Узбек O'zbek
Nikimbayev: «Kuperning iste’fosi qimmatga tushishi mumkin, O‘FAda esa pul yo‘q»
Juma, 06 Sentabr
10378

Taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev JCH-2022 saralashida Falastinga (0:2) yutqazib qo‘ygan O‘zbekiston milliy jamoasi atrofidagi voqealar bo‘yicha o‘z fikrlarini aytdi.

«Natija men uchun noxush ko‘ngilsizlikka aylandi. Ektor Kuperning murabbiylik imkoniyatlariga nisbatan avvaldan salbiy fikrda bo‘lsam-da, futbolchilarimizning mahorati g‘alaba uchun yetarli deb o‘ylardim. Amalda bunday bo‘lmadi», - deb yozdi Nikimbayev o‘z telegram kanalida.

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, Kuperning iste’fosi va yangi bosh murabbiyning tayinlanishi O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi uchun juda qimmatga tushishi mumkin. Avvalgi rahbariyat esa O‘FA g‘aznasini bo‘shatib ketgan. 

«Endi O‘FA rahbariyati qiyin ahvolda. Ularga maqsad, vazifalar va milliy jamoa o‘yiniga mos kelmaydigan murabbiy avvalgi rahbariyatdan meros bo‘lib qolgan. Uni iste’foga chiqarish esa juda qimmatga tushadi.

Agar Kuperni ishdan olish kerak bo‘lib qolsa, pul zarur bo‘ladi. Bundan tashqari yangi murabbiy uchun ham pul kerak. Bilishimcha O‘FA g‘aznasida pul yo‘q. Chunki juda ham hashamatli hayot tarzini kechirgan avvalgi rahbariyat nafaqat Mirabror Usmonov O‘FA hisobida qoldirib ketgan 2 million dollarni, balki ikki yil ichida tushgan boshqa mablag‘larni ham sarflab yuborgan», - deb yozdi Nikimbayev.

Mutaxassis milliy jamoani kim boshqarishi mumkinligi haqidagi fikrlarini ham bayon qildi.

«Moliyaviy muammolar Kuperning o‘rniga mahalliy mutaxassisning tayinlanishiga olib kelishi mumkin. Futbolimizdagi deyarli barcha taniqli mutaxassislar bu lavozimda ishlab ko‘rgani, boshqalari esa ishlash uchun yetarli obro‘ga ega emasligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, milliy jamoani kim boshqarishi mumkin degan savolga javob topish oson bo‘lmaydi.

O‘FA rahbariyatining hozirgi vazifasi yangi murabbiyni tanlash paytida (bu ertami, kechmi baribir yuz beradi) avvalgi rahbariyatning xatosini takrorlamaslikdir.

Qaysidir nomzodni tanlashdan oldin milliy jamoaning kuchli va kuchsiz tomonlarini, kelajakda uning oldida qanday vazifalar va maqsadlar turishini, rivojlanish yo‘nalishi qanday ekanini, turli yoshdagi jamoalar o‘rtasidagi munosabatlar qanday bo‘lishini va nomzod bularning barchasiga qanchalik loyiq ekanini tushunib olish shart», - deb ta’kidladi Nikimbayev.

Mutaxassis murabbiy tanlashda o‘zi ishlagan Qatar Futbol Federatsiyasi tajribasidan foydalanishni taklif qildi.

«Misol tariqasida Qatar milliy jamoasi bosh murabbiyi Feliks Sanchesni keltirish mumkin. U Qatarga Aspire futbol akademiyasi loyihasiga asosan keldi. U yerda yosh futbolchilarga ispancha o‘yin uslubini singdirdi. Keyinchalik Qatar yoshlar jamoasi bilan 2014 yilda Osiyo chempioni bo‘ldi. 2017 yilda esa milliy jamoaga tayinlanib, 2019 yilda Osiyo Kubogini qo‘lga kiritdi.

Futbol federatsiyasining uzoqni ko‘zlagan holda olib boradigan ishi shunday bo‘lishi kerak – barcha yoshdagi terma jamoalar yagona o‘yin uslubi va rivojlanishning umumiy dasturi bilan bir-biriga bog‘lanishi kerak», - deb yakunladi Nikimbayev.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz