Узбек O'zbek
Umid Ahmadjonov Tokio-2020 Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasining vitse-prezidenti bilan uchrashdi
Juma, 10 May
693

Tokio-2020 Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasining vitse-prezidenti Toshiaki Endo kecha, 9 aprel kuni ikki kunlik amaliy tashrif bilan Toshkentga keldi.

Bugun kunchiqar yurt vakillari boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib, qo‘mita prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashdi. Uchrashuvda MOQ rahbariyati va mutasaddilari, shuningdek, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nabuaki Ito ham qatnashdi.

“Sizni Toshkentda ko‘rib turganimizdan behad mamnunmiz. Tokioga qilgan tashrifimda Olimpiada tashkilotchilarining musobaqaga olib borayotgan tayyogarligini ko‘rib hayratda qolgan edim. Biz ham 2030 yili Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonda o‘tkazmoqchimiz. Musobaqani yuqori saviyada tashkil etishda sizlarning bu boradagi tajribangiz bizga kerak bo‘ladi.

Biz Yaponiya Olimpiya qo‘mitasi va Yaponiya futbol assotsiatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik borasida memorandum imzolaganmiz va bu borada izchil ishlar olib borilmoqda. Olimpiya o‘yinlari oilasiga kirgan yapon sport turlari bo‘yicha milliy federatsiyalaringiz bilan ham hamkorlik qilish rejamiz bor. Albatta, bunda sizning ko‘magingiz asqotadi.

Shunindek, Olimpiadaga olib borilayotgan tayyorgarlikni o‘zbek xalqiga ko‘rsatish maqsadida jurnalistlarimizni Tokioga jo‘natishni niyat qilganmiz. Ularning mamlakatdagi mavjud sport infratuzilmasi va Olimpiada uchun maxsus bunyod etilgan ob’ektlar bilan yaqindan tanishishida ham yordamingiz kerak bo‘ladi. Bizning niyatimiz Tokioda bo‘ladigan Olimpiada sportimiz tarixida o‘chmas iz bo‘lib qolishini ta’minlash”, – degan Umid Ahmadjonovning so‘zlarini keltirmoqda MOQ rasmiy sayti.

Yaponiyalik mehmon o‘z so‘zida, jumladan, quyidagilarni ta’kidladi.

“O‘zbekistonga yana bir bor tashrif buyurganimdan mamnunman. Bu mening ikkinchi tashrifim.

6 yil avval Tokio XXXII yozgi Olimpiadaga mezbon bo‘lishi e’lon qilingandi. Mana, musobaqa boshlanishiga ham 441 kun qoldi. Darhaqiqat, butun mamlakatda tayyogarlik juda ham yuqori darajada olib borilmoqda. Bu haqda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax ham Tokioga kelganida alohida ta’kidlab o‘tdi.

Dzyudo va karate sport turlaridagi hamkorlik bo‘yicha Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan gaplashaman va o‘ylaymanki, bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Qolgan sport turlaridagi har qanday taklifingiz bo‘yicha elchixonamiz sizga yordam beradi.

May oyining oxiri va iyun boshlarida Olimpiadadan avval qator ob’ektlarda bir nechta sport turlari bo‘yicha test musobaqalari o‘tkaziladi. O‘zbek jurnalistlarining tashrifi uchun eng ma’qul vaqt shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Sinov musobaqalari va tayyogarlik jarayonini ko‘zdan kechirishda jamoam sizlarga yordam berishga tayyor. Xususan, sizning o‘zingizni ham Tokioda kutib qolaman”, – dedi Toshiaki Endo.

Shuningdek, suhbat davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, har ikki mamlakat terma jamoalari o‘rtasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, tajriba almashish, murabbiylar malakasini oshirish masalalarida ham fikr almashdilar.

Suhbat yakunida ikki tomon vakillari o‘zaro sovg‘alar almashib, esdalik uchun suratga tushishdi. Shuningdek, martabali mehmon MOQ muzeyiga tashrif buyurib, o‘zbek sportini tarixi bilan tanishdi.

Toshiaki Endo kunning ikkinchi yarmida «Humo» sport kompleksi bilan tanishishi belgilangan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz