Узбек O'zbek
Koutino Angliyaga qaytishga yaqin
Chorshanba, 15 May
15552

«Barselona» vingeri Filippe Koutino yozgi transferlar chog‘ida Angliya chempionatiga qaytishi mumkin.

Cadena Ser nashri xabariga ko‘ra, «Chelsi» ushbu braziliyalik futbolchini tarkibga qo‘shib olmoqchi. Bu transfer FIFA tomonidan «Chelsi»ga qo‘yilgan taqiqlar bekor qilingan taqdirda amalga oshishi mumkin.

Klub rahbariyati Koutinoni yozda «Real»ga yo‘l oladigan Eden Azarning o‘rniga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. O‘z navbatida, «Barselona»ga «Atletiko»dan Antuan Grizmann kelgach, Koutino butunlay zaxira o‘rindig‘iga mixlanishi mumkin.

Bundan avvalroq, «Barselona»ning asosiy tarkibidan muqim o‘rin ololmagan futbolchiga «Manchester Yunayted» va «PSJ» klublaridan takliflar borligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Ma’lumot uchun, Koutino avval ham APLda to‘p surgan, 2013-2018 yillarda «Liverpul» safida 152 o‘yinda ishtirok etgan. 

Koutino joriy mavsumda «Barselona»ning barcha turnirlar doirasidagi 53 o‘yinida ishtirok etib, 11 gol urdi va 5 golga uzatma berdi. Uning «Barselona» bilan shartnomasi 2023 yilga qadar tuzilgan.

ESPN ma’lumotiga ko‘ra, Koutino o‘tgan bir yarim yil davomida klub rahbariyati ishonchini oqlay olmagan. 2018 yilning yanvarida «Barselona» uni «Liverpul»dan o‘zi uchun rekord miqdordagi 160 million yevro evaziga sotib olgandi.

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz