Узбек O'zbek
Pro-liga klubi rahbari futbolchilarni totalizatorga undab, ko‘ndira olmagach ularning ustidan PFLga shikoyat qildi
Dushanba, 10 Iyun
3438

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshida tashkil etilgan maxsus inspeksiya totalizator va kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan shaxslarni aniqladi.

O‘FA bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, «B» Pro-liga ishtirokchisi Buxoroning «Zarangari» klubi rahbari Furqat Toirovning O‘zPFLga taqdim etgan xati asosida assotsiatsiya maxsus inspeksiyasi surishtiruv ishlarini olib borgan.

Xatda «Zarangari» futbol klubining besh nafar futbolchisi kelishilgan o‘yinlarda gumon qilinayotgani aytilgan bo‘lib, ularning ism-shariflari aniq ko‘rsatib o‘tilgandi. Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, klub rahbariyatining o‘zi nohalol futbolga yo‘l ochib bergan va bu ishga unamagan futbolchilarni tuhmat tariqasida jamoadan chetlashtirish chorasini ko‘rmoqchi bo‘lgan.

«Zarangari» futbol klubi rahbari Furqat Toirov «Zarangari»da moliyaviy muammolar borligini ro‘kach qilib, jamoaning barcha ishlariga endilikda Sherzod Sattorov javobgar bo‘lishini futbolchilarga rasman ma’lum qilgan (Sherzod Sattorov O‘zPFL ro‘yxatidan «Ittifoq-Buxoro» futbol klubi bosh murabbiyi sifatida o‘tgan). «Zarangari» futbolchilari F.Toirovdan hozirgi kungacha bo‘lgan moliyaviy hisob-kitobni amalga oshirishini talab qilishgan. Mana shu masalada muammo kelib chiqqan.

Keyinroq Sh.Sattorov barcha masalani o‘zi hal qilishini, kerak bo‘lsa transfer oynasi ochilmayoq yangi futbolchilarni jamoaga olib kelishga qudrati yetishi haqida aytgan. Oylikdan tashqari pul ishlash niyatida bo‘lgan futbolchilar uning ko‘rsatmasi bilan totalizatorda ishtirok etishlari kerakligini uqtirmoqchi bo‘lgan. 

O‘FA maxsus inspeksiyasi Furqat Toirov hamda Sherzod Sattorovlarning futbolchilar bilan suhbatlari yozilgan audioyozuvni to‘liq qo‘lga kiritdi. Ma’lum bo‘ldiki, Sh.Sattorov hamda F.Toirov rejasiga unamagan futbolchilarni O‘zPFL orqali gumonlantirilib, ulardan xalos bo‘lishni istagan. Rahbarlardan farqli o‘laroq, futbolchilar alohida-alohida suhbatdan o‘tkazilganda, ularning fikrlari asosli bo‘lib chiqdi, jamoa a’zolari faktlar asosida ko‘rsatma berdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘FA Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasi qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, «Ittifoq-Buxoro» jamoasi bosh murabbiyi Sherzod Sattorovning qilmishlari kechirib bo‘lmas, deb hisoblandi va u bir umrga futbolga aloqador barcha faoliyatdan chetlashtirildi.

Sh.Sattorov Buxoro viloyatidagi maktablardan birida jismoniy tarbiyadan ham dars berishi haqida aytib o‘tdi. Yosh avlodni uning kabi kishilar boshqarmasligi kerak deb hisoblanib, O‘FA qo‘mita qarorini mazkur maktabga ham taqdim etadi. Shuningdek, audioyozuvlarga ko‘ra, Sh.Sattorov O‘FA hamda O‘zPFLning ayrim xodimlarini haqorat qilgan, ularga jiddiy tuhmatlar yog‘dirgan.

O‘FA Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasi «Zarangari» futbol klubi rahbari Furqat Toirovni 1 yilga futboldan chetlashtirdi va 20 million so‘m jarima jazosi qo‘lladi. Keyingi tekshiruvlar jarayonida uning ham kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi fakti topilsa, jazo o‘zgartiriladi.

Ma’lumot uchun, «B» Pro-liganing G‘arb mintaqasida qatnashayotgan «Zarangari» 9-turdan keyin 8 jamoa orasida 6-o‘rinni egallab turibdi. Klubga 3- va 9-turlar doirasidagi safar o‘yinlariga bormagani uchun ikki marotaba texnik mag‘lubiyat yozilgan.

9-turda, shuningdek, Shuhrat Sattorov bosh murabbiyligidagi «Ittifoq-Buxoro» klubi ham texnik mag‘lubiyatga «uchragan», bunga so‘nggi o‘rinda borayotgan klubning PFLga badal pulini o‘z vaqtida to‘lamagani sabab bo‘lgan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz