Узбек O'zbek
Messi vs Ronaldu: bu so‘nggi raundmi?
Payshanba, 29 Avgust
14839

Bugun Chempionlar ligasi guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi vaqtida o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchilari ham taqdirlanadi. Asosiy sovrin - «Kumush futbolka»ga Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu va Virjiyl van Deyk da’vogar. Leo va Krishtianu — har doimgiday. Bu oxirgi safarmi? Sport-Ekspress kolumnisti shu haqda to‘xtaldi.

U tabassum qildi, u jiddiy qiyofa bilan uning qo‘lidan tutib yurdi. Danni Koster va Jordi Kroyf. Yoxan Kroyfning bevasi va uning o‘g‘li. Ular seshanba oqshomida «Barselona»ning boshqa ko‘plab vakillari bilan birga buyuk niderland futbolchisi sharafiga nomlangan stadionning ochilishida qatnashishdi.

Yoxan Kroyf kechagina yevrokuboklarning navbatdagi mavsumi arafasidagi tadbirlarda qatnashib yurardi. Tirik va yangi g‘oyalar bilan. Keyin u dorilbaqoga rixlat etdi. Ammo undan nom, meros, futbol falsafasi qoldi.

Shuningdek, uning g‘oyalarini amalda qo‘llaydigan murabbiylar va futbolchilar. Ulardan biri — Messi. U ko‘p yillardan buyon paslarga asoslangan aqlli va chiroyli futboli bilan muxlislarni xursand qilishdan charchamay kelmoqda.

Va uning asosiy raqobatchisi Ronaldu ham millionlab muxlislarni futbolga mahliyo qilib kelmoqda, hamma kim zo‘rroqligi — argentinalikmi yoki portugaliyalik — bahs olib boradi.

Albatta, yana boshqa futbolchilar ham bor — Janluiji Buffon, Luis Suares, Frank Riberi, Garet Beyl, Antuan Grizmann... Hamisha duyetga bir futbolchi qo‘shilib trio hosil qilib kelgan. Ammo ular emas, aynan Messi va Ronaldu zamonaviy futbolning timsollari bo‘lib kelishmoqda.

Pas va dribling atletizm hamda tezlikka qarshi. Tug‘ma talant va aql bovar qilmas mehnatkashlik. Ular mutlaqo bir-biriga o‘xshamaydi va bir xil darajada mashhur.

Lekin vaqt shafqatsiz. Messi «Barsa»ning yangi umidi Ansu Fatiga fotiha berdi. Ronaldu kelajakning eng yaxshilaridan biri bo‘lishga nomzod Matteys de Ligtni qo‘llamoqda. Garchi, hozircha ular bu yosh futbolchilar bilan yelkama-yelka to‘p surishmagan bo‘lishsada.

Hozircha... Ammo, afsuski, bu «hozircha» ham chegaralangan — bir, ikki yoki uch yil. Ehtimol, Lionel va Krishtianu o‘rtasidagi o‘ziga xos futbol ringi bu yil oxirgi marta kuzatilar? Van Deykmi? Hatto «Kumush futbolka» unga nasib qilsa ham, «Barsa» va «Yuve» vakillari eng yaxshilar sifatida e’tirof etilaveradi.

Bizda ularning o‘yinidan zavqlanish uchun ko‘p muddat qolmadi. Har lahzani qadrlang, Messi va Ronaldu ishtirokidagi har bir o‘yinni ko‘ring. Keyin boshqa bunday bo‘lmasligi mumkin. Yangilar keladi, ammo ular boshqalar bo‘ladi. Biz esa kelgusi avlodlarga Lionelning aqlga sig‘mas yurishlariyu Krishtianuning haddan tashqari go‘zal gollari, Messining mayin jilmayishi va Ronaldu yorqin tabassumi haqida hikoya qilib beramiz.

Kimlar ovoz berdi
2018/19 yilgi mavsumning eng yaxshilari Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasida ishtirok etgan jamoalarning 80 nafar murabbiylari va UEFA tasarrufidagi ligalardan bo‘lgan 55 nafar jurnalist bergan ovozlar orqali aniqlangan.

O‘nlikka kimlar kirgandi
Messi, Ronaldu va van Deykdan tashqari Alisson, Sadio Mane, Muhammad Saloh (barchasi — «Liverpul»), Eden Azar («Chelsi»/«Real»), Mattays de Ligt («Ayaks»/«Yuventus»), Frenki de Yong («Ayaks»/«Barselona») va Rahim Sterling («Manchester Siti») ham respondentlarning nisbatan ko‘proq ovozlariga ega bo‘lgandi.

Boshqa mukofotlarga kimlar da’vogar
Eng yaxshi darvozabon bo‘lish uchun Alisson, Yugo Lloris, Mark-Andre ter Shtegen da’vogar.

Eng yaxshi himoyachi Trent Aleksandr-Arnold, Matteys de Ligt yoki Virjiyl van Deykdan biri bo‘lishi mumkin.

Eng yaxshi yarimhimoyachi sovrini uchun Frenki de Yong, Kristian Eriksen va Jordan Henderson o‘rtasida raqobat kechgan.

Eng yaxshi hujumchi Sadio Mane, Lionel Messi yoki Krishtianu Ronaldu.

Eng yaxshi futbolchi ayol mukofoti Lyusi Bronz, Ada Xegerberg yoki Amandin Anriga tegadi.

Yevropa Ligasining eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlar uchligi Olive Jiru, Eden Azar va Luka Yovichdan iborat.

UEFA prezidentining maxsus sovg‘asi Erik Kantonaga beriladi.

Avvalgi mavsumlarda eng yaxshi futbolchilar uchligi quyidagicha bo‘lgan:
2010/11 yilgi mavsum: Messi, Xavi, Ronaldu
2011/12 yilgi mavsum: Inesta, Messi, Ronaldu
2012/13 yilgi mavsum: Riberi, Messi, Ronaldu
2013/14 yilgi mavsum: Ronaldu, Noyer, Robben
2014/15 yilgi mavsum: Messi, Suares, Ronaldu
2015/16 yilgi mavsum: Ronaldu, Grizmann, Beyl
2016/17 yilgi mavsum: Ronaldu, Messi, Buffon
2017/18 yilgi mavsum: Modrich, Ronaldu, Saloh

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz