba qozongan. O‘shanda jamoa 5 turda 5 ochko to‘plagandi.

Yana bir boshqa omadsiz seriya — barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlar qo‘shib hisoblanganda 7ta safar o‘yinida g‘alabasiz seriya, bunday holat 2000/01 yilgi mavsumdan buyon ilk marta kuzatilmoqda. Bunday natija Raykard tomonidan ham qayd etilgandi: nidarlandiyalik mutaxassisni 2008 yil bahorida «Barselona» qatorasiga beshta o‘yinda g‘alaba qozona olmagach ishdan bo‘shatib yuborishgandi. Nahotki barchasi katalonlar Messisiz o‘ynay olmasligida bo‘lsa?

Valverdening murabbiylik qarashlari
«Men xavotirdaman, — dedi murabbiy «Barselona»dagi o‘yindan so‘ng. — Safarda biz uydagi kabi yaxshi o‘ynay olmayapmiz. Bugun biz ustunlik qildik, ammo gol ura olmadik. Keyingi o‘yinda yanada ko‘proq kuch bilan o‘ynashga harakat qilamiz».

Valverde o‘tgan mavsum oxirida «Liverpul»  «Barselona»ni 4:0 hisobida mag‘lub etib, YeCHLdan chiqarib yuborganida ham taxminan shunday fikrlarni aytgandi. O‘shanda murabbiy «o‘zida davom etish uchun kuch his qilayotgani» haqida gapirgandi.

Klub rahbariyatining muammosi shundaki, shartnomani bir tomonlama buzish uchun 20 million yevro miqdorida kompensatsiya to‘lash talab etiladi, shu tufayli Bartomeu barcha muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lishiga umid qilmoqda. Ammo amalda bunday bo‘lishi qiyin: ushbu murabbiy uchinchi mavsumda jamoani boshqarmoqda, lekin katalonlar klubida rivojlanish ko‘zga tashlanmayapti.

O‘tgan ikki mavsumda «Barsa» asosan ikki futbolchi sa’y-harakatlari bilan natijaga erishdi: ter Shtegena va Messi. Mark-Andre o‘tgan mavsumdayam jamoaga kamida 10 ochkoni bir o‘zi olib berdi, Lionel qolganini hal qildi. Ispaniyalik futbol ekspertlari Valverde jamoasi sardorsiz hech narsaga qodir emas, degan fikrga kelishgan, shu bilan birgalikda bunda Messining o‘zini ham ayblashadi. Ernesto vaziyat qurboni bo‘lmoqda: u o‘z bilganicha jamoa shakllantira olmaydi, chunki Leo barcha o‘yinlarni o‘z zimmasiga oladi. Hozir, Messi yo‘qligida, Valverde hech bir yangilik o‘ylab topa olmayapti.

Faxriylarning o‘yini ortga ketmoqda, yangilar kirishib ketolmayapti
Sovrin ketidan sovrin qo‘lga kiritib yurgan «Barsa» davri yakuniga yetmoqda. Buskets, Alba, Messi, Pike va Suaresning yoshi 30dan oshdi, ulardan faqat birginasi (o‘z o‘zidan gap argentinalik futbolchi haqida ketmoqa) avvalgi darajasini saqlab qolgan. Qolganlari esa tezligini yo‘qotgan, oddiy epizodlarda xatolar qilishmoqda, jamoada tozalash o‘tkazishga zarurat bor. Valverde o‘z yulduzlarini ilhomlantira olmayapti, shuningdek, bir vaqtlar Pep Gvardiola qilgani kabi ularni sotuvga ham qo‘ya olmayapti. Pozitsiyalar bo‘yicha raqobat yo‘qligi, asosiy tarkibdan joy kafolatlangani uchun «Barsa» faxriylari, millioner futbolchilar futbol maydonida o‘zlarida ishtiyoq uyg‘ota olishmayapti.

Yangi futbolchilar bilan bog‘liq vaziyat yanada og‘irroq. Valverde boshqaruvidagi ikki mavsumda na Koutino, na Dembele va Malkom o‘ynab keta oldi. «Barselona»ga kelgan yangi futbolchilar ilk o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatib, jamoaga ochkolar olib kelishadi, ammo vaqt o‘tgan sayin ularning o‘yini yomonlashgandan yomonlashib boraveradi. Vaziyat shunga yetib keldiki, Koutino «Bavariya»ga ijaraga berildi, Malkom Rossiya chempionatiga yo‘l oldi, Dembeleni Neymar uchun Parijga jo‘natmoqchi bo‘lishdi. Hozir Grizmann va de Yong ham yangi jamoaga moslashib keta olmayapti. Ekspertlarning fikricha, Valverde ularni o‘ynatayotgan pozitsiyalar ularga mos kelmayapti, maydondagi noto‘g‘ri joylashuv ular o‘z salohiyatini namoyish etish va eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishga xalal bermoqda. Taktik masalalarni uzoq vaqt muhokama qilish mumkin, ammo fakt faktligicha qoladi: Antuan ham, Frenki ham avvalgi klublaridagi darajaga chiqa olmayapti. Firpo esa «Granada»ga qarshi o‘yinda ilk marta boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi, Valverde uni jarohat tufayli safdan chiqqan Alba o‘rniga tushirgandi. Ammo bu dominikanlik himoyachi birinchi daqiqadayoq to‘pni raqibga topshirdi, keyin raqibni to‘xtatishga urinib yiqilib tushdi, uning xatolaridan foydalangan raqib esa hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim davomida Firpo xatosini to‘g‘rilay olmadi, murabbiy uni ikkinchi bo‘limda maydonga qaytarmadi, Firpo va Peres o‘rnini Fati va Messi maydonga tushirildi, o‘ng qanot himoyasida o‘ynayotgan Samedu chap qanotga o‘tkazildi, o‘ng qanotdan Roberto joy oldi. Messi bir o‘zi to‘pni raqib jarima maydoniga olib kirib, natija keltirishga urindi, bu vaqtda Grizmann va Suares undan pas kutishardi. «Granada» penaltidan ikkinchi golni urgach, xotirjamlik bilan g‘alabali natijani saqlab qoldi.

Gap Messining jarohatidami?
«Sardor qaytadi va barchasi o‘z joyiga tushadi», — demoqda ishonch bilan ko‘k-anorranglilar rahbariyati. Messi tarkibda bo‘lganida «Barselona» hozirgidan ko‘proq ochko olishiga shubha yo‘q, ammo o‘yindagi muammolar o‘z o‘zidan yo‘q bo‘lib qolmaydi. Valverde shunchaki «Barselona» jamoasi darajasidagi jamoa bilan nima qilishni bilmayapti; futbolchilar o‘yinlari dahshatli darajada yomon chiqayotganini tan olishmoqda, ammo ular bunda o‘zlarini ayblashmoqda. «Agar men yomon o‘ynasam, gap mening o‘zimda bo‘ladi, maydondagi pozitsiyamda emas», — degandi de Yong «Granada» bilan o‘yindan oldin. Muxlislar esa barcha gap murabbiy va prezidentda ekanini aytishmoqda: ijtimoiy tarmoq «Barsa» rahbariyatini Valverdeni ishdan bo‘shatish haqidagi chaqiriqlar bilan to‘lgan. Katta ehtimol bilan vaziyatni murabbiy almashishi o‘nglaydi: matbuotda Joze Mourino va Kike Seten bask murabbiyni almashtirishi mumkinligi haqida muhokamalar boshlandi.

Messi baribir «Barsa»ni turnir jadvalining yuqori qismiga olib chiqa oladi, ammo bu yetarli emas. So‘nggi ikki mavsumda kataloniyaliklar faqat omadi kelib, qimmatli ochkolarga ega bo‘lishmoqda, ular yomon o‘ynaganida ham ochko olishgan. Masalan, Dortmundda bo‘lgan o‘yindagi kabi. «Borussiya» o‘sha kuni g‘alabaga munosib edi, ammo omad va ter Shtegenning mahorati «Barsa» safar o‘yinidan ochko bilan qaytishini ta’minladi. Omad kulib boqmay qolsachi? Unda katalonlar bilan nima bo‘lishini aytish qiyin. Ko‘k-anorranglilar uchun sinovlar hali oldinda.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz