Узбек O'zbek
Saloh va Keyta «Liverpul» rekordchilariga aylanishdi
Shanba, 27 Aprel
5831

Angliya Premer-ligasi 36-turining ochilish uchrashuvida «Liverpul» so‘nggi o‘rindagi «Haddersfild» klubini qabul qilib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Mezbonlar o‘yinning 15-soniyasidayoq hisobni ochishdi: Nabi Keyta darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borib, bundan unumli foydalandi. Opta`ning qayd etishicha, ushbu gol APLga asos solingan 1992/93 mavsumidan buyon «Liverpul»ning ushbu turnir doirasida urgan eng tezkor goli sifatida tarixga kiradi.

Shuningdek, «Enfild»dagi kechagi bahsda «qizillar» hujumchilari Muhammad Saloh va Sadio Mane dubl muallifi bo‘lishdi. Natijada ushbu ikki futbolchi APL to‘purarlari ro‘yxatida birinchi va ikkinchi o‘rinni band etishdi. Misrlik futbolchi bu mavsum APLda 21ta gol urgan bo‘lsa, uning senegallik jamoadoshi 20 marta to‘p kiritdi. Ular 19tadan gol urgan Serxio Aguero («Manchester Siti») va Per-Emerik Obameyang («Arsenal»)dan o‘zib ketdilar.

Ta’kidlash joiz, «Haddersfild»ga qarshi o‘yin Saloh uchun «Liverpul» tarkibidagi 100-uchrashuv edi. U yuzta o‘yinda jami 69ta gol urgan va bu – rekord ko‘rsatkichdir: hozirga qadar mersisaydliklarning hech bir futbolchisi dastlabki 100ta o‘yinida bu qadar ko‘p gol urmagan edi.

26 yoshli Saloh bu borada klub rekordchilari Rojer Xant va Sem Reyboulddan bitta golga o‘zib ketdi – ular «qizillar»uchun o‘tkazgan ilk yuzta bahsda 68tadan gol urishgandi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz