Узбек O'zbek
Milliy olimpiya qo‘mitasining olti oy oldin saylangan vitse-prezidentlari ishdan ketdi
Juma, 14 Iyun
2449

Milliy olimpiya qo‘mitasining birinchi vitse-prezidenti Ahmadjon Rahimov lavozimini tark etdi. U bilan birga tashkilotning yana bir vitse-prezidenti Komiljon Ro‘ziyev ham mansabini topshirgan.

Tribuna.uz manbasi ma’lumotiga ko‘ra, qo‘mita prezidenti Rustam Shoabdurahmonov bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ishdan ketgan vitse-prezidentlar o‘rniga Saken Polatov va Azizjon Komilov nomzodlarini ilgari surgan va bu nomzodlar bir ovozdan ma’qullangan.

Qayd etish kerak, tadbirkor Saken Polatov fevral oyida O‘zbekiston boks federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti bo‘lgandi. U bungacha «Lokomotiv» futbol klubi rahbariyatida ishlab kelgan.

Azizjon Komilov esa O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi sanaladi. U bu lavozimga 2018 yil dekabr oyida saylangan.

Ma’lumot uchun, o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasida raisi Ahmadjon Rahimov va Osiyo Kurash Konfederatsiyasi prezidenti Komiljon Ro‘ziyev MOQ vitse-prezidenti sifatida dekabrdan buyon ishlab kelayotgan edi.

Qo‘mitaning uchinchi vitse-prezidenti Salim Abduvaliyev – O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi hisoblanadi. Ayni paytda tashkilotda Rahimov o‘rniga kim birinchi vitse-prezident sifatida ish boshlashi ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov 15 may kuni Umid Ahmadjonov o‘rniga saylangan edi. Ahmadjonov kecha, 13 iyun kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti lavozimidan ketish haqida ariza yozgan. Bugun O‘FAda hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz