Узбек O'zbek
«Men jang qilish uchun tug‘ilganman». Ahmadaliyev yana nokaut bilan g‘alaba qozondi
Shanba, 14 Sentabr
1787

Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev (7-0, 6 KO) 13 sentyabrdan 14 sentyabrga o‘tar kechasi o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazdi.

Rio Olimpiadasi sovrindori bu oqshomda aslida WBA va IBF chempionlik kamarlari uchun Daniel Romanga (27-2-1, 10 KO) qarshi ringga chiqishi rejalashtirilgan edi. Ammo Roman jangga 10 kun qolganida o‘ng yelkasidan jarohatni sabab sifatida ko‘rsatib, ringga chiqishdan bosh tortdi.

Natijada Ahmadaliyev Nyu-Yorkdagi «Medison Skver Garden» arenasidagi Hulu teatrida kolumbiyalik tajribali bokschi Uilner Sotoga (22-7, 12 KO) qarshi jang o‘tkazdi. 8 raundga mo‘ljallangan jang muddatidan oldin, to‘rtinchi raundda nihoyasiga yetdi. Chapaqay Soto uchinchi raundda xavfli jang qila boshladi va uning zarbalaridan biri tananing beldan pastki qismiga yo‘naltirildi, natijada jangni xotirjamlik bilan boshlagan Ahmadaliyev to‘rtinchi raundda barchasini yakunlab qo‘yishga qaror qildi - uning ketma-ket zarbalaridan keyin hakam to‘rtinchi raundning 1:56 soniyasida jangni to‘xtatib, texnik nokaut qayd etdi.

Ahmadaliyev g‘alabali seriyasini davom ettirdi. Bu g‘alabalarning oltitasida u raqiblarini nokaut qilgan.

«Umid qilamanki, bugun mening jangim barchaga yoqdi. Men Daniel Romanga qarshi jang uchun ko‘p mashg‘ulot o‘tkazgandim va yagona chempion bo‘lishga tayyorlangandim. Afsuski u jarohat oldi va ringga chiqa olmadi. 

Men ikki oy davomida qattiq mashq qilgandim. Umid qilamanki, jang barchaga manzur bo‘ldi va men bundan keyin ham shunday janglar o‘tkazishni va’da qilaman.

Men jang qilish uchun tug‘ilganman. Men hamisha, bugun ham, ertaga ham, istalgan vaqtda dunyoning istalgan nuqtasida ringga chiqishga tayyorman», deydi jangdan keyin Murodjon Ahmadaliyev.

Ahmadaliyev hamon WBA va IBF chempionlik kamarlari uchun majburiy da’vogar bo‘lib qolmoqda

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz