Узбек O'zbek
Samvel Babayan: «Bunyodkor» stadioniga kislorod yetishmayapti»
Dushanba, 26 Avgust
4091

«Lokomotiv» bosh murabbiyi Samvel Babayan Superliga 18-turidan o‘rin olgan «Bunyodkor»ga (1:1) qarshi o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Bugun chempionatning ikki peshqadami bellashdi, o‘yin hammaga yoqdi deb o‘ylayman. Biz g‘alaba qozonish uchun harakat qildik, afsuski 1:0 hisobida bir qancha imkoniyatlardan foydalana olmadik. Umuman olganda o‘yindan o‘yinga kuchayib boryapmiz. «Lokomotiv» oldinga qarab harakatlanaveradi.

Yoshlar jamoamiz birinchi o‘rinda boryapti, ammo ularning ichida asosiy tarkibga tortadigan, uni kuchaytiradigan futbolchi yo‘q. G‘alati bo‘lsa-da, ahvol shunaqa.

«Lokomotiv»da yarimhimoya va himoya chizig‘i o‘rtasida uyushqoqlik yo‘q, ammo bu muammo ustida ishlayapmiz. Bundan tashqari yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish juda oqsayapti. Agar shu muammo bo‘lmaganda, ko‘p ochko yo‘qotmasdik. 

Birinchi bo‘limda gol urib olgach, orqaga qaytib o‘ynadik. Bunday qilish kerak emasdi. Ikkinchi bo‘limda kuchli pressing qildik. Ammo bu stadionda nafas olish ham qiyin bo‘ldi. 

Milliy jamoani shu stadiondagi o‘yindan keyin tark etgandim, bugun qanday hissiyotlarni tuydim? «Bunyodkor» stadionida muhit o‘zgacha, bu «Paxtakor» bilan bir qatorda mamlakatimizning eng asosiy stadioni hisoblanadi. Avvalgi ishlar orqada qoldi, endi oldinga qarab harakatlanish lozim. Bu voqealar tarixda qoldi. 

«Bunyodkor» chimi? Bu doimiy muammoga aylanmoqda. Menimcha maydonga tushishga erta ruxsat berilgan, shoshmaslik kerak edi. Bundan tashqari, chimni suv bilan haddan tashqari ko‘p ezishibdi, bu ham noto‘g‘ri. Hal kilish lozim bo‘lgan asosiy muammo – stadionda kislorod kamligi. Shu tufayli chim ham o‘smayapti», - deb Babayan so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz