Узбек O'zbek
Sanches va undan qutula olmayotgan «MYU» o‘rtasidagi bitimning yangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
Juma, 16 Avgust
7558

Daily Mail nashri surishtiruvi natijasida «Manchester Yunayted» hujumchisi Aleksis Sanchesning shartnomasiga oid yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi.

Sanches 19 oy oldin «Arsenal»dan «Yunayted»ga o‘tgan, qarama-qarshi yo‘nalishda Genrix Mxitaryan transferi amalga oshgandi. O‘sha vaqtda chililik hujumchi «Manchester Siti»ning taklifini rad etgan. U «Old Trafford»ga kelib, APLning eng yuqori maosh oluvchi futbolchisi bo‘lishni tanlagan edi.

Sanches transferi «qizil iblislar» uchun katta minus bo‘ldi. Aleksis bu jamoada o‘yinini topib keta olmadi, uning o‘ta yuqori maoshi esa YeCHLda qatnashmayotgan klub yelkasidagi og‘ir yukka aylanishi barobarida boshqa futbolchilar bilan shartnomalarni uzaytirish va yangi o‘yinchilarni jamoaga taklif etish imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi.

Bu yozda klub 30 yoshli forvarddan qutula olmayapti va buning hayron qolarli joyi yo‘q: uning maoshi haftasiga yarim million funtdan oshadi.

Surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, Sanchesning «MYU»dagi bazaviy maoshi haftasiga 300 ming funtni tashkil qiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda klub unga imij huquqlari doirasida har hafta 100 ming funt (yiliga 5 mln funt) to‘laydi.

Va bu hammasi emas. Sanches mavsum davomida kamida 30ta o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushsa, yana 5 mln yevro bonus oladi. Albatta, hozircha klubga bu pulni to‘lash zarurati tug‘ilgani yo‘q: o‘tgan mavsum u barcha musobaqalar doirasida faqat 13ta o‘yinda boshlang‘ich tarkibga kiritildi.

Aniqlanishicha, Aleksisning haftalik maoshi turli bonuslar va sug‘urta to‘lovlari bilan birga 560 ming funtga yetishi mumkin.

Bundan tashqari, klub Sanchesning shartnomasi amalda bo‘lgan vaqt davomida uning agenti Fernando Felisevichga jami 5 mln funt to‘lashi kerak. Bu – haftasiga 21370 funt xarajat demakdir.

Mazkur xarajatlar, shuningdek, «MYU»dagi 1,5 yillik faoliyati davomida 45ta o‘yinda qatnashib, bor-yo‘g‘i 5ta gol urgani fakti – Sanchesni sotib olishni istovchi klublar uchun jiddiy minus signal. Shu bois ham unga xaridor chiqmayapti.

Klub Yevropada yozgi transferlar oynasi yopilguniga qadar uni boshqa jamoaga ijaraga berish imkoniyatiga ega, ammo bu holda ham «Yunayted» Sanches maoshining katta qismini to‘lashda davom etishiga to‘g‘ri keladi. «Yuventus», «Inter» va «Napoli» klublari ana shu shart asosida Aleksisni olishga rozi bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

«Beylni oling, pul qo‘shib beriladi»: Futbolni qutqarishi mumkin bo‘lgan tizim haqida

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz