Узбек O'zbek
Lukaku: «MYU»da men, Pogba va Aleksis hamma narsaga balogardon edik»
Payshanba, 22 Avgust
3839

«MYU»dagi ikki yillik faoliyatidan so‘ng shu yozda «Inter»ga o‘tgan hujumchi Romelu Lukaku «Old Trafford»da o‘ynagan davriga taalluqli e’tirozlarini aytdi.

«Klubda xatolar uchun doim Pogba, men yoki Aleksis balogardon edik. Doim shu uchalamizdan birimiz.

Ko‘pchilik meni yangi o‘yin uslubiga moslasha olmadi, deb hisoblaydi. Bu fikr kulgimni qistatadi. Agar bu jamoada hammasini men izdan chiqaryapman deb hisoblasak, terma jamoada-chi? U yerda yaxshi o‘ynayapmanmi?

O‘tgan mavsum chempionatning oxirgi 6ta turida maydonga tushmadim, so‘nggi uch hafta esa umuman o‘yinlarda qatnashganim yo‘q. Keyin uch hafta ta’tilda bo‘lib, terma jamoa yig‘iniga bordim va u yerda hammasi yaxshi kechdi. Terma jamoada hech kim mendan shikoyat qilmay qo‘ygan, chunki o‘z yurtimda menga nisbatan munosabat sekin-asti o‘zgaryapti. Ko‘pchilik odamlar har xil gaplarni aytib yurishgandi. Odamlarning men haqimdagi fikrlari o‘zgarishi uchun yillar kerak bo‘ldi. «Manchester Yunayted» menga ana shu vaqtni bera olmasdi.

Terma jamoamda ham xuddi «MYU»dagiga o‘xshash uslubda o‘ynashga harakat qilamiz va men u yerda yaxshi o‘yin ko‘rsataman. Baribir bu ham menman-ku? Jahon chempionatida 4ta gol urgandim, uch hafta oldin 2ta o‘yinda 3ta gol urdim. Undan oldin, sentyabrda 2ta o‘yinda 4ta to‘p kiritganman. Milliy jamoam o‘yinlarida 48ta gol muallifi bo‘lganman.

Terma jamoalar futboli klub futbolidan farq qilishini bilamiz, lekin Belgiya milliy jamoasi namoyish qiladigan o‘yin uslubi «MYU» ko‘rsatishga harakat qiladigan o‘yinga o‘xshaydi-ku?» – deb ta’kidladi NBA yulduzi Josh Xart bilan «LightHarted Podcast» podkastida suhbat qilgan Lukaku.

Eslatib o‘tamiz, Rom – «Inter» tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi sanaladi. Milanlliklar uni 65 mln yevroga sotib olishdi. Bu miqdor bonuslar hisobiga 75 millionga yetishi mumkin.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz