Узбек O'zbek
Braziliyalik Elkeson Xitoy milliy jamoasiga chaqirildi
Dushanba, 19 Avgust
3141

«Guanchjou Evergrand» klubining braziliyalik hujumchisi Elkeson Xitoy milliy jamoasidan chaqiruv oldi.

AFC xabariga ko‘ra, futbolchi bosh murabbiy Marchelo Lippi tomonidan JCH-2022 saralash o‘yinlariga chaqirilganlar ro‘yxatiga kiritilgan.

29 yoshli Elkeson 5 yildan beri Xitoyda yashayapti va Braziliya milliy jamoasi tarkibida birorta o‘yinda maydonga tushmagan. Bu esa FIFA qoidalariga ko‘ra unga Xitoy milliy jamoasi tarkibida to‘p tepish imkonini beradi. Titan Sports Plus xabariga ko‘ra, futbolchi o‘z ismini Ay Szisen deb o‘zgartirgan. Kanton lahjasida «Elkeson» so‘zi aynan shunday talaffuz qilinadi.

Elkeson 2013 yildan beri «Guanchjou Evergrand» sharafini himoya qilyapti. 2016-2018 yillarda «Shanxay SIPG» klubida o‘ynagan. 2014 yilda Xitoy Superligasining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. 2013 va 2014 yillarda Superliga «Oltin butsa»sini qo‘lga kiritgan.

Avvalroq, «Arsenal» tarbiyalanuvchisi Niko Yennaris (Li Ke) Xitoy milliy jamoasi tarkibida to‘p tepish huquqini qo‘lga kiritib, Tojikistonga (2:0) qarshi o‘yinda debyut qilgan edi. 

Xitoy matbuoti xabariga ko‘ra, yana 2 nafar braziliyalik – Rikardo Gulart va Aleks Teysheyra ham Xitoy milliy jamoasiga jalb qilinishi mumkin.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz