Узбек O'zbek
O‘zbekiston yana ikki rossiyalik sportchini mahalliylashtirdi
Seshanba, 20 Avgust
6148

Rossiyalik beshkurashchilar Aleksandr Savkin va Alise Faxrutdinova xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston nomidan qatnasha boshlaydi.

Xalqaro zamonaviy beshkurash ittifoqi (UIPM) Ijroiya qo‘mitasi o‘z bayrog‘i ostidagi musobaqalarda bu ikki sportchining O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etishiga ruxsat berdi.

Bu haqda Kun.uz`ga ma’lum qilgan O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi vakiliga ko‘ra, rossiyalik atletlarning mahalliylashtirilishi – O‘zbekiston va Rossiya zamonaviy beshkurash federatsiyalari o‘rtasida shu yil 16 fevralda imzolangan hamkorlik memorandumi samarasidir.

Savkin va Faxrutdinova ayni paytda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun Novogorskka jo‘nab ketishgan. Ular 2-8 sentyabr kunlari Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishadi.

 

Ma’lumot uchun, beshkurash olimpiya tasnifidagi beshta sport turi – suzish, qilichbozlik, konkur, yugurish va o‘q uzishdan iborat. O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi 2017 yilda tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda bir nechta sport turlari bo‘yicha qator xorijlik atletlar O‘zbekiston terma jamoalariga jalb qilindi. So‘nggi bir yilda Rossiyadan mahalliylashtirilgan velopoygachi Olga Zabelinskaya, qilichbozlar Yana Obvinseva va Yana Alborova, shuningdek, meksikalik qilichboz Paola Pliyego shular jumlasidan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz