Узбек O'zbek
Yurgen Klopp eng yoqtirgan filmi, ijtimoiy tarmoqlar, Bred Pitt va Donald Tramp haqida
Seshanba, 07 May
9336

“Liverpul” ustozi Yurgen Klopp “Soccer AM”ga intervyu berdi. Bu safargi suhbatning o‘ziga xosligi shundaki, savollar Google`da murabbiy haqida paydo bo‘lgan eng mashhur mavzulardan tuzilgandi. Ushbu suhbatning e’tiborli qismlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Jahl haqida

“Men kamdan kam holatda achchiqlanaman. Bilaman, ba’zida o‘yin bo‘layotganda yoki boshqa bir paytda jahlim chiqqandek ko‘rinadi, ammo bu juda tez o‘tib ketadi. Yaqin insonlarga qarshi ayniqsa, men bu tuyg‘udan uzoq bo‘lishga urinaman. Balki ekranda jahldor ko‘ringanim uchun odamlarga qiziq bo‘lsa kerak. Balki yuz tuzilishim shunaqadir. Lekin ishonavering, bu emotsiya ifodasi emas, mening yuzim juda chiroyli bir bolakayni ko‘rganimda ham shunday turadi”.

Klopp haqida film

“Bred Pittni tanlagan bo‘lardim. Menimcha, uning ko‘rinishi yomon emas. O‘ylaymanki, meni haqiqiy tarzda ko‘rsata olardi. Aslida, u bilan uchrashishni istardim. Juda zo‘r yigitga o‘xshaydi. U ijro etgan rollar yoqadi; ayniqsa, “Fight Club”, boshqa kinolari ham. Rafiqam ham uni juda yoqtiradi, albatta, uchrashib qolsak yomon bo‘lmasdi. Men unga meni rolimda qanday bo‘lish, qaysi harakatlar qilish yoki qilmaslik haqida maslahatlar berardim. Ammo rostini aytsam, unaqa kino chiqmagani yaxshi, nima haqidayam bo‘lardi bu?”

Kinolar haqida

“Forrest Gamp”. Shubhasiz! Bu hikoya! Bu san’at! Bu... Bilmayman... Tom Henks. O‘n yildan beri mendan yoqtirgan filmimni so‘rashadi va xayolimga faqat shu film keladi. Menga juda yoqadi.

Boshqa yoqtirgan filmlarim ham ko‘p, masalan “Rokki”ning hamma seriyasi. Birinchisi qachon chiqqandi? Saksoninchi yillarda bo‘lsa kerak. Undan oldin biz qanaqadir o‘ziga xos narsa haqida orzu qilganmiz, lekin iqtidor yetmagan bo‘lsa kerak. Keyin esa, Rokki paydo bo‘ldi. Menimcha, u o‘sha avlodga ko‘p narsa berdi va hatto G‘arb va Sharq kurashiga ham ajoyib yechim taqdim etdi – ularni ringga olib chiqinglar. Ivan Drago va Rokki Balboa. Urishishsin qani, nihoyat.

Umuman olganda, ekshn uslubidagi filmlar ko‘proq yoqadi, Born haqidagilar, Jeyms Bond... Men doim unga o‘xshashni istardim. U bilan uchrashish nasib etdi ham. Albatta, hammasi bilan emas, “Liverpul”ga muxlis bo‘lgani bilan. Deniel Kreyg bilan. Ajoyib yigit. Ko‘pincha men bilan uchrashishganida futbol haqida gaplashmoqchi bo‘lishadi, lekin men Jeyms Bond bilan ko‘rishganimda uch soat faqat kino haqida suhbatlashdik.

Kinolar menga yoqadi, lekin “Forrest Gamp” – eng zo‘ri.

Ijtimoiy tarmoqlar

Men ijtimoiy tarmoqlarda yo‘qman. Instagram yoki feysbuklarda nomimga ochilgan bir qator akkauntlar haqida eshitdim, lekin u men emasman. Mening odamlarga aytib beradigan hech narsam yo‘q. Tushunmayman, kimdir nonushtasini rasmga olib, internetga qo‘yadi. Xo‘p, keyin-chi? Nimasi qiziq? To‘g‘risi, boshqalarning shaxsiy hayotinini kuzatish menga yoqmaydi va shu mantiq bilan mening hayotim ham boshqalarga qiziq bo‘lmasligi kerak. Oilamdan ham hech kim ijtimoiy tarmoqlarda yo‘q. Whatsapp`da guruhimiz bor, shu bizga yetadi.

Hozir hammasi tezlashib ketdi. Xabarlar, soxta yangiliklar juda tez sur’atda tarqab ketmoqda va odamlar ishonadilar. Men buni xohlamayman. Bu iborani erta ishlatgim kelmaydi, ammo aytaman – bu ishlar uchun qariman. Atrofimdagi olam qiziq, lekin odamlar hayotini qanday o‘tkazayotganini bilishim umuman kerakmas menga. Donald Tramp erta-yu kech nega tvit yozadi, tushunmayman. Nazarimda, uning birorta yozgani ham haqiqiy bir foydali bo‘lmagan.

“Liverpul” qanday o‘zgardi?

Buni gugldan so‘rab ko‘rmadingizmi? Qanday javob bo‘ldi? Men uchun ham qiziq. Bilmadim. Kelganimda “Liverpul” “uyqudagi gigant” ekanini tushundim. Ularning kayfiyati yaxshi edi, ammo zo‘r emasdi. Murabbiy o‘zgardimi, demak undan oldin nimadir o‘xshamagan bo‘ladi. Ilk kunlarimdan biror narsani tubdan o‘zgartirishga urinmadim. Men avvalo, mendan oldin nimalar bo‘lganini bilmoqchi bo‘ldim, klub haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni urindim. Futbolchilar bilan gaplashdim. Hozir hamma ko‘rib turibdi – Brendan Rojers juda kuchli murabbiy. Demak, gap faqat unda bo‘lmagan. 

Yana nimadir bor edi. Biz buni tushunib, bosqichma-bosqich muammoni hal qilib borishimiz kerak edi.

Biz uchun muhimi, maydonga tushganda faqat o‘zimiz uchun emas, klub personali, oilamiz, muxlislar uchun bor kuchimizni ishga solishdir. Bu boshlanishi. Boshqa tarafdan esa, bu shunchaki futbol. Hamma biladi, men daho emasman. Ammo men va shogirdlarim qanchalik yaxshi bo‘lishsa, o‘yinimiz ham shunchalik yaxshi bo‘ladi. Bizda yaxshi o‘yinchilar ko‘p edi, yana bir nechtasini sotib oldik. Biz hozir kelgan joyimizdan zavq olyapmiz. Bilaman, bu hali yo‘lning yarmi, ammo to‘g‘ri yo‘lda ekanimizga ishonaman. 

Aynan nimani o‘zgartirganimni ayta olmayman. Lekin qilayotgan ishimiz o‘zimizga yoqyapti, bu - juda yaxshi poydevor.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz