Узбек O'zbek
UEFA yevrofutbolning 2018/19 mavsumidagi eng yaxshi golini e’lon qildi
Juma, 09 Avgust
11651

Lionel Messining YeCHL yarim finalida «Liverpul» darvozasiga jarimadan urgan goli 2018/19 mavsumida UEFA bayrog‘i ostida o‘tkazilgan barcha musobaqalar doirasidagi eng chiroyli gol deb tan olindi.

«Kamp Nou»da «Barsa»ning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvdagi Messining bu ikkinchi goli uning uchun «ko‘k-anorranglilar» safidagi yubiley – 600-gol bo‘lgandi.

UEFA rasmiy saytida o‘tkazilgan so‘rovnomada g‘olib chiqqan Leo faoliyatida uchinchi marta mazkur e’tirofga sazovor bo‘ldi.

U 2014/15 va 2015/16 mavsumlarida ham yevrofutbolning eng chiroyli goli muallifi deb topilgan.

Bu yilgi so‘rovnomada Messidan tashqari Ismoila Sarr («Renn»), David Faupala («Apollon»), Pedro Rodriges («Chelsi»), Enso Miyo (Fransiya U-17 terma jamoasi), Katerina Svitkova («Slaviya»), Krishtianu Ronaldu («Yuventus»), Nani («Sporting»), Ivan Rakitich («Barselona») va Danilularning (Portugaliya milliy jamoasi) gollari ham ovozga qo‘yilgan edi.

Yakunda Messidan keyingi ikkinchi o‘rinni «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu YeCHL guruh bosqichida «MYU»ga urgan goli bilan band etgan bo‘lsa, Portugaliya milliy jamoasining boshqa bir a’zosi Danilu Yevro-2020 saralashi doirasida Serbiya darvozasiga kiritgan to‘pi bilan 3-o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda UEFA musobaqalarining eng yaxshi goli muallifi deb Krishtianu Ronaldu tan olingan, uning «Real» safida hozirgi jamoasi «Yuventus» darvozasiga kiritgan to‘pi tengsiz deb topilgandi.

2017 yilda esa sovrin «Yuventus» hujumchisi Mario Manjukichga («Real»ga urgan goli uchun) nasib etgan, undan avvalgi ikki yilda esa yuqorida ta’kidlanganidek Lionel Messi e’tirof sohibi bo‘lgandi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz