Узбек O'zbek
Ektor Kuper: «Bitta o‘yindan keyin iste’fo haqida gapirish juda ham noo‘rin»
Payshanba, 05 Sentabr
12641

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper JCH-2022 saralashidan o‘rin olgan Falastinga (0:2) qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Futbolchilarim namoyish etgan o‘yindan aslo ko‘nglim to‘lmadi. Birinchi golni o‘tkazib yuborgunga qadar yomon o‘ynamayotgan edik. Lekin goldan keyin nima bo‘lganini rosti tushunmadim. Biz diqqat-e’tiborni va tartibni unutdik. Himoyada qator qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydik. Vaziyatni o‘nglash maqsadida maydonga yangi kuchlarni tushirdik. Ammo yakunda bu bizga naf keltirmadi.

Shuni aytishim joizki, biz endigina saralash bahslarini boshladik. Oldinda o‘yinlar hali ko‘p. Bugungi o‘yindan to‘g‘ri xulosa qilgan holda, kelasi o‘yinlarda g‘alaba qozonishga urinamiz.

Saralashda endi bittagina o‘yin o‘tkazdik, xolos. Bitta o‘yindan keyin iste’fo haqida gapirish juda ham noo‘rin, deb hisoblayman.

Falastinni qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Raqib bugun yaxshi o‘ynadi. Keyingi bosqichga yo‘l olish uchun barchada imkoniyat mavjud.

Saralashni g‘alaba bilan boshlash juda muhim edi. Lekin bugun afsuski unday bo‘lmadi. Yana bir bor ta’kidlayman, hali oldinda o‘yinlar ko‘p va qolgan o‘yinlarda maksimal ochkolarni to‘plashga harakat qilamiz.

Quvondiq Ro‘ziyev hamda Ikrom Alibayevning almashtirilishi ularning charchab qolgani bilan bog‘liq edi. Qolaversa, oldingi chiziqni kuchaytirish maqsadida Temurxo‘ja ham maydonga tushdi. Bilasizmi, birgina mag‘lubiyatdan fojea yasash to‘g‘ri emas. Hali oldinda o‘yinlar bor va faqatgina saralash bosqichi tugagandagina natijani to‘la tahlil qilsa bo‘ladi», - dedi mutaxassis.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz