Узбек O'zbek
Shomurodovning «fishka»si nimada? U yana qancha gol uradi? Rossiyaliklar o‘zbekistonlik hujumchi haqida
Dushanba, 02 Sentabr
22670

«Rostov» va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiya premer-ligasining 8-turida «Lokomotiv»ga qarshi kechgan va 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda dub qayd etib, gollari sonini 7taga yetkazgan holda turnir to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamga aylandi. «Sport Ekspress» nashri rostovliklar jamoasiga yaqin shaxslardan ushbu 24 yoshli futbolchi haqida fikrlarini so‘ragan.

— Shomurodovning «fishka»si nimada? Undan bu mavsumda shunday ko‘tarilish kutilganmidi?

Igor Gamula, «Rostov»ning seleksionerlari menejeri:
— Klub rahbarlari bu yigitchani vaqtida payqashdi, uni «Rostov»ga olishdi va asta-sekinlik bilan asosiy jamoaga o‘tkazildi. Umuman aytganda, uni yaxshi forvardga aylantirishdi. Ha, uning o‘zi ham ko‘p shug‘ullandi. U O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidaligida (2019 yilgi Osiyo chempionatidagi ishtiroki - tahr.) ko‘plab jamoalarning skautlari uni kuzatishni boshlashgandi — ayniqsa Osiyodagilar. Men unga Xitoydan takliflar bo‘lganidan xabardorman. U bizda qolgani va yanada o‘sgani juda zo‘r bo‘ldi. Uni to‘g‘ri tarbiyalagan Valeriy Georgiyevich Karpinga ham alohida minnatdorchilik bildirish kerak.

Hozir Eldor raqobatda Sigurdarssonni yengdi. Barchasi reja bo‘yicha ketmoqda. Kamtar, madaniyatli, yaxshi tarbiya ko‘rgan yigi. Uning «kuzirlari»? Ikkinchi qavatda juda yaxshi o‘ynaydi. Ha, pastda ham durust. Birga bir vaziyatda aldab o‘tishi mumkin, yuqori tezlikka ega, driblingi bor. Umuman olganda, unda Yevropa darajasidagi hujumchi bo‘lib yetishish uchun barcha kerakli sifatlar bor. Eng asosiysi esa o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan, butun fikri futbol bilan band bo‘lgan inson!

Dmitriy Kirichenko, «Rostov»ning sobiq hujumchisi va sobiq murabbiyi, Rossiya chempionatining 2002 va 2005 yilgi mavsumlaridagi eng yaxshi to‘purari:
— U maydonda ko‘p hajmdagi ishlarni qiladi, qora ishlarni qilishdan qaytmaydi. Qaysar. So‘nggi vaqtlarda unda golli vaziyatlardan foydalanish ko‘rsatkichi juda yuqori. Yigitning o‘ziga ishonchi baland. Bu esa forvard uchun eng muhim jihat.

Aleksandr Shikunov, «Rostov»ning sobiq direktori:
— O‘tgan yiliyoq bu ko‘p narsaga qodir, iste’dodli hujumchi ekani ma’lum bo‘lib ulgurgandi. Unga shunchaki bizning chempionat sharoitlariga moslashish uchun vaqt kerak edi. Hozir barchasi ortda qoldi. Bu yigit barcha kerakli sifatlarga ega — tezlik, vaziyatni his qilish, u hujumlar vaqtida vaziyatdan uzilib qolmaydi. Shularning barchasiga qo‘shimchasiga — u katta hajmdagi ish bajaradi. Bu forvardlarda kamdan-kam kuzatiladigan hodisa. «Rostov» taktikani o‘zgartirdi. Jamoa yanada hujumkorroq futbol namoyig eta boshladi— oldinda hali ko‘p imkoniyatlar turibdi.

— «Rostov»ning hozirgi yarimhimoya chizig‘i bilan Shomurodov to‘purarlar poygasida birinchi bo‘la oladimi?

Gamula: — Shomurodovning hozirgi sheriklari juda kuchli futbolchilar. Birgina Roma Yeremenko ko‘p narsani anglatadi. Yana Ivelin Popov ham bor. Bu yigitlar istalgan vaqtda, maydonning istalgan nuqtasidan turib uzatma oshirishi mumkin. «Rostov»ning qanotlari ham zo‘r ishlamoqda. Aleksey Ionov ham, Xorik Bayramyan ham.

Shomurodovga paslarni yetkazib berish ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmaydi — uning o‘zi vaziyatni his qilib bo‘sh zonalarga juda yaxshi ochiladi. Karpin «standartlar»ga, qanotlardan hujumlarga ko‘p e’tibor qaratmoqda. Uning uy vazifalari o‘yinlar vaqtida to‘g‘ri bajarilmoqda.

Kirichenko: — Ha, Eldor turnirning eng yaxshi snayperi bo‘lish uchun asosiy da’vogarlardan. Garchi hali oldinda juda ko‘p turlar bo‘lsada.

Shikunov: — Yeremenko Shomurodov uchun ko‘p vaziyatlar yaratadi. Roman forvardni juda yaxshi his qiladi. Xudo Eldorga gol urish qobiliyatini ato qilgan. Eslang, 1996 yilda chempionatning eng yaxshi to‘purari «Rostelmash» hujumchisi Aleksandr Maslov bo‘lgandi. O‘shanda uni Dmitriy Loskov golli paslar bilan ta’minlab turgan. Noboa bilan hamkorlikda Ozmun juda ko‘p gollar urdi, Jano pleymeykerligida — Dzyuba. Hozir esa Yeremenko bor. Maydon markazidagi bunday ijrochi bilan chindan ham mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘lish uchun real imkoniyat bor. «Rostov»ning yarimhimoya chizig‘i juda kuchli.

— Shomurodov bu mavsumda qancha gol urishi mumkin?

Gamula: — Buni aniq topish qiyin. Bu faqat Xudoga ayon. Men uni xafa qilishni istamayman. Qancha ursa ham — bu gollar bizniki bo‘ladi (kuladi). Umid qilamanki, u eng yaxshi bombardir bo‘ladi.

Kirichenko: — Agar shu ruhda davom etsa bemalol 20ta gol ura oladi.

Shikunov: — Agar shu tarkib saqlanib qolsa, uning o‘zi ham ketmasa mavsum oxirigacha 20tadan ortiq gol urishi mumkin.

— Shomurodov Rossiya emas, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi ekani sizni xafa qilmaydimi?

Gamula: — O‘zimizda ham yaxshi hujumchilar bor. Smolov, Dzyuba, Chalov. Nega tirnoqni tishlash kerak? Bu odam O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘z vatani uchun o‘ynaydi. Bu yerda barchasi tushunarli. Biz shunchaki Eldor «Spartak» yoki SSKA klubiga emas, bizga, «Rostov»ga kelgani uchun xursand bo‘lishimiz kerak. Bu yerda uni juda yaxshi qabul qilishdi, muxlislar uni sevib ardoqlashadi. Shomurodov ham bu yerda o‘zini juda yaxshi his qilmoqda.

Kirichenko: — U Rossiyaga O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi futbolchisi sifatida kelgan. Bu mavzuni muhokama qilishdan ma’no yo‘q. Albatta, u hozirgi formasida bizning terma jamoaga asqatgan bo‘lardi. Cherchesov esa terma jamoaga biznikilardan Ionovni chaqirdi. Aleksey va Eldorning funksiyalari o‘xshash. Ikkisi ham shiddatli, tezkor.

Shikunov: Unaqada Messida Argentina fuqaroligi borligi uchun ham afsus qilishga to‘g‘ri keladi (kuladi). Bu o‘zgarmaydi. O‘zbek futbolchisi Rossiyada shunday yorqin o‘yin ko‘rsatayotgani ajoyib.

— Stanislav Cherchesov terma jamoaga Dzyuba, Smolov va Komlichenkoni chaqirdi. Shomurodov hozirgi holatida bu forvardlar bilan raqobatlasha oladimi?

Gamula: — Bir xil forvardlar bo‘lmaydi. Har bir hujumchining o‘ziga xos kuchli jihatlari bo‘ladi. Shomurodov — zamonaviy futbolning o‘ziga xos xususiyatlarga ega hujumchisi bo‘lib, yuqorida ham, yerda ham samarali o‘ynay oladi. Men uni hech kim bilan solishtirmagan bo‘lardim.

Kirichenko: — Shomurodov uslub jihatidan — Dzyuba va Komlichenkoga o‘xshamasligi aniq.  Eldorning funksiyalari mutlaqo boshqacha. U ko‘proq Smolovga o‘xshashib ketadi. Ayni vaqtda Eldor saviya jihatidan premer-ligadagi istalgan hujumchi bilan raqobat qila oladi.

Takrorlayman, uni Dzyuba va Komlichenko bilan taqqoslamaslik kerak — ularning o‘yinlari bir-birinikidan farq qiladi. Ozmunmi? Ayni vaqtda Shomurodov undan kuchsiz emas. Serdar  ham istalgan vaqtda «aniq nishonga oladi». Eronlik futbolchining o‘yini bir ochilsa, u ajoyib seriya qayd etishi mumkin. Shunday ekan, men uni to‘purarlar poygasidan erta chiqarib yubormagan bo‘lardi. Chalov ham Shomurodovga o‘xshash. Ularning antropometrik ma’lumotlari ham deyarli bir xil. Hozir hamma ularni bir-biriga taqqoslamoqda.

Shikunov: — Men parallellar o‘tkazishni istamagan bo‘lardim. Shomurodov, «Krilya Sovetov»dagi Sobolev kabi hozir avj pallasida. Bu futbolchilar o‘zini ko‘rsatayotganiga atigi ikki oy bo‘ldi. Smolov va Dzyuba esa tajribali futbolchilar. Shomurodovni hali ko‘p vaqt kuzatish kerak, masofadan turib. Avgustdan keyin uning barqaror o‘yini to‘xtab qolishini istamasdim.

— «Rostov» hozir «Krasnodar» va «Zenit» bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Bu uzoq davom etadimi?

Gamula: — «Rostov» yorqin, hujumkor futbol namoyish etib, ko‘p gol urmoqda. To‘g‘ri, o‘tkazib yuborilayotgan gollar soni ham kam emas. Muxlislarga shunday o‘yinlar yoqadi. Qaysi soldat general bo‘lishni istamas ekan? Ishtaha ovqat mahali keladi.

Kirichenko: — «Rostov» o‘tgan yili ham yomon boshlamagandi. Hozir jamoa sxemani o‘zgartirgan. «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi g‘alabalar jamoa futbolchilariga ishonch baxsh etadi. O‘ylaymanki, donliklar — yevrokuboklarga yo‘llanma uchun asosiy da’vogar. Aniq bir o‘rinni aytgim yo‘q.

Shikunov: — Bashorat qilib bo‘lmaydi. Eng asosiysi, hozirgi «Rostov» sifatli futbol namoyish etmoqda, chindan sifatli. Maydonda nafaqat kurash kechmoqda, balki yorqin va chiroyli o‘yin ham ko‘rmoqdamiz!

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz