Узбек O'zbek
Yozda klubini almashtiradigan 8 futbolchi. Kim qayerga o‘tadi?
Juma, 07 Iyun
7783

Yozning ilk kunlaridayoq muhim va shov-shuvli kelishuvlar amalga oshishi boshlandi. Hammasini oldindan hal qilib qo‘yishni istaganlar bahorda yoki hatto qishdayoq harakat boshlagandi. Yana kimlardadir esa vaqt talab etilmoqda. Ayrim yulduz futbolchilar esa shu yozda jamoasini almashtiradi, ammo ularning bo‘lajak jamoasi hozircha aniq emas.

1. Mateys de Ligt, «Ayaks»
Transfermarkt bo‘yicha bahosi – 70 mln yevro

«Ayaks»ning markaziy himoyachisi hali 19 yoshda bo‘lishiga qaramay xalqaro turnirlarda katta tajriba to‘plashga ulgurdi. U terma jamoada ham (Angliya darvozasiga), Chempionlar ligasining pley-off o‘yinlarida ham (chorak finalda «Yuventus»ga, yarimfinalda «Tottenhem»ga) gol urdi, «Ayaks»ga sardorlik qildi. Klub rahbariyati Mateys keyingi mavsumgacha qolmasligini tushunib turibdi. «Biz u qolishini istardik, ammo buning imkoni yo‘qligini tushunamiz. Menimcha, u Angliya yoki Ispaniya klubiga yo‘l oladi», — degan Edvin van der Sar. Bu esa amsterdamliklar bosh murabbiyi Erika ten Xaagning so‘zlari: «De Ligtni tarkibda saqlab qolish ilojsiz. Juda ko‘p jamoalar uni o‘z tarkibida ko‘rishni istamoqda. Yakunda u qayerga o‘tishini bilmaymiz – «Barselona»gami, «Bavariya»gami. Ko‘rinishidan, uning o‘zi ham buni bilmaydi. Ammo klub uning ketishiga ko‘nib bo‘lgan».

2. Nikolya Pepe, «Lill»
Transfermarkt bo‘yicha bahosi – 65 mln yevro

Ivuarlik vinger Fransiya ligasida porladi va «Lill» prezidenti aprel oyidayoq uning ketishi masalasi «hal bo‘lib ulgurgan masala» ekanini aytdi. Futbolchi va klub endi takliflar orasidan eng ma’qulini tanlashi kerak. Bu esa oson emas: Pepe uchun navbatlar hosil bo‘lgan. Bahorda «Inter» uning transferi uchun 60 mln yevro yevro taklif qilayotgandi, hozir esa futbolchi uchun «MYU», «PSJ», «Bavariya» va «Liverpul» klublari raqobat qilmoqda. L'Equipe ma’lumotiga ko‘ra, inglizlar futbolchi uchun 80 mln yevro to‘lashga tayyor. Buni to‘g‘ri tushunish mumkin: Liganing 35 o‘yinida 34 golda ishtirok etgan (20 gol va 14 golli pas) futbolchi uchun har qancha xarajat qilsa arziydi.

3. Xuan Mata, «Manchester Yunayted»
Transfermarkt bo‘yicha bahosi – 25 mln yevro

May oyi boshida «MYU» rahbariyati Xuanga navbatdagi marta shartnomani uzaytirish bo‘yicha taklif bergandi, futbolchi esa navbatdagi marta taklifni rad etdi. Endi iyun oyi oxirida u erkin agentga aylanadi. Hozircha u keyingi mavsumda qayerda o‘ynashi ma’lum emas. Yanvar oyida u «Barselona» bilan muzokaralar o‘tkazayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi, ammo tomonlar hozirgacha kelisha olishmadi. Mata klubsiz qolmasligi aniq: ayni vaqtda 31 yoshda bo‘lgan havbek Yevropadagi bir necha granddan tashqari boshqa istalgan jamoani kuchaytira oladi, u so‘raydigan maosh ham (3 yillik shartnoma va yiliga 5 mln yevro) hozirgi o‘lchovlarga ko‘ra kamtargina. Qolaversa, u erkin agent sifatida bo‘lajak klubiga tekinga tushadi.

4. Garet Beyl, «Real»
Transfermarkt bo‘yicha bahosi – 70 mln yevro

Hech bir futbolchi Zinedin Zidan Garet Beylga qilgan e’tiborsizlikni ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Chempionat yakunida formasi joyida bo‘lsada murabbiy uni o‘yinlarga zayavka qilmay ham qo‘ydi. Murabbiy o‘z harakatlarida ham, so‘zlarida ham uelslik futbolchiga jamoada joy yo‘qligini yashirmadi. «Men boshqa futbolchilarga ishonch bildirmoqdaman, menimcha, bu ochiq ko‘rinib turibdi. Tarkib bo‘yicha qarorni men qabul qilaman, kimdir buni qabul qilishga qiynalsa ham» — shunda javob bergandi Zidan Garetning Madriddagi kelajagi haqidagi savolga. Lekin Beylning agenti mijoziga yangi klub axtarishga shoshilmayapti, u mavsumlar oralig‘ida murabbiyning fikri o‘zgarishidan umid qilmoqda. Lekin buning ehtimoli juda kam.

5. Keylor Navas, «Real»
Transfermarkt bo‘yicha bahosi – 12 mln yevro

Madriddagi AS nashri may oyida Chempionlar ligasining 3 karra g‘olibi u jamoaning keyingi mavsum uchun rejalariga kirmasligidan xabardor qilingani haqida xabar tarqatdi. U Zidanning «qora ro‘yxati»ga qo‘shilgan edi. Hozir «Real» va futbolchining agenti unga yangi klub qidirmoqda. Ehtimoli yuqori bo‘lgan variantlardan biri «PSJ» hisoblanadi, klub Navas yoki David de Xeadan birini safiga qo‘shib olmoqchi. Shu bilan birgalikda, agar Parijga ispaniyalik darvozabon yo‘l oladigan bo‘lsa, kosta-rikalik posbon «MYU»da uning o‘rnini egallaydi. Bu holatda, Navas Pogbaning Madridga transferining bir qismiga aylanishi ham mumkin.

6. Adriyen Rabo, «PSJ»
Transfermarkt bo‘yicha bahosi – 35 mln yevro

«PSJ» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bu futbolchi klub bilan yangi shartnoma tuzishi va klubning afsonalaridan biriga aylanishi ham mumkin edi. Ammo buning o‘rniga u «Barselona»ga o‘tmoqchi bo‘ldi. Uning onasi esa (ona agent ham) – o‘g‘lini katalonlar klubiga transfer qilish orqali 10 million yevro miqdorida bonus ishlab olishni ko‘zladi. «PSJ»ning pozitsiyasi esa kutilmaganda juda qat’iy bo‘lib chiqdi: Rabo o‘tgan yilning dekabrida tarkibdan chetlatildi va yangi shartnomaga qo‘l qo‘ymagunicha tarkibga qaytarilmasligi ma’lum qilindi. Futbolchi bo‘yin bermadi va 2018 yilning dekabridan buyon o‘yin amaliyotisiz qolmoqda. Uning transfer qiymati o‘tgan vaqt ichida 50 mln yevrodan 35 mln yevrogacha tushdi. «PSJ» bilan shartnoma muddati 30 iyunga qadar, ammo muammo shundaki, «Barselona» Rabo bilan bir pozitsiyada o‘ynovchi Frenki de Yongni sotib olgan va endi asosiy e’tiborini de Ligt va Grizmannga qaratgan. Umuman, bu jamoa markaziy yarimhimoya chizig‘idagi muammolarni hal qilib bo‘lgan va boshqa pozitsiyalarini kuchaytirish uchun ish olib bormoqda.

Futbolchi agentini almashtirdi va hamon kataloniyaliklar klubiga o‘tishni orzu qilmoqda. Bu vaqtda esa unga «Tottenhem»dan qiziqish mavjud. Ammo bu klubga o‘tsa, futbolchi maoshi sezilarli darajada kamayishiga rozi bo‘lishiga to‘g‘ri keladi.

7. Mauro Ikardi, «Inter»
Transfermarkt bo‘yicha bahosi – 80 mln yevro

Bir yil muqaddam argentinalik futbolchi uchun xaridorlar yetarli edi, «Inter» esa uning transfer narxini ko‘tarish uchun u bilan yangi shartnoma imzolamoqchi bo‘lgandi. 110 mln yevro juda kam ko‘ringandi. Bir mavsum o‘tib esa vaziyat keskin o‘zgarib ketdi: endi «Inter» argentinalik hujumchisini sotib yubormoqchi, ammo hech bir klub uning uchun hatto 80 mln yevro taklif qilmayapti. Ikardi o‘tgan mavsum davomida jamoadoshlari bilan, Spalletti bilan, rahbariyat bilan, muxlislar bilan urishib chiqdi – umuman olganda, u keyingi mavsumda ham jamoada qolishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qolaversa jamoaning yangi bosh murabbiyi Antonio Konte bebosh futbolchidan qutulishni maqsad qilgan, Ikardi uning keyingi mavsum uchun rejalaridan o‘rin olmagan.

8. Antuan Grizmann, «Atletiko»
Transfermarkt bo‘yicha narxi – 150 mln yevro

Mavsum yakunida Grizmann «Atletiko» muxlislari bilan xayrlashdi. Keyin klub prezidenti Enrike Sereso futbolchining qaroridan ranjiganini aytdi. Uning «Barselona»ga transferi shu kunlarda amalga oshishi kerak edi. Ammo turg‘unlik yuzaga keldi - hamma jimib ketdi.  Antuanning o‘zidan keyingi mavsumda qaysi klubda o‘ynashini so‘rashganida esa shunday javob berdi: «Yaxshi savol. Bilmayman».

Nimalar bo‘lmoqda? Aftidan, «Barselona» futbolchilari uning kelishini ma’qullashmagan. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchilar uni kutishmayotgani haqida klub rahbariyatiga jamoa yetakchisi Leo Messi yetkazgan. O‘z navbatida Ernesto Valverde uni jamoada ko‘rishni istayotgani haqida aytgan. Grizmannda boshqa klublardan ham takliflar bor –  «MYU» va «Bavariya» ham unga anchadan buyon qiziqib keladi. Umuman olganda, butunlay chigal vaziyat.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz