Узбек O'zbek
Ronaldu yana Madridga qaytdi. Birinchi turda yana ikki grand to‘qnashuvi
Chorshanba, 18 Sentabr
6922

Kecha «Borussiya» – «Barselona», «Napoli» – «Liverpul», bugun esa, «PSJ» – «Real» hamda «Atletiko» – «Yuventus». Bilmaganlar Chempionlar Ligasi chorak finali bo‘lyapti deb ham o‘ylashi turgan gap. Bu holat ilk turlardanoq turnir nafasini his qilish imkonini yaratsa, boshqa tarafdan keyingi turlar ham qiziqroq o‘tishini ta’minlaydi. Zero bu o‘yinlarda ochko yo‘qotgan top-klublar biroz bosim ostida qolishlari va keyingi o‘yinlar yanada qiyinroq kechishi turgan gap.

O‘YIN OLDIDAN

Ushbu guruhda «Atletiko» va «Yuventus»dan tashqari, «Bayer» va «Lokomotiv» kabi jamoalar ham borki, to‘liq kuch bilan o‘ynamasdan guruhdan chiqish qiyin bo‘ladi. Himoyada bexato o‘ynashi, o‘yin uslubi bilan o‘xshab ketadigan bu raqiblarning o‘yini doim yevrokuboklarni bezab kelgan. O‘tgan mavsumning nimchorak finalida ham biz ushbu jamoalar to‘qnashuvi guvohi bo‘lgandik. Madridliklar o‘z maydonida 2:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa-da, javob o‘yinida Krishtianu Ronalduning o‘zi uchta gol urib, turinliklarning yakuniy g‘alabasini ta’minlagandi.

Ammo aytish kerakki, bu safar biz biroz boshqacharoq, kutilganidan ochiqroq o‘yinni guvohi bo‘lishimiz ham mumkin. «Yuventus» bosh murabbiyni o‘zgartirdi – Maurisio Sarri imkon qadar hujumkor o‘ynaydigan va yuqori pressingni afzal biladigan murabbiylardan sanaladi. Bu faktor «Yuventus» o‘yinini tubdan o‘zgartirish bilan birgalikda, mezbonlarga ham qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etadi. «Atletiko» esa, hali ham Diyego Simeone qo‘l ostida shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, uslub borasida yangi yo‘nalish tanlayotganini aytishga asoslar yetarli. Bu o‘zgarishga, avvalo, yuqorida tilga olganimiz, «Yuventus»ga qarshi muvaffaqiyatsiz natija ham turtki bergan. Jamoa endi biroz hujumkorroq va dadilroq o‘ynash yo‘lidan bormoqda – axir hujum chizig‘idagi asosiy ijodkor roli 19 yoshli futbolchiga ishonib topshirilayotganining o‘zi ham ko‘p narsadan dalolat qilmayaptimi? Umuman, «Atletiko» sezilmagan ravishda avlodlar almashinuviga qo‘l urib ulgurdi. O‘sha YeCHL finallarida o‘ynagan avlod yetakchilari Godin, Filipe Luis, Grizmann, Xuanfran, kabi futbolchilar endi tarkibda yo‘q.

Sport formasiga kelsak, har ikki jamoa ham yomon emas, o‘z ligalarida yetakchilar safida bormoqda. Ammo har ikki jamoa ham so‘nggi turni muvaffaqiyatsiz o‘tkazib, ilk marta ochko yo‘qotganini ta’kidlash kerak. «Yuventus» Florensiyada golsiz durang o‘ynab, «Inter»ni oldinga o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, «Atletiko» Sosedadda mag‘lubiyatga uchradi. Bunday natijalar qaysidir ma’noda kutilayotgan YeCHL hayajoni bilan ro‘y bergani ham ehtimol. Murabbiylar yevrokuboklarni qoniqarli tarzda boshlab olishni juda istashmoqda, bu esa, bizga uchrashuvdan yanada ko‘proq narsa kutishimiz kerakligini bildiradi.

TARKIBLAR

Mezbonlar tarkibida Alvaro Morata sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Shime Vrsalko yil oxirigacha safdan chiqqan. Mehmonlardan esa, ayniqsa, himoya chizig‘ida yo‘qotishlar ko‘p. Kamida olti oygacha maydonga qaytmaydigan Jorjio Kellinining o‘rni bosilishi mumkindir, lekin Mattia De Shilo Sarri sistemasi uchun juda muhim futbolchi edi. U ham katta ehtimol bu oyda maydonga qayta olmaydi. O‘ng qanot hujumchisi Duglas Kosta ham shuncha muddatga safdan chiqqan. 

Taxminiy tarkiblar:

«Atletiko»: Oblak, Tripper, Savich, Ximenes, Lodi, Saul, Koke, Korrea, Lemar, Felish, Kosta

«Yuventus»: Shchesni, Danilo, Bonuchi, De Ligt, Sandro, Pyanich, Xedira, Matiyudi, Bernardeski, Ronaldu, Iguain.

MURABBIYLAR

Diyego Simeone:

«Krishtianu Ronaldu kabi futbolchiga ega bo‘lgan jamoaga qarshi tayyorlanish juda ham qiyin. U har qanday vaziyatda, to‘pni qabul qilib olganda xavf tug‘dira oladi, golli vaziyatlar yaratadi, undan foydalanadi. Biz doim unga qarshi muammolarga duch kelamiz. Ba’zida uning jamoalarini yengishning uddasidan chiqqanmiz, ba’zida yo‘q. Lekin shunisi aniqki, u haqiqiy gol mashinasi».

Maurisio Sarri:

«Bosimdan qo‘rqmaymiz, chunki biz «Yuventus»miz va turnirda g‘olib chiqishni talab qilishlari tabiiy. Shu bilan birga, biz qatori, xuddi biz kabi imkoniyatlarga ega bo‘lgan yana 10-12 jamoa bor. «Atletiko» shunday jamoalardan biridir. To‘g‘ri, ular Antuan Grizmanni yo‘qotishdi, lekin yana bir iqtidorli futbolchi Felishni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, Saul ham o‘sishga erishmoqda, men uni Yevropaning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri deb bilaman. Raqibimizda har qanday jamoani yengishga qodir bo‘lgan kuch bor. Bizda ham. Bu yerda nafaqat aqlli taktika yoki texnika, balki ba’zida omad ham katta rol o‘ynaydi».

STATISTIKA

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz