Узбек O'zbek
Arda Turan 2 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi
Chorshanba, 11 Sentabr
14946

Transfer huquqi «Barselona»ga tegishli bo‘lgan, «Istanbul Bashakshehir» klubiga ijaraga berilgan turkiyalik yarimhimoyachi Arda Turan noqonuniy qurol saqlash, tungi klubda qasddan hujum qilish va to‘pponchadan o‘q otishda ayblanib, 2 yilu 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda BBC nashri xabar tarqatdi. Shu bilan birgalikda, havbek «Jinsiy zo‘ravonlik» moddasi bo‘yicha oqlangan.

2018 yilning oktyabrida Turan mashhur turkiyalik qo‘shiqchi Berkay Shahin bilan sodir bo‘lgan voqeadan keyin 370 ming yevro miqdorida jarimaga tortilgandi. Futbolchi qo‘shiqchining rafiqasiga tegajog‘lik qilgan, shundan keyin futbolchi Shahinning burnini sindirgandi.

Futbolchi o‘shanda shifoxonaga borib, jabrlanuvchidan uzr so‘ragan. Turan shifoxonaga to‘pponcha olib borib, uni qo‘shiqchiga bergan va degan: «Men u sening rafiqang ekanini bilmagandim. Buning uchun kechir. Istasang, meni otib tashlashing mumkin». Qo‘shiqchi esa to‘pponchani qo‘liga olishni istamagandi.

Bu voqeadan keyin turkiyalik futbolchi 12,5 yil muddatga qamalishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

2017 yilning yozida Turkiya terma jamoasi ustozi Fotih Terim Arda Turanni o‘zi bilan bir samolyotda uchgan jurnalistni bo‘g‘ganidan keyin terma jamoadan chetlatgandi. Terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Mircha Luchesku uni terma jamoaga qaytarmasligini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng futbolchi terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan.

2018 yilning martida u rafiqasi haqida so‘ragan boshqa bir turkiyalik jurnalistga uning boshini olib tashlash bilan tahdid qilgandi.

2018 yilning mayida esa futbolchi chempionatning o‘tgan mavsumi 32-turi doirasida «Sivasspor»ga qarshi o‘yinda hakamga hujum qilgani uchun 16 o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi.

Ma’lumot uchun, Arda Turan 2018 yilning 11 martida Aslixon Do‘g‘anga uylangandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va rafiqasi nikoh marosimida guvoh sifatida ishtirok etishgan. 

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz