Узбек O'zbek
Top transferlarga baholar. Italiya
Payshanba, 05 Sentabr
6877

A Seriyaga ham yozgi transferlarda bir qator yulduzlar kelib qo‘shildi. Quyida ushbu transferlarning asosiylari haqida.

ROMELU LUKAKU (Manchester Yunayted – Inter) – 65 million yevro

Konte «Chelsi»da ishlaganida ham Lukakuni jamoaga qaytarishga jiddiy harakat qilgandi, demak murabbiy sistemasi uchun juda mos futbolchi olib kelindi. Murabbiy transfer narxi qoniqarli bo‘lganini aytmoqda, Lukaku esa, unga javoban ortiqcha vaznni yo‘qotdi, gol urishni boshladi va muhitni o‘zgartirish zarur bo‘lganini aytmoqda.

«MYU» ikki yil oldin «Everton»ga to‘laganidan kamroq pulga ega bo‘ldi. Sulsher yakunda markaziy himoyachi ampluasida tajribaga ega bo‘lmagan Reshford va Marsiyal bilan qolayotgan bo‘lsa-da, bu transferga qarshi bo‘lmadi. Inglizlar uchun bu ishonch qanday yakun topishi hozircha noma’lum. Belgiyalik futbolchi esa Italiyada ishonchni oqlashni boshladi – 2 o‘yin va 2 gol.


ALEKSIS SANCHES (Manchester Yunayted – Inter) – ijara

Aleksis Sanches ko‘p yillar o‘tib yana Italiyaga qaytdi. Aytish mumkinki, u Angliyaga kirishib keta olmadi, hatto «Arsenal»da ham Sanches ko‘p vaziyatlarni individual mahorati evaziga hal qilgan, jamoa o‘yiniga kirishib ketishda muammolar bo‘lib, jamoa muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. «MYU»da undan yomonroq, maydonda ham muammolarga duch keldi.

Chili tarkibidagi o‘yinlar ko‘rsatmoqdaki, agar qulay shartlar bo‘lsa, Aleksis hali ham yomon emas. Bu tomondan Italiyada unda muammo kam bo‘ladi. Konte bunday o‘yinchilarga maydonga joy topib berishga usta. Esingizda bo‘lsa, juda tartibli va himoyaviy «Chelsi»da ham u Azarga erkinlik bera olgandi. Sanches ham xuddi shunday qurol bo‘lishi mumkin.

Sanchesning maoshining qariyb yarmi manchesterliklar tomonidan to‘lanadi. Inglizlarning bunga rozi bo‘lishganiga yagona sabab – «Inter»da sotib olish opsiyasi mavjud emas. Demak, agar Sanches Italiyada o‘ynab ketsa, «MYU» transferdan yutishi mumkin. Manchesterda turib, uning narxi oshmasligini hamma bilib turgandi.


MATTEYS DE LIGT (Ayaks – Yuventus) – 85,5 million yevro

De Ligt – Yevropaning eng umidli va universal himoyachilaridan biri. U yakkakurashlarda ham, pozitsion hujumlarda ham foydali futbolchi. De Ligtsiz ham «Yuventus»da juda yaxshi markaziy himoyachilar bor edi, shunchaki, turinliklar bu transfer orqali, klubning transfer bozorida raqobatbardosh ekanini ham ko‘rsatib qo‘yishdi. Axir futbolchi uchun deyarli barcha top-klublar kurashayotgandi.

Ronalduning transferida bunday omil bo‘lmagan, aynan de Ligtning katta raqobat ostida qo‘lga kiritilishi «Yuventus»ning buyuklik ramzi bo‘lib qoladi.


AARON REMZI (Arsenal – Yuventus) – erkin agent. 

Frenk Lempard usulida yarim himoyadan jarima maydoniga kirishda tengsiz futbolchilardan biri. Bu esa, Ronalduga qo‘shimcha qulaylik tug‘diradi, himoyachilar endi hujumchini ko‘zdan qochirishlari mumkin. Remzi yaxshigina maosh evaziga o‘tgan bo‘lsa-da, «Yuventus»ga kerakli futbolchi edi.

«Arsenal» uchun bu xato. Remzi boshida Emerining rejalariga kirmadi va Turin klubi bilan kelishib qo‘ydi. Bahorga borib, u jamoaning juda muhim futbolchilaridan biriga aylanganda esa, poyezd ketib bo‘lgandi.


ADRIEN RABO (PSJ – Yuventus) – erkin agent

Raboning o‘tishi biroz tushunarsiz. Bu xuddi «Yuventus» saviyali erkin agentlarni yig‘ib olish odatidan voz kechmaganini ko‘rsatayotgandek. Tabiiyki, Rabo ham jamoa uchun juda foydali bo‘lishi mumkin, ammo aynan hozir u uchun jamoada aniq rolni ko‘rish qiyinchilik tug‘diradi. «PSJ» esa, eng muammoli futbolchidan qutuldi. Ha, uning oldida hatto Neymarning qiliqlari ham hech narsa emasdi.

Transfer qiymati bo‘lmagani tufayli, Raboning shartnomasi ancha baland – futbolchi maosh bo‘yicha Ligada uchinchi o‘rinni band etgan.


DIEGO GODIN (Atletiko – Inter) – erkin agent 

«Atletiko» Diyego Simeone davridagi eng yaxshi himoyachisini yo‘qotdi. Hatto shu yoshda ham Godin asosiy tarkibda foydali bo‘lishi mumkin edi. Simeonening uslubi Godinning eng yaxshi xislatlarini (yakkakurashlar, jarima maydonidagi o‘yin, vaziyatni baholash) yuzaga chiqargan bo‘lsa, kamchiliklarini (yuqori himoyalanish, birinchi pas) yashirar edi.

Godinni Kontening «Inter»ida kuzatish qiziq, ammo ba’zi hadiklar bor. Birinchidan, endi uning kamchiliklari oldingidek yashirilmasligi shubhasiz. Ikkinchidan, «Inter» uch himoyachili sxemada o‘ynamoqchi, Godin esa, bunga o‘rganmagan. 33 yoshli futbolchi moslasha olarmikin?


KOSTAS MANOLAS (Roma – Napoli) – 36 million yevro 

Manolas qaysidir ma’noda Albiolga o‘rinbosar bo‘ladi. U Anchelotti uslubiga ko‘proq mos keladi, hatto. Umuman, bu transfer «Napoli»ning Sarri uslubidan Anchelottiga o‘tishini ajoyib tarzda ifodalaydi. Albiol o‘rniga Manolas kelmoqda, shuningdek, Sarri davrida yaxshi o‘yin ko‘rsatib, Karloga to‘g‘ri kelmagan Amadu Diavara «Roma»ga o‘tib ketyapti.

Bu kelishuvda «Roma» ham yutyapti. Yaxshigina pul bilan bir qatorda, yangi murabbiy – Paulo Fonseka uslubiga mos bo‘lmagan himoyachi o‘rniga, boshqa, mosroq futbolchi kelmoqda.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz