Узбек O'zbek
RPLning yangi yulduzi. Rus nashrlari Shomurodov haqida yozmoqda
Dushanba, 29 Iyul
23975

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiya chempionatining 3-turida «Arsenal»ga qarshi kechgan o‘yinda ajoyib harakatlari bilan «Rostov»ning muhim g‘alabasiga hissa qo‘shdi. 

Rossiyaning eng mashhur sport saytlaridan biri Sports.ru bloggeri Roman Mun Eldor Shomurodovning joriy mavsumdagi o‘yinlari haqida material tayyorladi. Quyida «Shomurodov yaxshi o‘ynamoqda: Tuladagi o‘yinda u golli uzatma va g‘alaba goliga muallif bo‘ldi. RPL startining yana bir yulduzi» sarlavhali ushbu maqolani aynan keltiramiz.

Karpin rozi bo‘lsa arziydi

Rossiya chempionatining start olgan yangi mavsumidagi eng yorqin futbolchilaridan biri 24 yoshli o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov bo‘lib turibdi. «Arsenal» bilan o‘yindan so‘ng uning hisobida ikkita gol va bitta golli uzatma bor. Ma’lumot uchun butun o‘tgan mavsum davomida Shomurodov 3ta gol urgandi.

Shomurodov o‘tgan mavsum oxirida «Krasnodar»ga gol urib ko‘pchilikning esida qolgandi. Eldor o‘sha o‘yinning 69-daqiqasida zaxiradan maydonga tushib, 79-daqiqada Martinovich bilan to‘qnashib ketgan va boshidan jarohat olgandi. Shifokorlar uning yarasini bog‘lab, malham tushib ketmasligi uchun suzuvchilar kiyadigan shapkani kiygizib qo‘yishgandi. 89-daqiqada esa shapkada o‘yinni davom ettirgan Eldor bosh bilan gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoladi. 2 soat o‘tgach «Rostov» klubning onlayn do‘konida Eldor-shapkalarini sotuvga chiqardi.

Shomurodov mavsumoldi tayyorgarlik yig‘inida ham jamoasi qahramoniga aylandi. «Parimatch Premer» kubogida u SSKA darvozasiga ikkita gol urdi. Yangi mavsumning ochilishi o‘yinida u «Orenburg» darvozasini ishg‘ol etdi (yana bosh bilan). O‘sha o‘yindan so‘ng Karpindan Eldor top-klublarda o‘ynashga tayyormi deb so‘rashdi. Murabbiy esa Shomurodov «Rostov»dagi ikki yil davomida yaxshigina o‘sganini, ammo u hali o‘zi xohlagan darajaga yetmaganini aytdi.

«Spartak»ga qarshi o‘yinda unchalik ko‘zga tashlanmagan Eldor Shomurodov (muhokamalarda muallifning bu fikriga qo‘shilmagan muxlislardan biri Eldor «Spatrak» bilan o‘yinda eng yaxshilardan bo‘lganini yozgan) «Arsenal» bilan bahsda eng yaxshilardan bo‘ldi. Birinchi bo‘limda u Ionovning goliga ajoyib tarzda assistentlik qildi (Ionov ham bu mavsumda porlamoqda) va ikkinchi bo‘limda ajoyib gol urdi.

Uning goli juda chiroyli chiqdi. Tezlikda bitta raqibni ortda qoldirdi, ikkinchisini aldadi va tezda zarba berdi. Qisqa qilib aytganda, Shomurodovcha gol bo‘ldi. «Rostov» mavsum oldidan Shomurodov bilan shartnomani uch yilga uzaytirdi. O‘tgan yil jamoaning asosiy hujumchisi bo‘lgan Born Sigurdarson zaxirada qoldi.

Yaqindagi intervyularidan birida esa Karpin Shomurodovni Ozmun va Miranchuk bilan birga Rossiya chempionatining eng iste’dodli futbolchilaridan biri deb atadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz