Узбек O'zbek
Futbolni qadrlamaydigan qit’a. Nega Messini «sindirishdi»?
Yakshanba, 07 Iyul
8972

Futbol deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga Messi va Ronaldu kelsa kerak. Chunki bu yigitlar chindan o‘zgacha. Ular chindan ham dunyoda tengsiz futbolchilar. Shu bois ularga qarshi nohaqliklar muxlislar tomonidan og‘ir qabul qilinadi. Muxlisning nazdida har qanday qoidalar ham bu ikki yigit uchun istisnoga ega bo‘lishi kerakdek. Ya’ni ashaddiy muxlislar boshqalar qizil kartochka oladigan ishni qilganida ham (aslida bu ikki yulduz hech qachon bunaqa ish qilmagan) Messi va Ronaldu maydonda qolishi kerak deb hisoblashadi. Ha, bu o‘ta ashaddiy muxlislarning fikri, lekin muxlislarni o‘zgartira olmaysiz, chunki futbol aslida ularniki...

Shu vaqtgacha Messi va Ronaldu boshqalar qilganida albatta maydondan chetlatiladigan harakatni amalga oshirganiga qaramay maydonda qolganini ko‘rmaganmiz, lekin boshqalar qilsa hakam umuman e’tibor bermaydigan harakatlar uchun ularga qizil kartochka ko‘rsatilganini bilamiz. Masalan, Ronalduning o‘tgan yili Chempionlar ligasi doiraisada «Valensiya»ga qarshi kechgan o‘yinda chetlatilishi va Messining kecha Amerika Kubogi doirasida Chiliga qarshi o‘yinda maydondan haydalishi...

Nafaqat kechagi o‘yinni boshqargan hakamlar, balki butun boshli Janubiy Amerika futboli Messiga nisbatan nohaqlik qilayotgandek tuyuldi Leo maydondan chetlatilganda. Vaholanki, u bu vaziyatda jabrlanuvchi edi. Vaziyatning ikkinchi ishtirokchisi Gari Medel ham maydondan chetlatilishini kutmaganini aytdi: «To‘g‘risi, hatto sariq kartochka ham olamiz deb ham o‘ylamagandim».

Lekin o‘yinni boshqarib borgan hakam (uning ismi hech kimni qiziqtirmaydi, u shunchaki Messini maydondan chetlatib mashhur bo‘lgan inson deb eslanadi bundan keyin) o‘ta ahmoqona qaror qabul qilib, dunyoning eng zo‘r futbolchisini maydondan chetlatdi. Medel ham Messi bilan birga maydonni tark etgani ko‘pchilikning parvoyiga ham kelgani yo‘q, chunki Messi qizil kartochka olgandi! Nohaq tarzda! Bunday holatda boshqa futbolchi hech qanaqasiga diqqat markazida bo‘la olmasdi.

O‘yin davomida Messiga qarshi ishlatilgan qo‘polliklarni sanasangiz, adashib ketasiz. Yaxshiyam u o‘yinni to‘liq o‘tkazmadi, chunki chililik futbolchilar maydonga xuddi Messining oyog‘ini sindirish uchun tushgandek ko‘rinishdi. Leoga bu musobaqa davomida nafaqat maydondan, balki uning tashqarisidan ham bosim juda ko‘p bo‘ldi. Butun boshli KONMEBOL Messining gaplariga nisbatan raddiya bilan chiqaverdi (xuddi bizdagi rasmiy idoralar o‘zlari haqidagi tanqidiy chiqishlarga bemazadan bemaza raddiya berishni xushlashgani kabi).

Chili bilan o‘yindan so‘ng Leo juda ta’sirli gapirdi: «Men medalni taqmayman va shohsupaga ham chiqmayman, chunki korrupsiyaning bir qismi bo‘lishni istamayman. Finalda shubhasiz Braziliya g‘alaba qozonadi, hammasi ularning g‘alabasi uchun tashkillashtirilgan».

KONMEBOL esa o‘zining manziliga aytilgan e’tirozlarni qabul qila olmay, Messining bu chiqishini hurmatsizlik deb atadi.

Bilasizmi, nega Osiyo, Afrika, Amerika futboli Yevropa oldida qoloq bo‘lib (Osiyoni o‘ta qoloq desak o‘rinliroq) ko‘rinadi? Chunki bu qit’alar futboli chindan ham korrupsiyaga o‘ralashib qolgan. Hakamni uradigan ham shular, jahon chempionatida o‘z darvozasiga gol urgan futbolchini o‘ldirib ketadigan ham shular, hakamlar tugul butun boshli raqibni sotib oladiganlar ham shular. Shu bois Yevropa jamoalari almashib jahon chempion bo‘laverishadi.

Butun boshli Amerika Kubogining yarim finalida Argentina va Braziliya to‘qnashdi. Bu o‘yin qit’aning klasikosi hisoblanadi va unga tayyorgarlik ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Hakamlar ham albatta. Ammo o‘yinni boshqarib borgan hakam xato qarorlar chiqargani yetmagandek biror marta videotakrorlarga murojaat ham qilmadi. Bu esa Messining e’tirozlari yo‘q joydan aytilmaganini ko‘rsatadi.

Chiliga qarshi o‘yinda ham oddiy yelkama-yelka kurashdan so‘ng Medel kelib Messini ko‘kragi bilan turtdi. Bu futbol axir, ehtiroslar o‘yini. Biroq hakam yugurib kelib ikki futbolchini ham maydondan chetlatdi. Bu yerda Medelga nega kartochka ko‘rsatgani tushunarli, hakam keyinchalik o‘zini tanqidlardan himoyalash uchun shunday qildi. Go‘yoki «Mana, ikkisini ham haydadim-ku», deyish uchun. Aslida esa bu umuman kartochka ko‘rsatiladigan holat emasdi, hakam xuddi Messini chetlatish uchun payt poylagandek tuyuldi.

Bilasizmi, nega Angliya futboli dunyoda tengsiz hisoblanadi? Chunki u yerda futbolchilarni qadrlashadi. Masalan, spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan Pol Gaskoyn necha martalab davolanish uchun pulga muhtoj bo‘lganida futbolchilar yordam berishdi. Angliyada sobiq futbolchilar nomiga tribunalarni atashadi, tirik futbolchilar qarib qolganida stadionlarda faxriy mehmonlar qatoridan joy olishadi. Shu bois Angliyada futbol madaniyat darajasiga ko‘tarilgan.

Janubiy Amerikada qanday? Ular futbolchilarni qadrlashmaydi. Ular o‘zlaridan chiqqan Messi dunyoning eng yaxshi futbolchisi ekanidan faxrlanish o‘rniga unga qarshi bayonotlar bilan chiqishadi, Messi nohaq maydondan chetlatilganida nomiga bo‘lsada videotakrorga murojaat qilishmaydi. Ular o‘z darvozasiga bilmasdan gol urib qo‘ygan 27 yoshli Andreas Eskobarni o‘ldirib ketishadi... Ular futbol deganda janjallar va mojarolarni tushunishadi, o‘sha mojaro markazida bo‘lishdan zavq olishadi. Balki shuning uchun sobiq futbolchilar faoliyati tugaganidan keyin ham Yevropada qolishar...

O‘tkir Jalolxonov

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz