Узбек O'zbek
Bahodir Ahmedov: «O‘zbekiston futzal bo‘yicha doim qit’ada yetakchilar qatorida bo‘lib kelgan»
Seshanba, 09 Iyul
756

Shu yilning oktyabr oyida futzal bo‘yicha Osiyo chempionati-2020 saralash o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Mazkur bahslarga hozirlik jarayonini boshlagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda Toshkentda yig‘in o‘tkazmoqda. Terma jamoa bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov O‘FA rasmiy saytiga yig‘in, saralash bahslariga rejalar, shuningdek terma jamoaga yangi jalb etilgan yosh futbolchilar haqida gapirib berdi.

"Kelasi yili futzal bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Oktyabrda esa Osiyo chempionati-2020ga saralash bahslari o‘tkaziladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi saralash bahslariga tayyorgarlikni boshladi. 1 iyuldan boshlab ilk yig‘inga kirishdik.

Yig‘inga aslida ko‘proq futbolchi jalb etish niyatida edik. Lekin 7-18 avgust kunlari Tailandda klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Unda OKMK klubining ham ishtirok etishi inobatga olinib, OKMK klubi a’zolariga o‘z klubi safida qit’a birinchiligiga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati taqdim etildi.

Yig‘inda esa asosan terma jamoaga nomzod bo‘lgan va yaqin vaqt ichida milliy terma jamoaning o‘zagi bo‘lishi kutilayotgan yoshlar ishtirok etmoqda. Futzalchilar milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan turli jamoalardan jalb etilgan. Hozircha ushbu yosh futzalchilarning harakatlarini kuzatib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish ustida ishlayapmiz. Mashg‘ulotlar kuniga 2 mahaldan “Bunyodkor” akademiyasi zalida olib borilyapti. 26 iyul sanasiga qadar mashg‘ulotlar o‘tkazamiz.

25 iyul kuni saralash bahslariga qur’a tashlanadi. Raqiblarimiz va qaysi sanada qaysi terma jamoa bilan o‘yin o‘tkazishimizni bilib olamiz. Biz bahs olib boradigan har bir terma jamoa o‘yinlarini albatta o‘rganib boramiz. Qit’a chempionati saralashiga puxta hozirlik olib borish niyatidamiz. O‘FA tomonidan biz taqdim etgan rejalar qo‘llab-quvvatlanib, zarur sharoitlar yaratib berilmoqda. Maqsadimiz – saralash bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, muxlislarimizni ham xushnud etish. O‘zbekiston futzal bo‘yicha doim qit’ada yetakchilar qatorida bo‘lib kelgan. Ushbu mavqeni saqlab qolish va unga munosib bo‘lishga intilamiz", - deydi Bahodir Ahmedov.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz