Узбек O'zbek
«Bunyodkor» klubi «Bunyodkor» stadioniga qaytmoqda
Chorshanba, 14 Avgust
4481

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov 14 avgust kuni «Bunyodkor» stadioni va akademiyasiga tashrif buyurdi, deb xabar beradi «Bunyodkor» klubi sayti.

Ermatov dastavval «Bunyodkor» stadionining chimini ko‘zdan kechirdi. Maydonning sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni mutaxassislar bilan muhokama qildi. Shundan so‘ng, «Bunyodkor» akademiyasiga ham tashrif buyurib, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, maydonlarning holati bilan tanishdi. Mas’ul mutaxassislarning fikrlarini tinglab, tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Ermatovning tashrifi «Bunyodkor» muxlislari uchun yaxshi yangilik bilan yakunlandi. Ya’ni «Bunyodkor» klubi yana «Bunyodkor» stadioniga qaytadigan bo‘ldi. Superliganing 18-turidan o‘rin olgan, 26 avgust kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan «Bunyodkor» - «Lokomotiv» o‘yini «Bunyodkor» stadionida o‘tkazilishi tasdiqlandi, deb xabar beradi klub matbuot xizmati.

Qo‘shimcha qilish joizki, 2018 yil iyun oyida «Bunyodkor» stadioni nomi «Milliy» deb o‘zgartirilib, unda faqat O‘zbekiston milliy va olimpiya jamoalarining uy o‘yinlarini o‘tkazish belgilab qo‘yilgan edi.

Hozircha «Milliy» stadionning nomi yana «Bunyodkor» deb o‘zgartirilishi haqida hech qanday xabar chiqmadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz