Узбек O'zbek
Grizmann «Barselona»ga o‘tadi. Kataloniyada uni bir yildan buyon kutishmoqda
Chorshanba, 15 May
5706

«Atletiko» fransuz hujumchisi klubdan ketishga qaror qilgani haqida rasman e’lon qildi.

Grizmanning ketish qarori qanday ma’lum qilindi?
Antuan Grizmann «Atletiko»ni tark etadi! Madridliklar klubi matbuot xizmati rasmiy saytida, fransuz hujumchisi klub bosh murabbiyi Diyego Simeone va klub bosh direktori Migel Anxel Xil Marin bilan uchrashuv o‘tkazgani, uchrashuvda u rahbariyatga mavsum yakunida klubni tark etishini ma’lum qilgani haqida rasmiy xabar berildi.

«Bu g‘aroyib 5 yil bo‘ldi, barchasi uchun katta rahmat, siz hamisha qalbimda qolasiz», — deya Grizmanning so‘zlarini keltirdi klub rasmiy sayti.

Hech kimga sir emaski, Grizmann faoliyatini «Barselona»da davom ettiradi. Katalonlar klubi «Atletiko»ga futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan badal puli miqdorini to‘lashga tayyor. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning 1 iyulida badal puli miqdori 200 mln yevrodan 120 mln yevrogacha tushadi. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, bu transferdan «Real Sosedad» ham 20 foizlik ulush (24 mln yevro) olishi mumkin.

Don Balon bergan ma’lumotga ko‘ra esa, «Barselona» va «Atletiko» futbolchilarini almashtirishga kelishgan. Ispaniya chempionlari «matraschilarga» 28 yoshli fransuz uchun o‘z yarimhimoyachisi Filippe Koutinoni taklif qilgan. Braziliyalik futbolchi ham Madridga o‘tishga rozi bo‘lgan.

Grizmanning «Atletiko»dagi faoliyati qanday kechdi?
Grizmann «Atletiko»da 5 mavsum o‘tkazdi. 2014 yilning iyulida madridliklar klubi uni «Real Sosedad»dan 30 mln yevro (Transfermarkt ma’lumoti) evaziga sotib olgandi. Fransuz futbolchisi o‘tgan mavsumlar davomida klub safida barcha turnirlar doirasida 256 o‘yinda maydonga tushdi va 133 gol urib, 50 golga uzatma berdi. 

«Atletiko» safida Antuan uchta sovrin egasi bo‘ldi – 2017/18 yilgi mavsumda Yevropa Ligasi, 2018 yilda UEFA Superkubogi va 2014 yilda Ispaniya Superkubogi. 2016 va 2018 yillarda Grizmann France Football tomonidan «Oltin to‘p» uchun nomzodlarning uch kishilik ro‘yxatiga kiritildi. 2016 yilda uni Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi, 2018 yilda esa – Luka Modrich va Ronaldu ortda qoldirdi.

Diyego Simeone jamoasida u Yevropa futbolining haqiqiy yulduziga aylandi. «O‘ylaymanki, men hozirda Messi va Ronaldu bilan bir stoldaman. Bilaman, jahon futbolida yana ajoyib futbolchilar paydo bo‘ladi va anglab turamanki, rivojlanishda davom etish kerak. Bu men uchun stimul», degandi u o‘tgan yilning sentyabrida. Endi fransuz Messi uchun ishlaydi.

Nima uchun Grizmanning transferi bir yil oldin amalga oshmagandi?
Grizmanning «Barselona»ga  transferi bir yil oldin amalga oshishi kutilgandi. Ispan nashrlari o‘shanda katalonlar klubi hujumchi bilan kelishib olishgani haqida yozishgan, bu xabarlardan keyin «Atletiko» muxlislari futbolchini qarori uchun tanqid qilib, o‘yin vaqtida unga hushtakbozlik qilishgandi. Ammo, alal-oqibat, Antuan klubiga transferlar bo‘yicha taqiq qo‘yilgani uchun «Atletiko»da qolishga qaror qilgandi. Madridliklar klubi uning yillik maoshi miqdorini 23 mln yevroga oshirgandi. Mish-mishlarga ko‘ra, Grizmann o‘shanda transfer barbord bo‘lgani uchun «Barselona»ga tovon puli to‘lashiga ham to‘g‘ri kelgan. 

«Barselona»ga rad javobi berish? Bu mening qarorim edi va men bundan faxrlanaman. Men jamoada qoldim, chunki loyihamizda ambitsiyali maqsadlar bor. Men bu klubga va Simeonega ishonaman…  «Barselona»dek klubga «yo‘q» deyish qiyin, ammo meni «Atletiko»da barchasi qanoatlantiradi. Men bu yerda o‘z uyimdagidekman. Men bu yerda juda katta ishlar qilmoqchiman», – degandi Grizmann UEFA Superkubogi uchun o‘yinda «Real» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin.

Ammo 2018/19 yilgi mavsumni jamoa bo‘sh o‘tkazdi va mavsum Simeone jamoasi uchun sovrinsiz yakunlandi. «Atletiko» Ispaniya chempionatida ikkinchi bo‘ldi, Chempionlar ligasini 1/8 finaldayoq tark etdi. El Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, Grizmann katalonlar klubi safiga o‘tish uchun maoshi miqdori kamayishiga ham rozi bo‘lgan. Shu bilan birgalikda, amaldagi chempionlarning ayrim futbolchilari avvaliga fransuzni o‘tgan yilgi qarori uchun sotib olishga qarshi chiqishgan. Lekin aftidan jamoa Chempionlar ligasida «Liverpul»dan alamli tarzda mag‘lub bo‘lib, turnirni yarimfinalda tark etgach, bu futbolchilar ham «Barselona» tarkibini kuchaytirishga qarshi bo‘lishmaydi.

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz