Узбек O'zbek
Manba: Kuper iste’foga chiqariladi, uning o‘rniga ikki nomzod ko‘rib chiqilmoqda
Juma, 13 Sentabr
21742

Argentinalik mutaxassis Ektor Kuper O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan iste’foga chiqariladi, yaqin vaqtlar ichida iste’fo haqida rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

Vaziyatdan xabardor manba Kun.uz’ga xabar berishicha, terma jamoa jahon chempionati 2-saralash bosqichini Falastinga qarshi mag‘lubiyat bilan boshlaganidan keyin O‘FA rahbariyati murabbiyni ishdan bo‘shatishga qaror qilgan.

Ayni vaqtda tomonlar shartnomani ikki tomonlama kelishuv asosida bekor qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Kuper bilan 2018 yilning 1 avgustidan 2021 yilning 30 noyabrigacha, JCH-2022 saralash sikli uchun shartnoma tuzilgandi va agar terma jamoa Qatarda o‘tkaziladigan mundialga yo‘llanma olsa shartnoma avtomatik tarzda turnir yakunigacha uzaytirilishi ko‘zda tutilgandi.

Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kuperning yillik maoshi miqdori 2 million yevro atrofida bo‘lgan.

Ayni vaqtda murabbiy bilan shartnoma muddatidan oldin bekor qilinishi uchun qancha miqdorda kompensatsiya to‘lanishi kerakligi bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Manbaning tasdiqlashicha, kompensatsiya miqdori shartnomaning qolgan muddati uchun belgilangan maosh miqdoridan ancha kam bo‘ladi.

O‘tgan vaqt mobaynida Kuper O‘zbekiston terma jamoasini 17 o‘yinda maydonga boshlab tushdi, bu o‘yinlarda 7 g‘alaba, 4 durang va 6 bor mag‘lubiyat qayd etildi. 2019 yilgi Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoasi nimchorak finalda Avstraliyaga penaltilar seriyasida yutqazdi (0:0, 2:4).

Ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda terma jamoa bosh murabbiyi lavozimi uchun ikki nomzod ko‘rib chiqilmoqda: 2017 yildan buyon «Paxtakor»da ishlayotgan Shota Arveladze va hozirda «Bunyodkor»ni boshqarayotgan Vadim Abramov. 

Qayd etish kerakki, 2018 yilda Kuper terma jamoaga olib kelinishidan oldin Arveladze ham terma jamoa bosh murabbiyligiga nomzodlar qatorida ko‘rilgandi.

Shuningdek, O‘FA 2018 yilgi jahon chempionatiga Eron bilan borgan Karlos Keyrush bilan ham muzokaralar olib borgandi. Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, portugaliyalik mutaxassis o‘shanda yiliga 8 million yevro miqdorida maosh so‘ragan.

Vadim Abramov esa o‘z vaqtida O‘zbekiston terma jamoasini boshqargan, u 2010 yil aprelida terma jamoa boshqaruviga kelib, 2011 yil yanvarida Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida terma jamoani musobaqa yarimfinaliga olib chiqqandi. Ammo terma jamoa 2014 yilgi jahon chempionati saralashini Eronga qarshi 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat bilan boshlagach iste’foga chiqarilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston futboli tarixida murabbiylar uchun berilgan eng katta maosh braziliyalik Luis Felipe Skolariga tegishli bo‘lgan. U 2009-2010 yilgi mavsumda Toshkentning «Bunyodkor» jamoasida ishlaganida, unga shartnoma bo‘yicha 12 million dollardan ortiq yillik maosh belgilangandi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz