Узбек O'zbek
«MYU» italiyalik yosh futbolchini kuzatmoqda
Dushanba, 16 Sentabr
3295

«Breshiya» yarimhimoyachisi Sandro Tonali «Manchester Yunayted» qiziqishlari doirasida turibdi.

Gazzetta dello Sport nashrining italiyalik jurnalisti Nikolo Shirning xabar qilishicha, «MYU» skauti A Seriya doirasida «Breshiya» va «Bolonya» o‘rtasida kechgan o‘yinga tushgan va Tonalini kuzatgan. Jurnalistning qayd etishicha, bu ingliz klubi vakili italiyalik yosh iqtidorni tribunadan birinchi bor kuzatishi emas.

Tonali «Breshiya» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va u 2018 yilda asosiy tarkibda o‘ynay boshlagan. 19 yoshli futbolchi joriy mavsumda jamoasining barcha o‘yinlarida ishtirok etmoqda.

A Seriyaning 3-turida «Bolonya»ga qarshi kechgan o‘yinda (3:4) Tonali bir golga pas berdi va 79-daqiqada almashtirildi.

Amaldagi shartnomasi 2021 yilgacha tuzilgan havbek Italiya o‘smirlar terma jamoasida 11 o‘yinda maydonga tushgan, u shuningdek 4 marta Italiya yoshlar terma jamoasi safida o‘yin o‘tkazgan. U Italiyaning asosiy terma jamoasiga ham chaqirilgan, Yevro-2020 saralashi doirasida Armaniston (3:1) va Finlyandiya (2:1) terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda Tonali zayavkaga kiritilgan, ammo maydonga tushmagan.

Tonalini hozirdan «yangi Andrea Pirlo» deb atashmoqda, Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 25 million yevroga baholagan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz