Узбек O'zbek
Tokio Olimpiadasi uchun boks yo‘llanmalari qay tartibda o‘ynalishi e’lon qilindi
Payshanba, 20 Iyun
2108

Ayni kunlarda Shveysariyaning Lozanna shahrida Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ko‘rib chiqilgan dastlabki masala kelasi yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha bahslarning yo‘llanmalari qay tartibda taqsimlanishi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Ma’lum qilinishicha, Tokio-2020 Olimpiadasida boks bahslari uchun erkaklar o‘rtasida -52, -57, -63, -69, -75, -81, -91 va +91 kg vazn toifalari amal qiladi. Ayollar o‘rtasida esa -51, -57, -60, -69 va -75 kilogramm vazn toifalari bo‘yicha janglar olib boriladi.

Osiyo-Okeaniya mintaqasi uchun jami 63ta litsenziya ajratilib, ulardan 41tasi erkaklar, 22tasi ayollar boksi o‘rtasida taqsimlanadi.

Olimpiya vazn toifalarida qit’alar uchun turli miqdorda yo‘llanmalar ajratildi. Masalan, bizning mintaqamizda -52, -57 va -63 kg vazn toifalariga 6tadan, -69, -75 va -81 kg vazn toifalariga 5tadan, -91 va +91 kg vazn toifalari uchun 4tadan o‘rin ajratilgan. Ayollar toifasida esa -51 kg vazn uchun 6tadan, qolgan kategoriyalarga 4 tadan o‘rin berildi.

Olimpiada uchun saralash turnirlari kelasi yilning yanvar-may oylarida o‘tkazilishi belgilandi. Bu oraliqda 4ta qit’aviy va 1ta jahon miqyosida saralash turnirlari o‘tkaziladi.

Saralash musobaqalari mezbonlari hozircha e’lon qilinmagan.

Yanvar-aprel oralig‘ida barcha qit’alar bo‘ylab mintaqaviy saralash turnirlari o‘tkazilsa, unda yo‘llanma ololmaganlar uchun 2020 yilning may oyida jahon miqyosidagi litsenzion musobaqa bo‘lib o‘tadi.

Qo‘shimcha qilish joiz, Tokio Olimpiadasida boks bellashuvlari 25 iyul-9 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz