Узбек O'zbek
Sebalos Zidan bilan ziddiyatli suhbati haqidagi xabarlarni inkor etdi
Seshanba, 18 Iyun
1783

«Real» yarimhimoyachisi Dani Sebalos ispan matbuotida u tomonidan bosh murabbiy Zinedin Zidanga qarata aytilgan so‘zlar, deya talqin etilgan iqtibosni rad etdi.

«Ba’zi OAVda (men ularning nomini oshkor qilmaslikni afzal bilaman) tarqalgan ma’lumot yuzasidan shuni aytmoqchimanki, men va «Real» murabbiylari o‘rtasidagi hech bir muloqot jamoatchilikka ma’lum bo‘lib qolmagan. Men tomonimdan aytilgan deya tarqatilgan so‘zlarni mutlaqo rad etaman.

Bunday yolg‘on xabarlarni tarqatish o‘ta noprofessionallikdir. Ayniqsa yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatidek muhim xalqaro musobaqa vaqtida bunday qilinishi noo‘rin», – deb yozdi Sebalos Twitter sahifasida

Avvalroq ispan OAVda tarqalgan xabarlarda ustozi Zinedin Zidan bilan suhbatda go‘yoki: «Bo‘ldi, tushunarli, mister. Mening ham siz bilan ishlashda davom etgim yo‘q», – deya ta’kidlagani aytilgan edi.

Qayd etish kerak, Zidan bosh murabbiy lavozimiga qaytganidan keyin Daniga faqat uchta o‘yindagina imkoniyat berdi. U o‘tgan hafta Onda Cero radiosiga bergan intervyusida bosh murabbiy u bilan ochiq-oydin gaplashganini tasdiqlagan edi.

«Zidan men bilan dangaliga gaplashdi. Uning tushuntirishini qabul qildim.

Shartnomamda juda yuqori miqdorda tovon puli belgilangan. Bitim muddati tugashiga to‘rt yil bor va men «Real»da muvaffaqiyat qozonmoqchiman.

Lopetegi bilan yaxshi ishlay boshlagandik, lekin keyin ikkinchi raqamliga aylana bordim. O‘yinchi uchun eng muhimi – murabbiyning ishonchi. Milliy jamoada men o‘zimni muhim futbolchi deb his qilaman. «Real»dan ketsam ham, menga ahamiyatli o‘yinchi sifatida qaraydigan jamoaga o‘taman.

Yevropadagi istalgan klubda o‘ynab keta olishimni ko‘rsatmoqchiman. Yutuqlarga erishmoqchi bo‘layotgan yosh futbolchiman, shunday ekan yana bir yilni maydonga tushmay o‘tkazishni istamayman», – degandi Sebalos «El Transistor» dasturida.

Ma’lumot uchun, Dani o‘tgan mavsumda La Liganing 23ta turida qatnashib, ulardan 13tasida asosiy tarkibda maydonga tushdi va 3ta gol muallifi bo‘ldi.

«Betis» tarbiyalanuvchisi mazkur klubdan «Real»ga ikki yil oldin kelib qo‘shilgan, uning transfer qiymati 18 mln yevroni tashkil etgandi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz