Узбек O'zbek
«Siti» rekordini yangiladi, Buffon uyiga qaytdi. Yevropadagi so‘nggi 10ta asosiy transfer
Yakshanba, 07 Iyul
8414

Yevropa transfer bozorida ish qizg‘in. Top darajadagi himoyachilar klublarini o‘zgartirdi, Rabo baribir «PSJ»dan ketdi, «Manchester Siti» eng qimmatbaho xaridini amalga oshirdi, Buffon «Yuventus»ga qaytdi, yosh Felishni esa aql bovar qilmas narxda pullashdi.

Aaron Van-Bissaka, «Manchester Yunayted»
«Kristal Pelas»ning o‘ng qanot himoyachisi 49,5 mln funtov sterling evaziga (Transfermarkt ma’lumoti) «Manchester Yunayted»ga o‘tdi. Angliya terma jamoasiga nomzod bo‘lgan 21 yoshli futbolchi yangi klubi bilan keyinroq yana bir yilga uzaytirish sharti bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Yakunlangan mavsumda Van-Bissaka APL va Angliyadagi boshqa turnirlarda jami 39 o‘yinda maydonga tushib 4ta golga uzatma bergan. Aaron Rahim Sterling va Jon Stouns qatorida angliyalik eng qimmat futbolchilar uchligidan joy oldi. Ole-Gunnar Sulsherning fikricha, bu futbolchi «ishga to‘g‘ri yondashuvchi, talantli va mentalitet» hisoblanadi va «MYU» uchun mos futbolchidir.

Diyego Godin, «Inter»
Jahonning eng yaxshi markaziy himoyachilaridan biri «Atletiko»ni «Inter»ga almashtirdi. Godin madridliklar klubi bilan shartnomasi muddati tugagani tufayli milanliklar klubi safiga erkin agent maqomida kelib qo‘shildi. 33 yoshli urugvaylik futbolchi italyan klubi bilan 3 yillik shartnoma imzoladi. U «Atletiko»dagi yoshi 30dan oshgan futbolchilar bilan bir yildan ortiq muddatga shartnoma tuzmaslik bo‘yicha qoida tufayli klubni tark etdi. Diyego «Inter» bilan muzokaralarni qishdayoq boshlagandi. Yakunlangan mavsumda Godin 39 o‘yinda maydonga tushib, to‘rt gol urdi va uch golga uzatma berdi.

Tangay N’Dombele, «Tottenhem»
«Tottenhem» muxlislari bir yarim yil davomida klub rahbariyati transfer amalga oshirishini kutishdi va nihoyat bu ro‘y berdi. Chempionlar ligasi finalchisi bir kun ichida ikki futbolchini tarkibga qo‘shib oldi. 18 yoshli vinger Jek Klark «Lids»dan sotib olinib (9,9 mln funt sterling) ushbu klubning o‘ziga ijaraga berilgan bo‘lsa, N’Dombele «shporlar» uchun haqiqiy kuchayish bo‘ldi. Bundan tashqari, «Tottenhem» «Lion»ga 60 mln yevro to‘lab, o‘z transfer rekordini yangiladi. Bonuslar bilan birga bu summa miqdori 72 mln yevrogacha yetishi mumkin. 22 yoshli yarimhimoyachi bilan kelishuv 6 yilga tuzilgan. N’Dombele o‘tgan mavsumda fransuzlar jamoasida barcha turnirlar doirasida 49 uchrashuvda maydonga tushib, uch gol urgan va sakkiz golga pas bergan.

Adriyen Rabo, «Yuventus»
Raboning Parijdagi azoblari yakuniga yetdi. «PSJ»ning asosiy jamoasidan chetlatilgan 24 yoshli yarimhimoyachi o‘tgan mavsumning birinchi davrasida 20 o‘yinda maydonga tushdi va ikki gol urib, ikki golga uzatma berdi. Adriyen qishda «Barselona»ga o‘tishga yaqin kelgandi, ammo o‘ziga agentlik qiladigan onasining moliyaviy talablari tufayli Leo Messi bilan bir jamoada o‘ynash imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. Lekin endi Rabo Krishtianu Ronalduga jamoadosh, u turinliklar klubi bilan 4 yillik shartnoma imzoladi. Erkin agent maqomida Italiyaga yo‘l olgan fransuz transferga rozilik bergani uchun 10 mln yevro miqdorida bonus oldi, uning yillik maoshi miqdori yiliga 7 mln yevro. Hozirda jamoada undan ko‘p maoshni faqat Ronaldu oladi.

Pablo Sarabia, «PSJ»
Bu vaqtda parijliklar klubi «Sevilya» yarimhimoyachisi Sarabia sotib olinganini e’lon qildi. Fransiya chempionlari ushbu ispaniyalik futbolchi uchun 18 mln yevro to‘ladi, 27 yoshli bu futbolchi bilan besh yillik shartnoma tuzildi. Pablo mavsumni juda kuchli o‘tkazgandi: 52 o‘yinda 23 gol urib, 17 golga uzatma bergan. U hujum chizig‘ining o‘ng qanotida ham, markazda ham harakatlana oladi. Albatta, Sarabia – pozitsiyasi bo‘yicha Raboga o‘rinbosar emas, ammo «PSJ» transfer bozorida bugungi kundagi  narxlar e’tiborga olinsa, juda muvaffaqiyatli transferni amalga oshirdi.

Joau Felish, «Atletiko»
Yosh portugaliyalik futbolchi «Benfika»dan  «Atletiko»ga o‘tdi. Ispanlar bu vunderkind uchun 120 mln yevro to‘lashdi. «Manchester Yunayted» va «Yuventus» ham uning transferi uchun shuncha pul to‘lashga tayyor edi. Felishning xaridi «matraschilar» tarixidagi eng qimmatbaho xarid bo‘ldi. Bu transferdan taniqli agent Jorje Mendesh 30 foizlik ulushga ega bo‘ldi. Besh yillik shartnoma bo‘yicha 19 yoshli forvard Madridda yiliga 6 mln yevro oladi. Joau «Benfika»da o‘tgan mavsumda 43 o‘yin o‘tkazib, 20 gol urgan va 11 golga hammualliflik qilgan.

Mats Hummels, «Borussiya» D
Ushbu tajribali markaziy himoyachi  «Bavariya»da o‘tgan uch mavsumdan keyin yana Dortmundning «Borussiya»si safiga qaytdi. «Bavariya» o‘shanda Hummelsni 35 mln yevroga sotib olgandi, endi myunxenliklar klubi futbolchini 30,5 mln yevro (plyus bonuslar) evaziga qo‘yib yubordi. «Bavariya» Mats ketgani haqida 19 iyundayoq e’lon qilgandi, «Borussiya» 30 yoshli nemis transferini kechroq tasdiqladi. Dortmunddagi fanatlar Hummelsni juda iliq kutib olishdi. Demak, u endi «Bavariya»dagidan ko‘ra yaxshiroq mavsum o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Himoyachi Bundesliganing o‘tgan mavsumida 33 o‘yinda ishtirok etib, ikki gol urdi va ikki golli uzatmaga mualliflik qildi.

Janluiji Buffon, «Yuventus»
Bir yil muqaddam Buffon ko‘zda yosh bilan «Yuventus»ni tark etgandi, ammo endi ma’lum bo‘lmoqdaki, bu butkul xayrlashish emas, «ko‘rishguncha» bo‘lgan ekan. 41 yoshli darvozabon shu hafta turinliklar klubi safiga qaytdi, tomonlar bir yillik shartnomaga imzo chekishdi. Italiyalik darvozabon «PSJ» bilan shartnomasi tugagach, erkin agentga aylangandi. Jiji fransuzlar jamoasida jami 25 o‘yinda darvozani qo‘riqladi va bu o‘yinlarda jami 25 gol o‘tkazib yubordi. Bundan tashqari, «Yuventus» «Sassuolo»dan 21 yoshli markaziy himoyachi Merix Demiralni 18 mln yevro evaziga xarid qildi.

Rodri, «Manchester Siti»
«Manchester Siti» «Atletiko»dan Rodrini sotib oldi, inglizlar ushbu ispaniyalik tayanch yarimhimoyachining shartnomasida ko‘rsatilgan badal pulini - 70 mln yevroni to‘liq to‘ladi. Bu klub tarixidagi eng qimmatbaho transferga aylandi. 23 yoshli ispaniyalik «shaharliklar» bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Rodri o‘tgan mavsumda «matraschilar» safida 47 o‘yinda maydonga tushib, uch gol urgan va bitta golli pasni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan. Aytishlaricha, Xosep Gvardola uni yangi Buskets sifatida ko‘rmoqda.

Ander Errera, «PSJ»
Ispaniyalik yarimhimoyachi «PSJ» bilan 5 yillik shartnoma tuzdi. U «Manchester Yunayted» bilan shartnomasi muddati tugashi munosabati bilan Parijga erkin agent maqomida keldi. Goal.com portali ma’lumotiga ko‘ra, 29 yoshli futbolchi mankunianliklar tarkibida qolmoqchi bo‘lgan, ammo klub rahbariyati uning haftalik maoshi miqdorini 350 ming funt sterlingga oshirishga rozi bo‘lmagan. Tomonlar shartnoma bo‘yicha kelisha olmagan mahalda, «PSJ»ning qatarlik bosslari saxiylik qilishgan. Yakunlangan mavsumda Errera «MYU» safida 28 uchrashuvda maydonga tushib, 3 gol urgan va 3 golga uzatma bergan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz