Узбек O'zbek
Boks. O‘zbekiston va Kuba terma jamoalari qo‘shma yig‘in o‘tkazishi mumkin
Payshanba, 30 May
1171

Boks bo‘yicha O‘zbekiston va Kuba terma jamoalari qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini tashkil etishi mumkin. O‘zbekiston boks federatsiyasi Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonovga shunday taklif bilan chiqqan.

«Menga boks federatsiyasidan Kuba terma jamoasi bilan qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish bo‘yicha taklif bildirishdi. Buni tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashib hal qilamiz, kerakli sharoitlarni, albatta, yaratib beramiz.

Qachongacha sportchilarimiz bir-birlariga qarshi sparring raqib bo‘lishadi? Marhamat, har bir federatsiya mana shunday qiziqarli va yaxshi takliflar bilan chiqishsin. Milliy olimpiya qo‘mitasi sizlar uchun faoliyat olib boradi axir», – degan Shoabdurahmonovning so‘zlarini keltirdi qo‘mita matbuot xizmati.

MOQ rahbari bu haqda bugun, 30 may kuni O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gapirib o‘tgan.

Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik yuzasidan o‘tkazilgan majlisda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari, MOQ mutasaddilari, barcha federatsiya va assotsiatsiyalar mas’ul rahbarlari qatnashgan.

Ma’lum qilinishicha, Rustam Shoabdurahmonov bunga qadar 10 kun davomida barcha sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqqan. Sport bazalari va u yerdagi sharoitlarni bevosita borib ko‘rgan. Bugungi yig‘ilishda aynan mazkur tekshiruv hulosalariga bag‘ishlangan..

«Mana, barcha federatsiyalarning o‘quv-mashg‘ulot bazalariga tashrif buyurib, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqdik. Ahvol ijobiy emas. To‘g‘ri, bir qator federatsiyalarimiz borki, ularda terma jamoamiz a’zolari uchun juda ham yaxshi sharoitlar yaratib berilgan. Lekin ko‘p joylarda hatto sportchilarning yashashi uchun elementar sharoit yo‘q.

Hukumatimizga rahmat, bizdan kerakli moddiy yordamini ayamayapti. Biz esa o‘z navbatida fursatni boy bermay, zudlik bilan barcha sharoitlarni yaxshilab olishimiz zarur» – degan MOQ prezidenti.

Yig‘ilish davomida uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini ko‘proq tashkil qilish, ularning sifatiga e’tibor qaratish, moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash borasidagi masalalar bo‘yicha mutassadilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan. O‘z navbatida federatsiya mas’ullari ham jahon standartlaridan kelib chiqqan holda o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tishgan.

Eslatib o‘tamiz, Rustam Shoabdurahmonov 15 may kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarligiga saylangan edi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz