Узбек O'zbek
Top transferlarga baholar. Germaniya
Payshanba, 05 Sentabr
2611

Bundesligada asosan ichki transferlar ro‘y berdi. Lekin bu safar asosiy xaridor «Bavariya» emas, «Borussiya» bo‘ldi. Myunxenliklar esa asosiy transferlarni xorijdan amalga oshirdi. Quyida Germaniyadagi yozgi transferlarning asosiylari haqida.

FILIPPE KOUTINO (Barselona – Bavariya) – 8,5 million yevro ijara haqi

«Bavariya» Koutinoni sotib olishga majbur emas, «Barselona» ham futbolchi uchun maosh to‘lab yurmaydi. Hamma xursand.

Koutino o‘zi kabi futbolchiga muhtoj bo‘lgan top klubda navbatdagi imkoniyatga ega bo‘ladi. O‘tgan yili bu funksiyani Xames Rodriges bajarishi kerak bo‘lgandi. Koutinoda buning uchun yaxshi imkoniyat bor, ammo Xames darajasida yordam bera oladimi, bu masala hali ochiq qolmoqda. Chunki braziliyalik futbolchi ko‘proq individual mahorat sohibi, uning ketishi «Liverpul»da aynan jamoaviy futbolni kuchaytirgandi. 


LYUKA ERNANDES (Atletiko – Bavariya) – 80 million yevro

Jarohati bor futbolchi uchun rekord darajada pul to‘lagan «Bavariya» yaxshigina risk qilyapti. Ernandes juda katta salohiyatga ega, markaziy himoyada ham, chap qanotda ham o‘ynay oladi, ammo uning faoliyatida hali biror to‘liq mavsum yo‘q. Raqobat va jarohatlar tufayli.

Lyukaning hujumlarga qo‘shilishi ham o‘ta yuqori emas. 80 million yevro esa, rang-barang qobiliyatlarga ega bo‘lgan futbolchilarga to‘lanadi. To‘g‘ri, «Atletiko» kelajakda juda foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan futbolchidan ayrildi, ammo «Bavariya» to‘lagan narx ham keragidan ortiq.


BENJAMEN PAVAR (Shtutgart – Bavariya) – 35 million yevro

Ko‘p jihatdan Ernandesga o‘xshab ketadi. U ham markaziy himoyani, ham o‘ng qanotni yopa oladi. U ham jahon chempionatida Fransiya tarkibida harakat qilgan, shuningdek, xuddi Ernandes kabi, asosan himoyada foydali, hujumga kam qo‘shiladi.

Farq shundaki, Pavar allaqachon Germaniyada uch yil tajriba to‘plab ulgurgan va transfer qiymati ham ancha past. «Shtutgart» uchun ham foydali narx – ingliz klublarinng Bundesliga bozoriga kirib kelishi «Bavariya»ning ishini ancha qiyinlashtirdi, endi myunxenliklar liga yulduzlarini osonlik bilan qo‘lga kirita olishmayapti.


MATS HUMMELS (Bavariya – Borussiya D) – 30,5 million yevro 

«Bavariya» o‘zining asosiy raqobatchisiga asosiy himoyachisini berishga majbur bo‘ldi. Hummels har tomonlama bugungi dortmundlik himoyachilardan ancha kuchli, buning ustiga yetakchilik xususiyatiga ega. Hummelsning Dortmund klubi bilan yaxshi tanish ekani ham qo‘shimcha bonus sifatida xizmat qiladi.


TORGAN AZAR ( Borussiya M – Borussiya D) – 25,5 million yevro

Azar so‘nggi mavsumlarda Bundesliganing eng yaxshi va barqaror hujumkor yarim himoyachilaridan biridir. Ba’zi xislatlari bilan akasi Eden Azarni yodga solsa-da, u masalan, chap qanotga bog‘lanmagan, o‘ng qanotda ham foydali bo‘la oladi. Dortmundda u aynan chap qanotdagi pozitsiya uchun raqobat qilsa kerak, chunki o‘ng qanot Jeydon Sancho tomonidan band qilingan.

Torgan allaqachon o‘sishga tayyor bo‘lgan, ammo Lyusen Favrning biroz pragmatik uslubidan jabr chekishi ham mumkin. «Borussiya» hozir Klopp yoki Tuxel davridagidek, o‘yinlarda ustunlik namoyish qilmayapti. Dortmundda hozir juda ko‘p hujumkor futbolchilar – Gyotse, Roys, Sancho, Brandt, Azarlar uch pozitsiya uchun kurash olib borishadi. Ularga bir vaqtda maydonga joy topib berish uchun Gvardiola bo‘lish kerak, Favr emas. Aynan shu sabab bilan Kristian Pulishich tarkibdan chetda qolgandi. Eng yaxshi variantda Azar jamoaning muhim bo‘lagi bo‘lib qoladi, bu amalga oshmagan taqdirda ham, bu transfer Dortmund tarkibini kuchaytirdi, shubhasiz.


YULIAN BRANDT (Bayer – Borussiya D) – 25 million yevro

«Bayer»ga Peter Bos kelgach, Brandt yarim himoya markazidan joy oldi va ikkinchi davrada eng yaxshilardan biri bo‘ldi. «Borussiya» futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘ladi va uni qo‘lga kiritdi. Chempionlar Ligasi oldidan «Bayer» uchun katta yo‘qotish.

Brandt Torgan Azarga nisbatan kuchliroq va universalroq, shuning uchun Favrning har qanday sxemasidan joy topa olsa kerak. Dortmundliklar uchun ajoyib transfer. 

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz