Узбек O'zbek
Top transferlarga baholar. Angliya
Payshanba, 05 Sentabr
7310

Yevropada «kuchli beshlik» jamoalari yozda shov-shuvli xaridlarni amalga oshirdi. Angliyada ham har safargidek yozgi transferlar qizg‘in kechdi. Quyida ularning asosiylari haqida fikr yuritiladi.

HARRI MAGUAYR (Lester – Manchester Yunayted) – 87 million yevro.

«Chelsi»ga qarshi o‘yindagi ajoyib debyut himoyachi uchun juda yaxshi istiqbolni namoyish qilgandi, ammo baribir, biroz xavotir bor. Avvalo, barcha top-klublar kabi, yuqori chiziqda himoyalanishda Maguayrda muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Buning ustiga jamoa yosh ekani va o‘zaro tushunishlar darajasi maromiga yetmagani uchun sarflangan summa birdaniga oqlanishiga ishonish qiyin. Shu nuqtai nazardan, Virjiyl van Deykning xaridi yanada aniqroq bo‘lgandi – u ancha tayyor jamoaga yetishmayotgan qism sifatida sotib olingandi. Manchesterda esa, barcha chiziqlarda jamoa endi shakllanmoqda.

Bu kelishuvda ko‘proq «Lester«» yutdi, deyish mumkin. Klub eng boshida qo‘yilgan narxda qat’iy turdi va yakunda o‘sha pulni oldi. Transfer qiymatini tushirish niyatida vaqtni imkon qadar kechiktirgan «Manchester Yunayted» esa, baribir barcha shartlarga ko‘ngan holda, futbolchini Karringtondagi mavsumoldi yig‘inlarisiz qoldirdi.

NIKOLYA PEPE (Lill – Arsenal) – 80 million yevro

Uzoq vaqt Uilfrid Zaaga «oshiq bo‘lgan» «Arsenal» birdaniga e’tiborini Nikolya Pepega burdi va biroz qimmatroqqa, lekin ancha kuchliroq, universalroq futbolchini qo‘lga kiritdi. Londonliklar tomonidan aytish mumkinki, yaxshigina pulni Pepega sarflagan klub, natijada himoyani kuchaytira olmadi. Albatta, bu holatda Pepening aybi yo‘q va hujumchi ko‘p jihatdan Emeri jamoasi mos keladi.

Pepe uchun xavotirli jihat shundaki, u unchalik hujumkor bo‘lmagan murabbiy qo‘l ostiga keldi va shuningdek, bu jamoada Obameyang va Lyakazett bor. Himoyaga putur yetkazmasdan turib, har uch futbolchini tarkibga joylashtirish ancha dadillik talab qiladi. Pepe mavsumni juda yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, umuman, jamoa uchun eng kerakli murvat ekaniga ishonch hosil qilish uchun yana ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.

JOAU KANSELU (Yuventus – Manchester Siti) – 30 million yevro + Danilo

Kanselu Gvardiola uchun muhim taktik quroldir. Endi «Siti»da har ikki qanot himoyachilari hujumkor bo‘la oladigan rejim ham bor. Uokerni hujumkor deya olmaymiz va ko‘pincha, u hujumga uchinchi markaziy himoyachi sifatida qo‘shilardi. Kanselu hatto vinger sifatida ham yaxshigina tajribaga ega va xuddi Benjamen Mendi kabi butun qanot bo‘ylab o‘ynay oladi.

«Yuventus» uchun ham bu transfer juda o‘rinli. Maurisio Sarrida asosan o‘ng qanot himoyachilari chapdan ko‘ra himoyaviyroq bo‘lishadi. Xyusay yoki Aspilikuetani misol keltirish mumkin. Balki shuning uchun Sarri boshidan Kanseluni sotishni o‘ylagan. Himoyaviyroq o‘ng qanot tizimiga hatto Mattia de Shilo ko‘proq mos keladi. Klub ham pul oldi va bu talab uchun mosroq bo‘lgan Daniloni ham qo‘lga kiritdi.

JOVANNI LO CHELSO (Betis – Tottenhem) – 15 million yevro ijara + keyinchalik 40 million yevroga sotib olish opsiyasi

Levi juda yaxshi kelishuvni amalga oshirdi – Lo Chelso uchun to‘lanadigan transfer summasi kelasi yilga qoldirildi, ya’ni bir yil futbolchi ijara asosida to‘p suradi. Agar hammasi o‘xshab qolsa, klub u qadar katta bo‘lmagan pulga Kristian Eriksenga o‘rinbosar topgan bo‘ladi.

«Betis» uchun ham bu yaxshi pul, ammo Lo Chelso uchun adaptatsiya kutilganidan qiyinroq bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, Eriksen tarkibda qolgani bu jarayonni yanada sekinlashtiradi – Jovanni maydonda ko‘proq vaqt bo‘lishi uchun ancha ter to‘kishi lozim. Ilk kunlarda, hozircha Pochettino uning sport formasidan ko‘ngli to‘lmayotganini aytmoqda. Albatta, Lo Chelso Pochettino qo‘l ostida o‘ynab ketadi, ammo buning uchun vaqt kerak.

RODRI (Atletiko – Manchester Siti) – 70 million yevro

Rodri – ilk yillardanoq Gvardiola orzu qilgan tipdagi tayanch yarimhimoyachisi. Fernandino maydonda o‘z vazifalarini yaxshi bajarmoqda, hatto o‘ttizdan oshgan bo‘lsa-da, o‘sishga erishdi. Lekin aynan Rodri sistemaning muhim kaliti bo‘lishi mumkin – uni yangi Buskets deb atashmoqda. 

Ayniqsa, Fernandinoning jarohatidan so‘ng, aynan shu pozitsiyani to‘ldirish juda muhim sanalayotgandi. Yosh futbolchining jalb etilishi jamoadagi har tomonlama muvozanatni ta’minladi, deyish mumkin. «Atletiko» futbolchi uchun yaxshi pul olgan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumdagi eng barqaror va muhim figurasini yo‘qotdi.

TANGI NDOMBELE (Lion – Tottenhem) – 60 million yevro 

Musa Dembelening ketishi «Tottenhem»da chiziqlarni bog‘lash va sifatli pressing uyushtirishda muammolar keltirib chiqardi. Bunga javoban Maurisio o‘yin uslubini biroz o‘zgartirgan va yanada vertikal o‘ynashga harakat qildi. Ammo maydon markaziga doimiy ravishda javob bera oladigan nom yo‘q edi.

Ndombele ko‘p jihatdan Dembelega o‘xshab ketadi. Ayniqsa, raqib bosimida o‘zini yaxshi his qiladi, ko‘pchilikni o‘ziga tortgan holda, to‘pni yo‘qotmaydi va sheriklariga bo‘sh zonalarni ochib beradi. Aytish mumkinki, Ndombelening kelishi «Tottenhem» o‘yinini yanada kuchaytiradi va Pochettino yana eski, hujumkor uslubiga qaytadi. 

AARON VAN-BISSAKA (Kristal Pelas – Manchester Yunayted) 

So‘nggi oylarda ko‘pchilik Aaron Van-Bissakaning o‘ziga xos portretini chizishdi: himoyada o‘tib bo‘lmas qo‘rg‘on, lekin hujumlarga ko‘p qo‘shilmaydi. Bu ta’rifning aksi bo‘lgan Lyuk Shou bilan bilan sheriklikda futbolchi Sulsher uchun ayni muddaodek ko‘ringandi.

Ammo aslida bu haqiqatdan uzoqroq, Van-Bissaka hujumkor o‘ynay oladi, hatto u yoshlar jamoalarida vinger sifatida harakat qilgan, shunchaki, «Kristal Pelas»da bu rol Van Anholtga berilgani uchun Aaron ko‘proq himoyaga javobgar edi. Manchesterdagi ilk o‘yinlar ham buni isbotladi, Aaron yetarlicha hujumlar tashkil qilishda qatnashmoqda. Ammo bu ba’zi vaziyatlarda pozitsiyani yo‘qotib qo‘yishga ham olib kelyapti. Yaxshi tezlikka va jismoniy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan himoyachiga nisbatan e’tiroz yo‘q.

Umuman, natija nuqtai nazaridan «Manchester Yunayted» hamon muammolar girdobida bo‘lsa-da, Maguayr va Van-Bissakaning kelishi himoyadagi o‘yinni ancha tartibga solindi deyish mumkin. Masalan, to‘rt turdan so‘ng, APLda o‘z darvozasiga eng kam vaziyat yaratishga qo‘yib bergan jamoa «Yunayted» bo‘lib turibdi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz