Узбек O'zbek
APL klublarining jarohatlangan futbolchilar uchun qilgan xarajatlari rekord summaga yetdi
Chorshanba, 14 Avgust
5685

APLda o‘ynovchi futbolchilar o‘tgan mavsumda jami 764 marta jarohat olishdi.

Sports Injury Index 2019 tadqiqotidan ma’lum bo‘lishicha, bu – oxirgi 8 yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 2017/18 mavsumi bilan solishtirganda jarohatlar soni 15 foizga oshgan.

E’tiborlisi, futbolchilari eng ko‘p jarohat olgan 7 klubdan 6tasi – ligada yuqori oltilikdan joy olgan jamoalardir. Top-6dan tashqari jarohatlardan eng ko‘p aziyat chekkan klublardan yana biri – mavsumni 10-o‘rinda yakunlagan «Vest Hem» bo‘ldi.

Ro‘yxatni 63ta shikastlanish bilan «Manchester Yunayted» boshqarib turibdi:

1. «Manchester Yunayted» – 63
2. «Tottenhem» – 61
3. «Liverpul» – 50
3. «Chelsi» – 50
5. «Arsenal» – 49
6. «Vest Hem» – 45
7. «Manchester Siti» – 44

Hisob-kitoblarga ko‘ra, APLda o‘tgan mavsum futbolchilarning jarohat olishi bilan bog‘liq holatlarning 41,5 foizi top-6 klublariga to‘g‘ri keladi. Buni mazkur klublarda o‘ynovchi futbolchilarning ko‘pchiligi JCH-2018da qatnashgani bilan izohlash mumkin.

Buning tasdig‘i sifatida o‘tgan mavsum Chempionshipdan chiqib Premer-ligada qatnashgan «Vulverhempton»ni keltirish mumkin. Bu klub o‘yinchilari mavsum davomida bor-yo‘g‘i 11 marta jarohatga duchor bo‘lishdi va bu – APLdagi eng yaxshi natija bo‘ldi:

1. «Vulverhempton» – 11 (7-o‘rin)
2. «Lester Siti» – 18 (9-o‘rin)
3. «Fulhem» – 27 (19-o‘rin)
(Qavs ichida klub turnir jadvalida nechanchi o‘rinni olgani ko‘rsatilgan).

Aniqlanishicha, jarohatlar ortidan klublarning moliyaviy yo‘qotishlari o‘tgan mavsumda rekord darajaga yetgan – futbolchilarning shikastlanishi 20ta ingliz klubiga jami 221 mln funtga tushgan. Bu – 2017/18 mavsumi bilan solishtirganda 3 foizga ko‘proq demakdir.

Jarohatlar eng qimmatga tushgan klub – chempion «Manchester Siti» bo‘ldi. «Shaharliklar» buning uchun 26,3 mln funt xarajat qilishiga to‘g‘ri keldi:

1. «Manchester Siti» – 26,3 mln
2. «Manchester Yunayted» – 25,2
3. «Arsenal» – 24,2
4. «Vest Hem» – 22,8
5. «Tottenhem» – 17,9

Umumiy 221 mln funt yo‘qotishdan 54 foizi top-6 klublari bo‘yniga tushgan.

Bu oltilik jamoalarining jarohatlangan futbolchilarga to‘lagan maoshlari 2016 yildan buyon o‘rtacha 48 foizga oshgan. Ayniqsa, «shporlar»da bu ko‘rsatkich oxirgi uch yillikda 110 foizni tashkil etgan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz