Узбек O'zbek
O‘zbek futboliga mos kelmagan Kuper va «diktator» Fergyuson haqida — Nikimbayev bilan intervyu
Payshanba, 12 Sentabr
11146

O‘zbekiston milliy jamoasi JCH-2022 saralashini sharmandali mag‘lubiyat bilan boshlaganidan so‘ng ko‘pchilik Ektor Kuper iste’foga chiqishi kerakligi haqida gapira boshladi. Bunday vaqtda futbol mutaxassislari nima fikrda ekani ko‘pchilikka qiziq. Shu bois, ayni damda Qatar futbol assotsiatsiyasida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev bilan suhbat uyushtirdik. Nikimbayevdan nafaqat Kuper haqida, balki O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faoliyati, u muxlislik qiladigan «MYU» klubi haqida ham so‘radik.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2022 saralash bosqichini muvaffaqiyatsiz boshladi. Nima deb o‘ylaysiz, Ektor Kuper milliy terma jamoamizga qaysi jihatdan mos kelmadi?

— Kuperning uslubi nafaqat bugungi milliy jamoaga, balki butun o‘zbek futboliga mos kelmadi, deb o‘ylayman. Chunki bizning futbolchilar doim hujumkor o‘yinni yaxshi ko‘rgan. Kuper esa himoyaviy futbolni olib keldi. To‘g‘ri, bugungi kunda futbol faqat hujum yoki faqat himoyadan iborat emas, jamoada balans bo‘lishi kerak. Kuper tanlagan uslubni xato deb ham bo‘lmaydi, chunki bu uslub unga faoliyati davomida muvaffaqiyat ham keltirgan, lekin tan olish kerak, bu uslub bizga mos kelmadi. Shaxsan men Kuperning uslubini eskirgan deb bilaman.

O‘tgan yil milliy terma jamoamizning sobiq a’zolaridan biri bilan gaplashgandik va suhbat davomida Kuper «Valensiya»da ham xuddi hozirgi kabi uslubni tanlaganini muhokama qilgandik. Lekin o‘sha «Valensiya»da bunday uslub uchun yetarli futbolchilar bo‘lgan, qaysidir ma’noda klubning o‘zi himoyaviy o‘yinni yoqlagan. Kuperni O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi deb tanlaganlar mana shu jihatni o‘ylab ko‘rishmagan ko‘rinadi. O‘zi Kuper kutilmaganda milliy jamoaga olib kelindi. Esingizda bo‘lsa, avvaliga uni olib kelish haqida gap-so‘z ham yo‘q edi. Asosan Karlos Keyrush haqida gapirildi, keyin 10 kishilik ro‘yxat e’lon qilindi va unda Keyrush ham, Kuper ham yo‘q edi. Umid Ahmadjonov jahon chempionatida ishlagan murabbiyni olib kelaman degani uchungina Kuper kelgandek go‘yo. Ular boshida Dalichni (JCH-2018 finaliga chiqqan Xorvatiya bosh murabbiyi) ham olib kelishmoqchi edi, masalan. Jahon chempionatida 32 nafar murabbiy ishlagan bo‘lsa, ulardan kimlar ishdan ketdi, kimlar qolganini bilasiz (Kuper Rossiyadagi jahon chempionati tugamasidan Misr milliy jamoasidan iste’foga chiqarilgandi. Misrliklar o‘shanda Rossiya, Urugvay va Saudiya Arabistoni terma jamoalariga qarshi o‘yinlarning barchasida mag‘lub bo‘lib, guruhda so‘nggi o‘rinni egallashgandi). Menimcha, Kuperni olib kelganlar u bizning futbolga mos keladimi-yo‘qmi deb o‘ylamagan.

Hozirda Qatar futbol assotsiatsiyasida ishlayapsiz. Nima deb o‘ylaysiz, ularning aynan qaysi ijobiy tarafini o‘zlashtirishimiz kerak?

— Qatardan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsa bu – tizim. Buni Feliks (Qatar bilan 2019 yilgi Osiyo Kubogida g‘olib bo‘lgan Feliks Sanches) misolida ko‘rishimiz mumkin. U Qatarga 2005/06 yilgi mavsumda kelgan. Sanches qatarlik futbolchilarni ba’zi mahalliy murabbiylardan ham yaxshiroq biladi. Bu murabbiy «Aspire» akademiyasida ishlagan. Bu akademiyada Qatarning eng yaxshi futbolchi bolalari tanlab olinadi va ular keyinchalik ham mashg‘ulotlarni asosan shu akademiyada o‘tkazadi. Faqat o‘yindan oldin klub ixtiyoriga borib qo‘shilishadi. Lekin bu tizim O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmasligi aniq, chunki Qatar bu kichik joy. U yerda shahardan shaharga borib kelish oson. Masalan, qoraqalpog‘istonlik bola haftada bir necha marta Toshkentga borib kela olmaydi.

Ammo Qatardagi tizimdan andaza olsa arziydi. Feliksning avval yoshlar jamoasida ishlashi, keyin olimpiya jamoasiga va undan bosh jamoaga o‘tishi mana shu tizim samarasi. Qatar yoshlar jamoalari ham xuddi bosh jamoaniki bo‘lgani kabi falsafa bilan ishlamoqda. Shuningdek, Qatarda terma jamoalar markazi bor. Markaz bu shunchaki tashkilot emas, mana shunday joy bor. U yerda 7ta maydon, yotoqxona, xullas yashash uchun hamma sharoit mavjud. Milliy jamoa ham, olimpiya jamoasi ham yig‘in vaqtida o‘sha yerda yashaydi. Bir so‘z bilan aytganda, milliy jamoa hech kimga muhtoj emas.

Bugungi O‘FA, ya’ni Ermatov uchun avvalgi rahbarlardan qolgan 3ta muammo va 3ta yaxshi meros?

— Demak, yaxshilaridan boshlasak. Birinchi yaxshi meros marketing bo‘ldi, buni tan olish kerak. Avval marketingga e’tibor bu darajada bo‘lmagan. Superliganing o‘z homiysi paydo bo‘ldi. Oldin ham homiylar bo‘lgan, lekin ular ichki homiylar edi. Ya’ni, futbol oilasidagi homiylar. Ammo Coca Cola yoki Pepsi rasman homiy sifatida paydo bo‘lgani bu juda yaxshi o‘zgarish.

O‘FA imzolagan memorandumlarni ham yaxshi o‘zgarish sifatida keltirish mumkin, ammo bu memorandumlarning ishlatilmayotgani yaxshi emas. Masalan, O‘FA hamda Qatar futbol assotsiatsiyasi o‘rtasida ikki yil avval memorandum imzolanganiga qaramay, aytarli ish qilinmadi. Faqat bir marta O‘zbekistondan sanoqli shifokorlar Qatarga kelib-ketishdi, xolos. «Nasaf»ning yoshlar jamoasi «Aspire» jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi va bu o‘yinlarning aslida memorandumga aloqasi bo‘lmagan. Bu o‘yinlar «Nasaf», «As Sadd» va «Aspire» o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar sabab o‘tkazilgan.

Endi muammolarga kelsak. Birinchi katta muammo O‘FA tarkibi. Oldingi rahbariyat davrida ko‘plab mutaxassislarga javob berildi va ular o‘rniga futbolni tushunmaydigan odamlar keldi. Bu esa Ermatov oldida muammoni yuzaga keltirdi. Yangi rahbariyat ba’zi mutaxassislarni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, qaytardi. Hozir O‘FA tashkilotning yangi tarkibini tuzishga majbur bo‘lmoqda. Ikkinchi muammo bu reglamentlar. Ba’zi reglamentlar hatto OFK talablariga zid kelib qolgan. Yana bir katta muammo iqtisod bilan bog‘liq. To‘g‘ri, avvalgi rahbariyat pul olib keldi ham, lekin menimcha, oldingi rahbariyat pulni qayerga sarflaganini ham tekshirish kerak.

Ahmadjonov davrida OFK bilan aloqalar yomonlashdi. O‘tgan yil oktyabrda sodir bo‘lgan voqea o‘zbek futboli imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Hozirgi rahbar Ravshan Ermatovning OFKda o‘z obro‘si bor va u aloqalarni asta-sekin yaxshilamoqda. Eshitishimcha, 15 sentyabr kuni Shayx Salmon Toshkentga kelyapti, demak aloqalar chindan yaxshilanmoqda.

Siz 2017 yilda Ahmadjonov amalga oshirgan islohotlar, masalan, litsenziyalash orqali formatni o‘zgartirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagandingiz. Lekin keyinchalik bu masalaga skeptik yondasha boshladingiz. Fikringizni o‘zgartirishingizga nima sabab bo‘ldi?

— To‘g‘ri, men boshida buni qo‘lladim. Men birinchi navbatda formatni emas, litsenziyalashga jiddiy e’tibor berilganini qo‘llaganman. Aslida format futbol rivojlanishiga katta ta’sir qiladi deb o‘ylamayman. Format futbolni rivojlantirsa, Angliya ham 10ta kuchli jamoasini qoldirib o‘ynardi. Chempionatning ikki bosqichda o‘tishining o‘zi katta xato, chunki kuchli futbol mamlakatlarida bu narsa yo‘q. «Oltin ochko» esa butun dunyoda yo‘q. Oldingi rahbariyat litsenziyalash haqida juda ko‘p gapirgani bilan aslida litsenziyalash jarayoniga hech qanday e’tibor bermagan. Klublar yo‘q joydan Oliy Ligadan olib tashlandi, masalan «Mash’al». Lekin keyingi yil hech qanday litsenziyalashsiz boshqa jamoalarni Oliy Ligaga olib chiqishdi. Ya’ni, litsenziyalash faqat nomiga bo‘lgan.

Oddiy misol, hech qachon litsenziyalash talablarida klubning o‘z akademiyasi bo‘lishi kerak degan narsa bo‘lmagan. To‘g‘ri, futbol maktabi majburiy, lekin futbol akademiyasi majburiy emas. Ular hatto «Paxtakor»ni Qashqadaryodagi akademiya bilan bog‘lamoqchi bo‘lishdi. Yana takrorlayman, men boshida litsenziyalash bo‘yicha aytilgan gaplarni qo‘llaganman.

Falastinga mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z telegram-kanalingizda Ahmadjonovning O‘FAga rahbarligi haqida keskin fikr bildirdingiz. Bunga nimalar sabab bo‘ldi? Chindan ham futbolga aloqador bo‘lmagan kishining rahbarligi O‘FA uchun foydadan ko‘ra ko‘proq zarar bo‘ldi deb hisoblaysizmi?

— Har kimga qilgan ishlari bilan baho berish kerak. Umid Ahmadjonov futbol odami bo‘lmagan birinchi rahbar emas. Masalan, Zokirjon Almatov va Mirabror Usmonov ham futbol odami emasdi. Usmonov davrida ham, Almatov davrida ham ular futbol odami bo‘lmasa-da, yonida futbolni tushunadigan odamlar o‘tirgan. Ahmadjonov davrida esa bunday bo‘lmadi. Bugungi kunda ham O‘FAning birinchi rahbari futbol odami bo‘lmasligi mumkin, ammo uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov atrofida futbolni tushunadiganlarni to‘plamoqda. Ya’ni, tashkilotda futbol odamlari ko‘payib, avhol yaxshi tomonga o‘zgara boshladi.

O‘FAda rahbarlik lavozimlaridan birini egallaganingizda, ishni nimadan boshlagan bo‘lardingiz?

— Menimcha, bu savolga javob berish Ermatov jamoasiga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Qanday taklifim bo‘lsa, Ravshan Ermatovning o‘ziga bildiraman va bildiryapman ham. Shu bois bu savolga javob bera olmayman.

Mahalliy murabbiylardan kimni bugungi milliy jamoadagi og‘ir ahvolni o‘nglashga qodir deb o‘ylaysiz?

— Mahalliy murabbiylardan kimdir ayni damda holatni yaxshilay oladi, deb ayta olmayman. Menga qolsa, Kuperni vaqtincha qoldirish kerak. Chunki yana shoshib qaror chiqarish to‘g‘ri emas. Lekin «Bo‘ldi, bugun Kuper ketadi», deyishsa, xorijdan murabbiy olib kelgan bo‘lardim. «Yo‘q, faqat mahalliy murabbiy kerak», deyishsa, hozir ko‘pchilik Abramovni gapiryapti va menimcha, boshqa nomzod ham yo‘q.

Messi kuchlimi Ronaldu?

— Ikkalasi ham dunyoning eng yaxshi ikki futbolchisi. Ular deyarli teng deb o‘ylayman. Lekin «MYU» fanati bo‘lganim uchun Ronalduni tanlayman.

 «MYU»ga muxlislik qilishingizdan kelib chiqib shu jamoa haqida so‘rasak. Jamoa nega o‘nglanmayapti, nima yetishmayapti? Sulsher qilayotgan ishlaridan qoniqasizmi, u to‘g‘ri yo‘ldami?

— Menimcha, «MYU» muammolari Fergyuson davridanoq boshlangan. Fergyuson «MYU»da faoliyatini boshlagan 80-yillarda futbolning o‘zi boshqacha edi. Masalan, bugungi kunda biror murabbiyning bu qadar uzoq vaqt «diktatorlarcha» jamoani boshqarishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Olaylik, Venger ham «Arsenal»da uzoq vaqt ishlaganidan keyin bu jamoada muammolar kelib chiqdi. Oldinlari klublarda kim prezident ekanini bilishmasdi ham, bugun esa klub prezidentlarini hamma taniydi, ular klubdagi asosiy odamga aylanishgan.

«Tottenhem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino matbuot anjumanlaridan birida «Kechirasiz, men transferlarga javob beradigan menejer emasman, bu uchun mening rahbarlarim bor», degandi. Oldin ham klublarda rahbar bo‘lgan, ammo ular barchasini murabbiyga ishonib topshirardi. Bugun esa bunday emas. Fergyuson kelgan vaqtda klubda sport direktori ham bo‘lmagan. Hozir esa klublarda sport direktori juda muhim inson. Fergyuson «MYU»da ham sport direktori, ham murabbiy, ham menejer bo‘lgan. Shuning uchun hozircha «MYU» transferlar oynasida raqiblariga yutqazmoqda.

Ikkinchi muammo Mourinoning kelishi bo‘ldi. Mourino jamoaga kelganida ham tanqid qilganman va uning qo‘l ostidagi jamoaning o‘yinlari men haq bo‘lganimni isbotladi. Mourino asosiy e’tiborni asosiy jamoaga qaratdi va o‘sha asosiy jamoada muammo paydo bo‘ldi. Uning qo‘l ostida «Chelsi» va «Real»da ham ichki muammolar bo‘lgan. U hatto ayol shifokor bilan urishishgacha borgandi.

Mourino yoshlarga umuman e’tibor bermadi. Masalan, «MYU»ning yoshlar jamoasi 3 yil oldin Angliya chempioni bo‘lgandi. Keyini yil ular ikkinchi ligaga tushib ketib, hamon quyi ligada o‘ynamoqda. Chunki Mourino kelgan yili jamoa 10 nafar yosh futbolchidan voz kechdi. Vaholanki ular APLda kamida bittadan o‘yinda qatnashgan futbolchilar edi. Bunday futbolchilarning ketishi esa yoshlar jamosiga kuchli zarba bo‘ldi. Bugun klub yoshlar jamoasini yangidan tuzishni boshladi. «MYU» yana yoshlar bilan ishlashni boshlagani quvonarli. «MYU» nafaqat Mourino borasida, balki boshqa murabbiylarni tanlashda ham adashdi deb o‘ylayman.

Shuhrat Shokirjonov suhbatlashdi

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz