Узбек O'zbek
Sneyder butsalarini mixga ildi
Seshanba, 13 Avgust
2031

Niderlandiya milliy jamoasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi Uesli Sneyder professional faoliyatiga yakun yasaganini ma’lum qildi.

Ammo uning agenti mijozining bu e’lonidan hayratda qolganini bildirdi.

35 yoshli xavbek o‘zi tug‘ilib o‘sgan Utrext shahriga qaytib, shu nomdagi klub tizimida ish boshlaydigan bo‘lgan.

«Bu shaharni juda yaxshi ko‘raman. Modomiki faoliyatimga nuqta qo‘ygan ekanman, endi o‘z tajribam bilan bo‘lishadigan ajoyib ish joyim bo‘lishini xohlayapman», – dedi Sneyder «Utrext» rasmiy kanaliga bergan intervyusida.

U o‘tgan oyda Qatarning «Al-G‘arafa» klubi bilan shartnoma muddati tugaganidan buyon ishsiz edi.

Ayni paytda, Sneyderning agenti Guido Albers mijozining bu so‘zlari uni hayron qoldirganini aytmoqda.

«U bu haqda shunday yo‘sinda e’lon qilgani biz uchun mutlaqo ajablanarli hol bo‘ldi.

U bilan kelasi payshanba kuni ko‘rishib, unda hamon mavjud variantlarni muhokama qilishni, so‘ngra yangilikni jamoatchilikka qanday qilib e’lon qilish bo‘yicha bir qarorga kelishni reja qilgandik. Shunday ekan, kelasi payshanba kuni bu qaror qanchalik aniq ekani ma’lum bo‘ladi», – dedi agent FOX Sports bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, Uesli 2003-2018 yillarda Niderlandiya milliy jamoasida 134ta o‘yin o‘tkazgan. JCH-2010da kumush, to‘rt yildan so‘ng bronza medallariga sazovor bo‘lgan.

Faoliyati mobaynida «Ayaks», «Real», «Inter», «Galatasaroy», «Nitssa» va «Al-G‘arafa» klublarida o‘ynagan Sneyder Niderlandiya, Ispaniya, Italiya va Turkiya chempioni, Qatar kubogi sohibi sanaladi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz