Узбек O'zbek
«Napoli» — «Liverpul». Klopp va Anchelotti o‘zaro hisob-kitob qiladi
Seshanba, 17 Sentabr
2831

Bu jamoalar o‘tgan mavsumda ham bir guruhda joy olishgandi. «PSJ» va «Srvena Zvezda» klublari ham bo‘lgan o‘sha guruhda so‘nggi turgacha intriga saqlanib turgan, yakunda «Napoli» keyingi bosqichga chiqa olmagandi. Bu safar guruhdagi boshqa raqiblar biroz sodda – «Genk» va «Zalsburg», shu tomondan jamoalarning favorit ekanini oldindan aytsak bo‘ladi. Lekin har qanday klub «syurpriz» ko‘rsatishga qodirligi, shuningdek, guruhda birinchi o‘rinni olish ham keyingi bosqichda ozgina ustunlik berishi inobatga olinsa, ilk turdanoq raqiblar juda keskin va shiddatli bahs taqdim etishlariga umid qilsa bo‘ladi.

O‘tgan yili Neapolda o‘tgan o‘yinda Anchelotti shogirdlari 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi.

O‘YIN OLDIDAN

«Liverpul» yangi mavsumni yanada kuchliroq boshladi va o‘tkazilgan besh uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. «Napoli»ning sport formasini ham ajoyib holatda desak bo‘ladi. Jamoa ilk turning so‘nggi daqiqalarida «Yuventus»ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, keyingi ikki o‘yinni o‘z foydasiga hal qila oldi.

Tabiiyki, «Liverpul», turnirning so‘nggi g‘olibi sifatida, ushbu o‘yinda ham favorit sifatida baholanishi mumkin. Lekin «Nyukasl», «Byornli», «Norvich» va hatto «Arsenal»ga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, «qizillar»ni mavsumda ilk bor haqiqatan ham jiddiy sinov kutib turibdi. Karlo Anchelotti «Liverpul»ni qanday qurolsizlantirish mumkinligini o‘tgan yili ham namoyish qilgan, o‘sha yuqorida eslangan o‘yinda «Liverpul» mezbonlar darvozasiga biror marta ham aniq zarba bera olmagandi. 

Bundan tashqari, «Liverpul» Chempionlar Ligasida, aynan safar o‘yinlarida ishonchsiz ko‘ringanini ham ta’kidlash joiz. Musobaqa g‘olibi guruh bosqichidagi barcha safar o‘yinlarini boy bergan, umuman YeCHL doirasidagi so‘nggi 8 safar o‘yinining 6tasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan.

«Napoli» esa, ushbu turnirdagi so‘nggi besh o‘yinni g‘alaba bilan yakunlagan. Karlo Anchelotti boshchiligida jamoa yanada o‘sgani, taktik jihatdan ancha salobatli jamoaga aylanganini e’tirof qilish kerak.

TARKIBLAR

Jamoalarda jiddiy yo‘qotishlar yo‘q. Bugun maydonga tusha olmaydigan futbolchilar shundoq ham anchadan beri sheriklariga yordam bera olishmayapti, ya’ni jamoalar bemalol ularsiz ham optimal ko‘rinishda bo‘la oladi. Mezbonlar tarkibida Xyusay mushak jarohati tufayli maydonga tushmasa, Klopp darvozabon Alisson Beker, shuningdek, Nabi Keyta, Divok Origilarning yordamidan foydalana olmaydi. Raqiblarning taxminiy tarkibi quyidagicha:

NAPOLI: Meret, Di Lorenso, Maksimovich, Kulibali, G‘ulom, Elmas, Zelinski, Kalexon, Insine, Losano, Mertens;

LIVERPUL: Adrian, Aleksandr-Arnold, Matip, Van Deyk, Robertson, Fabino, Veynaldum, Mane, Firmino, Saloh.

MURABBIYLAR

Karlo Anchelotti:

«Maqsadimiz – keyingi bosqichga o‘tish, buning uchun esa, Yevropaning eng kuchli jamoasi qarshiligini sindirishimizga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili juda yaxshi himoyalana olgandik, agar g‘alaba qozonishni istasak, juda saviyali o‘yin ko‘rsatishimiz shart. «Liverpul» so‘nggi oylarda yanada o‘sdi, bu ularga katta ishonch bergani tabiiy. Lekin «Napoli» ham yaxshigina kuchaydi. Xuddi o‘tgan yildagi kabi juda shiddatli qarshilik bo‘lishiga shubham yo‘q. Shogirdlarim qanday himoyalanish va qarshi hujum qilishni biladilar – biz o‘z o‘yinimizni qilishimiz kerak. Raqibga haddan tashqari urg‘u qaratmasdan, uslubimizga sodiq qolishga harakat qilamiz».

Yurgen Klopp:

«Men shu paytgacha yevrokuboklarda amaldagi chempion sifatida qatnashmaganman, buni ilk bor his qilyapman, lekin ishonamanki, «Napoli» juda kuchli ishtiyoq bilan maydonga tushadi. Ular juda kuchli jamoa, ularning saviyasini yaxshi bilamiz va bizga bu o‘yinda oson bo‘lmaydi. Biz bu o‘yinda natijaga erishish uchun eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak – bor xavotirim shundan. Anchelotti bizni Yevropaning eng kuchli jamoasi deb atabdi. Yo‘q, unday emas. Dunyoning eng kuchli jamoasi bu – «Manchester Siti». Biz esa, o‘ylaymanki, ular bilan bir planetadamiz.

STATISTIKA

Bu o‘yin jamoalarning yevrokuboklardagi beshinchi to‘qnashuvi bo‘ladi. Bungacha ikki marta Yevropa Ligasi guruh (2010/11) bosqichida va o‘tgan yili Chempionlar Ligasida raqib bo‘lishgan.

QACHON?

Uchrashuv bugun, 17 sentyabr kuni, Toshkent vaqti bilan soat 23:55da boshlanadi. Ushbu guruhdagi ikkinchi o‘yin ham shu paytda, «Zalsburg» va «Genk» o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz