Узбек O'zbek
Yevropa futbolida yangi yulduz. 19 yoshli norvegiyalik pahlavon «Oltin butsa» sari yurishini boshladi
Payshanba, 19 Sentabr
10862

Yevropa futbolida yangi yulduz porlay boshladi.

Chempionlar ligasida het-trik qilgan «Zalsburg» klubi hujumchisi Erling Holand hali shu yilning 21 iyulida 19 yoshga to‘lgandi. O‘zbekiston chempionatida bundan kattaroq yoshdagi futbolchilarga «umidli yosh» deb qaralsa, u dunyoni zabt etmoqda.

U allaqachon o‘zini ko‘rsatishni boshlagandi. 15 yoshida Norvegiyaning ikkinchi ligasida ishtirok etuvchi «Bryune» safida debyut qilib, mamlakatga dong‘i ketgandi. 16 yoshida esa u Ole Gunnar Sulsher boshqaruvidagi «Molde»da paydo bo‘ldi. 17 yoshga to‘lar-to‘lmas yuqori diviziondagi ilk golini nishonladi. O‘sha mavsumda turnirning yetakchi jamoalaridan biri bo‘lgan «Brann» klubi darvozasiga poker yo‘lladi. O‘tgan mavsumda chempionatning 25 o‘yinida maydonga tushib, 12 gol muallifi bo‘ldi, Yevropa Ligasi saralash o‘yinlarida 4ta gol urdi. «Molde» saralashda ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra «Zenit»ga yutqazib (2:1, 1:3) turnirni tark etgandi, ammo o‘sha o‘yinlarda norveglarning gollaridan aynan ushbu vunderkind urgandi. Qishda u «Zalsburg»ga 5 million yevro evaziga transfer qilindi.

Avstriyaliklar klubi arzon narx evaziga «oltin baliqcha»ni qo‘lga kiritishdi, deyish mumkin. May oyiga kelib Holand haqida barcha sport saytlari yoza boshlashdi. U yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bir o‘yinda 9ta (!) gol urdi. Ha, bu gollar Hondurasga urildi, ammo bu natija ham qoyilmaqom edi. Avstriya ligasida yangi mavsum boshlandi - ushbu forvard 7ta o‘yinda 11ta gol urib, 4 golga uzatma berdi. Turli turnirlar doirasida u bir yarim oy ichida raqib jamoalar darvozabonlarini 17 marta ranjitishga ulgurdi. Endi u «Oltin butsa»ga da’vogarlar qatorida.

3 sentyabr kuni transfermarket portali Holandning narxini 5 million yevrodan 12 million yevroga oshirib qo‘ydi. Ammo bu narx ham uzoq turmasa kerak, balki bir necha marta o‘sishini kutish mumkin. Bu orada bo‘yi 190 sm, vazni 90 kg bo‘lgan bu skandinav pahlavoni Norvegiya terma jamoasida debyut qilishga ulgurdi, Chempionlar ligasidagi debyutida esa «Genk» darvozasini uch bor ishg‘ol qildi. U yirtqich kabi to‘pga tashlanib, uni kuch bilan darvoza tomon yo‘llamoqda. O‘ng oyoqda ham, chap oyoqda ham.

Norvegiyalik bu iqtidorning boshi aylanib qolmasa kerak. Uning ishlarini otasi yuritadi va u o‘g‘li bo‘shashishiga yo‘l qo‘ymasligi aniq. Vunderkindning otasi Alf-Inge Holand 1994 yilgi jahon chempionatida Norvegiya terma jamoasi safida o‘ynagan, turli yillarda «Nottingem Forrest», «Lids» va «Manchester Siti» kabi klublar safida to‘p surgan. Uning faoliyati yanada muvaffaqiyatli kechishi mumkin edi, ammo 28 yoshida og‘ir jarohat oladi va keyin maydonga qayta olmaydi. 

Katta Holandning bu jarohatga olib kelgan tarixi avvalroq boshlangandi. U 2001 yil  yilning aprelida «Lids» va «MYU» uchrashuvi vaqtida raqib yarimhimoyachisi Roy Kinga qo‘pollik qilib yiqitadi va uni simulyatsiyada ayblab, kuch bilan o‘rnidan turgizmoqchi bo‘ladi. Uning o‘sha vaqtdagi haqoratli so‘zlarini irlandiyalik futbolchi unutmaydi. U o‘sha to‘qnashuvda og‘ir jarohat olgan va bu jarohatini davolash uchun 11 oy mobaynida maydondan tashqarida qoladi. Maydonga qaytganidan keyin Holand bilan ilk to‘qnashuvidayoq uning tizzasiga kuch bilan tepadi va barchasi uchun qasos oladi. Royni 8 o‘yinga diskvalifikatsiya qilishadi, Holand esa boshqa futbol o‘ynay olmaydi. Roy Kin keyinroq yozgan avtobiografiyasida shunday yozadi: «Men bu lahzani juda uzoq kutgandim. To‘p juda yaqin joylashgandi. Mana, ol yaramas! Meni yana simulyatsiyada ayblab ko‘rchi».

Keyinroq u o‘z intervyularidan birida unga og‘ir jarohat yetkazish niyatida bo‘lmaganini aytadi: «Men Holandga og‘ir jarohat yetkazishni istaganmanmi? Yo‘q. Ammo men undan qasdimni olmoqchiydim. U hamisha mening jig‘imga tegar, mening oyog‘imda butsasining izlarini qoldirishga urinardi. Men hayotimda juda ko‘p ishlar qilganman, ammo unga ataylab og‘ir jarohat yetkazmaganman».

Angliya futboli Alf Holandni qasos qurboni sifatida eslab qoladi.

Kichik Holand o‘sha voqea bo‘lgan vaqtda hali bir yoshga to‘lmagandi. Erling Lidsda tug‘ilgan, o‘sha shahar jamoasiga muxlislik qilgan, ammo o‘sha klub safida to‘p surmasa kerak. Tez orada Roy Kinning sobiq klubi «MYU»da paydo bo‘lsa ham ajabmas — Manchesterda ushbu vunderkindga qiziqish bildirilmoqda. Lekin uning uchun qattiq kurash kechadi, so‘nggi xabarlarga ko‘ra «Barselona» ham uni jiddiy kuzatmoqda.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz