Узбек O'zbek
Zidan uni «sharmanda»ga chiqargan Beylning agentiga javob qaytardi
Seshanba, 23 Iyul
19039

«Real» bosh murabbiyi Zinedin Zidan «Arsenal»ga qarshi o‘yin oldidan hujumchi Garet Beyl masalasiga yana to‘xtalib o‘tdi.

Klub Xalqaro Chempionlar kubogi doirasida shanba kuni «Bavariya» bilan o‘ynagan va o‘sha o‘yinda Beyl tarkibdan chetda qolgandi. O‘yindan keyin Zidan uelslik futbolchi tez orada jamoadan ketishiga umid qilayotganini aytgan, Garetning agenti esa murabbiyning bu so‘zlarini «sharmandalik» deya baholagan edi.

Zidanning tushuntirishicha, u agent Jonatan Barnett iddao qilganidek, Beylga hurmatliksizlik qilmagan. «Bavariya»ga qarshi o‘yinda qatnashmaslik esa hujumchining o‘z tanlovi bo‘lgan.

«Hech kimni behurmat qilganim yo‘q. Klub uning transferi ustida ishlayapti. 

O‘sha kuni Garet o‘ynamadi, chunki o‘zi xohlamagan edi. U klub uning ketishi masalasida muzokara o‘tkazishga urinayotgani, shuning uchun ham o‘ynagisi kelmayotganini aytgandi», – degan Zidanning Vashingtonda o‘tgan matbuot anjumanidagi so‘zlarini keltirdi The Guardian.

«Real» ustozining so‘zlariga ko‘ra, Beyl bilan bog‘liq vaziyat «hammaga ma’lum va u o‘zgarmaydi», «klub qilishiga to‘g‘ri kelayotgan ishni qilyapti».

«Hozircha u ertangi o‘yinda qatnashmaslikni so‘raganicha yo‘q», – deb qo‘shib qo‘ydi Zinedin Zidan.

Ma’lumot uchun, «Real» – «Arsenal» o‘yini bugun AQSHning Merilend shtatidagi Shahzoda Jorj okrugida bo‘lib o‘tadi. «FedExField» stadionidagi o‘yin Toshkent vaqti bilan chorshanbaga o‘tar kechasi soat 04:00da boshlanadi.

«Zidanga uyat!» Beyl «Real»ga kerak emas

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz