Узбек O'zbek
Argentina KONMEBOLdan Braziliya bilan o‘yinni boshqargan hakamlar suhbatining audioyozuvini berishni so‘radi
Payshanba, 04 Iyul
4137

Argentina futbol assotsiatsiyasi Kopa Amerika yarim finalidagi Braziliya bilan o‘yinni boshqargan referi Roddi Sambranoning VAR hakami bilan audiomuloqoti yozuvini so‘rab, Janubiy Amerika Futbol Konfederatsiyasiga murojat qildi.

TyC Sports`ning xabar berishicha, Argentina tomoni ekvadorlik hakam o‘sha o‘yinda Braziliya darvozasiga ikkita penaltini belgilamagan, deb hisoblamoqda.

2 iyul kungi o‘yindan keyin KONMEBOL holatga izoh berib, bosh hakam Sambrano va videoassistent Leodan Gonsales o‘rtasidagi audioaloqada texnik muammo yuzaga kelganini bildirgan edi.

Globo Esporte`ning yozishicha, hakamlarni bog‘lab turuvchi audiotizimda nosozliklar Braziliya prezidenti xavfsizlik xizmati xodimlarining ayrim xatti-harakatlaridan keyin yuzaga kelgan. O‘sha o‘yinni mezbon mamlakat rahbari Jair Bolsonaru bevosita stadiondan kuzatgan edi.

Eslatib o‘tamiz, o‘yindan keyin mehmonlar sardori Lionel Messi o‘yindagi hakamlikdan shikoyat bildirgan, jumladan «hammani Braziliya boshqarayotgani»ni iddao qilgan edi.

«Hakam arzimagan folga ham kartochka ko‘rsataverdi (Argentina futbolchilari besh marta ogohlantirilgan) va biror marta ham VAR yordamiga murojaat etmadi, bunga ishonib bo‘lmaydi!

Butun o‘yin davomida shunday bo‘ldi. U kichik kontaktlar vaqtida ham raqib foydasiga hushtak chaldi, bu esa bizni o‘yindan chalg‘itaverdi. Bu juda shubhali.
Biz o‘zimizni oqlay olmaymiz, ammo barchasini tahlil qilish kerak. 

KONMEBOL bunga qandaydir chora ko‘rishiga umid qilaman. Ammo bu qiyin, chunki Braziliya hammani boshqaradi», – degandi Messi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz