Узбек O'zbek
Massimiliano Allegri: «Ketishning ayni vaqti edi...»
Shanba, 18 May
2493

Turinning «Yuventus» klubi iste’foga chiqarilgan Massimiliano Allegri ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Allegri, «Yuventus» bosh direktori Andrea Anelli, futbolchilar va OAV xodimlari qatnashgan anjumanda murabbiy nima uchun ketgani haqida gapirdi.

«Avvalo futbolchilarga rahmat aytmoqchiman. Biz birgalikda muzaffar jamoani yarata oldik. Keyingi yil jamoa Italiyada ham, Chempionlar Ligasida ham yaxshi natija ko‘rsatishiga umid qilaman.

Klub keyingi mavsumni mensiz o‘tkazishga qaror qildi. Ammo bu mening «Yuventus»ga bo‘lgan munosabatimni o‘zgartira olmaydi. Biz yomon ishlamadik. Hozir ketishning ayni vaqti edi. Ertaga biz ikkita narsani nishonlaymiz. Avvalo skudetto g‘olibligini tantana qilamiz, bundan tashqari faoliyatidagi oxirgi o‘yinni o‘tkazadigan Andrea Bardzallini ajoyib faoliyati bilan qutlaymiz.

Men murabbiy sifatida avvalo o‘yinlarni tahlil qildim, natijalarni emas. Har doim yaxshi o‘ynay olmadik, chunki bir mavsumda 30 dan ortiq yaxshi o‘yin o‘tkazish imkonsiz. 5 yil «Yuventus»da ishlab, jamoaning bir qismiga aylandim. Bunday ajoyib jamoada ishlaganimdan faxrlanaman»,- dedi Allegri.

Massimiliano Allegri «Yuventus»da 5 yil ishlab, 11 ta sovrinni qo‘lga kiritdi: 5 ta skudetto, 4 ta mamlakat kubogi va 2 ta Italiya Superkubogi. Uning qo‘l ostida «Yuve» A Seriyadagi eng uzun g‘alabali seriya (15 ta o‘yin) qayd etdi. Allegri A Seriyada «Yuventus» bilan o‘tkazgan o‘yinlarining 75,5 foizida g‘alaba qozondi va har o‘yinda o‘rtacha 2,41 ochko to‘pladi. Bu klub murabbiylari uchun rekord natija.

Allegri ketma-ket 4 mavsum ham kubok, ham chempionatda g‘olib chiqqan kuchli beshlikdagi ilk murabbiyga aylandi. U skudettoni ketma-ket 5 marta yutgan A Seriya tarixidagi yagona murabbiy bo‘lib ham tarixda qoldi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz