Узбек O'zbek
Bu yozda top-klublar nishonida turgan Germaniyadagi 5 futbolchi
Seshanba, 25 Iyun
4805

Top-klublarning skautlari Germaniya chempionatini quyidagi futbolchilar tufayli ham kuzatishadi.

Kay Xaverts (20 yosh)
«Bayer» 
Transfer qiymati:
90 mln yevro (Transfermarkt bo‘yicha)

Kay – «Bayer»ning Bundesligada gol urgan eng yosh futbolchisidir. U 17 yosh 9 oy 22 kunligida jamoadagi ilk golini urgan. O‘tgan mavsum yakunida aynan uning jonbozligi «Bayer»ni Chempionlar ligasiga qaytardi, u so‘nggi 7 o‘yinda 7 gol urishga erishdi. Endilikda ushbu yarimhimoyachiga «Bavariya» talabgor bo‘lib turibdi, myunxenliklar 90 mln yevro taklif qilishmoqda, ammo «Bayer» bu futbolchisini 100 mln yevrodan kamiga sotmoqchi emas.

Timo Verner (23 yosh)
RB «Leypsig» 
Transfer qiymati: 65 mln yevro

23 yoshida u Germaniya terma jamoasida 25 o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. O‘z-o‘zidan, Vernerga «Bavariya» tomonidan qiziqish mavjud. Bu futbolchi uchun «Liverpul» va «PSJ» kabi jamoalar kurash olib borishmoqda. Xabarlarga ko‘ra, myunxenliklar fevraldayoq shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishishgan va endi hujumchini 2020 yil yozida erkin agent sifatida tekinga qo‘lga kiritish haqida o‘ylashmoqda.

Sebasten Aller (24 yosh)
«Ayntraxt» 
Transfer qiymati: 40 mln yevro

Barcha birinchi navbatda «Ayntraxt»ning yosh hujumchisi Luka Yovichga e’tibor qaratdi, u yakunda «Real»ga o‘tib ketdi. Ammo Allerga ham da’vogarlar ko‘p. Xabarlarda top-klublar nomi ham tilga olinmoqda. Ushbu fransuzni tarkibida ko‘rayotgan jamoalar: «Yuventus», «MYU», «Borussiya» D, «Nyukasl» va «Vest Hem». Bu hujumchini «Ayntraxt» 2017 yil yozida «Utrext»dan 7 mln yevroga sotib olgandi, endi esa bir necha baravar qimmatroqqa sotishi mumkin. Uning unikal jihati – yakkakurashlarda yutib chiqishidadir. Bu borada u o‘tgan mavsumda Bundesligadagi eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgan. Qolaversa u «gol+pas» tizimida turnirning kuchli beshligiga kirgan (15+9).

Joelinton (22 yosh)
«Hoffenxaym» 
Transfer qiymati: 35 mln yevro

Bu ro‘yxatdagi nisbatan notanish futbolchi. Uning statistikasi yaxshi, ammo juda zo‘r emas – 7ta gol, ammo undagi o‘sishni barcha sezib turibdi. Bir mavsum davomida uning transfer qiymati 1,25 mln yevrodan 35 mln yevroga yetdi. Gap shundaki, bu braziliyalik futbolchi universal – u hujumning istalgan nuqtasida harakatlana oladi: markazda ham, qanotlarda ham, hujumchi ortida ham. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Nyukasl» ushbu futbolchini 47 mln yevroga sotib olishi mumkin.

Jeydon Sancho (19 yosh)
«Borussiya» Dortmund 
Transfer qiymati: 100 mln yevro

Ro‘yxatdagi eng yulduzli nom. Sancho – taqdiri qiziq kechgan futbolchi. Angliya terma jamoasining ushbu vingeri hech qachon Angliya chempionatida to‘p surmagan. U Londonda tug‘ilib o‘sgan, «Uotford» va «Manchester Siti»da yoshlar jamoalarida to‘p surgan, Gvardiola unga ishonch bildirmaganidan keyin «Borussiya» Dortmund safiga kelib qo‘shilgan. «Siti» u bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmagan va Sancho jamoa mashg‘ulotlarini ham boykot qilishgacha borgan. 

Yakunlangan mavsumda Sancho nafaqat «Borussiya»da, balki Bundesligada ham eng yaxshi assistent bo‘ldi. U chempionat o‘yinlarida 14ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Shu bilan birga 12ta gol urdi (gol+pas tizimida Levandovskidan keyingi eng yaxshi natija). U hali 19 yoshda! U Germaniya chempionatidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylanishi mumkin.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz