Узбек O'zbek
Qosimovni yenggan Abramov, Farg‘onada to‘xtagan «Surxon», g‘alaba bilan boshlagan Baqoyev – Superligada 5-tur yakunlari
Seshanba, 23 Aprel
3474

Superligada 5-tur o‘yinlari yakunlandi. O‘tgan turda Termizda ochko yo‘qotgan «Paxtakor» bu turda xato qilmadi va jiddiy qarshilik ko‘rsatgan «Dinamo»ni mag‘lub etdi. «Lokomotiv» ketma-ket to‘rtinchi, «Bunyodkor» esa ketma-ket uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Mirjalol Qosimov hamda Vadim Abramov o‘rtasidagi bahs muxlislarning diqqat markazida bo‘ldi. Quyida turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

«Andijon» nihoyat o‘z maydonida o‘ynadi. «Nasaf»ni mag‘lub etgan futbolchilar 10 million so‘mdan mukofot olishdi. Bitta futbolchiga «Jentra» sovg‘a qilindi

5-turni «Andijon» – «Nasaf» o‘yini ochib berdi. Andijonliklar nihoyat o‘z maydonlarida o‘yin o‘tkazishdi. Kichik tanaffusdan so‘ng yuqori divizionga qaytgan «Andijon» o‘z maydonidagi ilk o‘yinini «Nasaf»ga qarshi o‘tkazdi. Bu o‘yinga bo‘lgan e’tibor katta bo‘ldi. Andijon viloyat hokimi futbolga qiziqishi sir emas. U o‘yindan keyin ham g‘alabani futbolchilar bilan nishonlab, «Andijon polkasi»ga ham raqsga tushishga ulgurdi.

Bu bahsda «Nasaf»ning imkoniyatlari yuqori baholanayotgandi, lekin kutilmaganda Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari imkoniyatni boy burib qo‘yishdi. O‘yindan so‘ng andijonlik futbolchilar 10 million so‘mdan mukofot puli olishdi. Yarim himoyachi Farhod Bekmurodovga «Jentra» mashinasi ham sovg‘a qilindi.

«Dinamo» 75 daqiqa chidadi

O‘tgan turda «Paxtakor» Termizda «Surxon» bilan o‘yinda jiddiy qarshilikka duch kelib, ilk marta ochko yo‘qotgandi. 5-turda «Paxtakor» o‘z maydonida «Dinamo»ni qabul qildi. Bu bahsdan so‘ng «Paxtakor» Chempionlar Ligasi doirasidagi «As Sadd»ga qarshi o‘yinga jo‘nab ketishi sabab Arveladze shogirdlari uchun «Dinamo»ni yengish muhim edi.

Samarqandliklar Toshkentdagi o‘yinda 75 daqiqa «Paxtakor»ning hujumlariga dosh berishdi. Avvaliga Javohir Siddiqov kutilmaganda bosh bilan darvozani ishg‘ol qildi, keyinroq Jaloliddin Masharipov super gol urib, «Paxtakor»ga 2:0 hisobida g‘alaba keltirdi. Bu o‘yinda ikki tomondagi muxlislar ham xursand bo‘lganini aytish kerak. «Paxtakor» muxlislari g‘alaba uchun, samarqanldik muxdislar Pro-ligadan chiqib kelgan jamoalari raqobatbardosh bo‘lgani uchun xursand bo‘lishdi.

Abramov Qosimovni mag‘lub etdi

Turning eng intrigali o‘yini Olmaliqda o‘tkazildi. OKMK o‘z maydonida «Bunyodkor»ni qabul qildi. Mezbon jamoani Mirjalol Qosimov boshqaradi. «Bunyodkor»ni esa Vadim Abramov. Bu ikki murabbiy o‘rtasidagi raqobat doim muxlislarni qiziqtirib kelgan. Oxirgi marta bu murabbiylar to‘qnash kelishganida «Bunyodkor»ni Mirjalol Qosimov boshqarardi. Taqdir taqozosi bilan endilikda «qaldirg‘cholar»ni Vadim Abramov boshqarmoqda.

Biroq Qosimov davridagi «Bunyodkor» bilan hozirgi «Bunyodkor»ning farqi katta. Bugun jamoani ko‘plab yetakchilar tark etishgan va hozirgi «Bunyodkor» klubning o‘z tarbiyalanuvchilaridan iborat. Shu sabab Olmaliqdagi bahsda Qosimov shogirdlarining imkoniyatlari yuqoriroq edi. Yosh «qaldirg‘ochlar» ketma-ket uchinchi o‘yinda g‘alaba qozonishgani ahamiyatli. Bu o‘yinda olmaliqliklar ustunlikka ham ega bo‘lishdi, lekin...

Lutfullo To‘rayev Toni Kross uslubida gol urdi

Olmaliqdagi o‘yinda yagona bo‘lgan golga Lutfullo To‘rayev mualliflik qildi. Birinchi bo‘lim yakunida To‘rayev jarima zarbasini Toni Kroos uslubida amalga oshirib, gol urdi. Kroos JCH-2018 guruh bosqichida Shvetsiya darvozasiga shunday gol urgandi. Lutfulla o‘tgan mavsum Olmaliqda o‘ynagani sabab sobiq jamoasi darvozasiga urgan golini nishonlamadi va shu tariqa olmaliqliklarga hurmat bajo keltirdi.

Bir qadam orqaga, to‘rt qadam oldinga – «Lokomotiv» ketma-ket 4-o‘yinda g‘alaba qozondi

Amaldagi chempion va bu nomni uch yildan buyon hech kimga bermayotgan «Lokomotiv» 5-turda «Buxoro» mehmoni bo‘ldi. 1-turda «Paxtakor»ga mag‘lub bo‘lgan «temiryo‘lchilar» keyinchalik faqat g‘alaba qozonishmoqda. Oldingi turlarda «Navbahor», «Andijon» va OKMKni mag‘lub etgan Fyodorov shogirdlari Buxoroda qiyinchiliksiz g‘alaba qozonishdi.

Bu o‘yinda «Buxoro»dagi o‘yinlari sabab «Lokomotiv»dan taklif olgan Arslonmurod Omonov yangi jamoasi safidagi eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi. Turkmaniston milliy jamoasi sardori jarima zarbasidan urgan chiroyli goli bilan hisobni ochdi va «Lokomotiv»ning g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shdi. O‘yindan so‘ng buxorolik muxlislar Arslonmurodni iliq kuzatib qo‘yishdi. Bu g‘alabadan so‘ng «Lokomotiv» ochkolari sonini 12 taga yetkazib, jadvalda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Fyodorov shogirdlari yetakchi «Paxtakor»dan 1 ochko ortda qolishmoqda.

«Bu hakam o‘yinlarni buzaverib, o‘rganib ketgan...»

Oxirgi ikki turda 10 ta gol o‘tkazib yuborgan «Qo‘qon-1912» bu turda Navoiyda mehmon bo‘ldi. O‘z maydonida yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan «Qizilqum» bir qarashda tushkun kayfiyatda bo‘lgan qo‘qonliklarni osonlik bilan mag‘lub etishini taxmin qilganlar ko‘pchilik edi. Ammo bunday bo‘lmadi.

Qo‘qonliklar sardori va o‘zbek futbolida standartlarni amalga oshirish bo‘yicha eng kuchli futbolchilardan biri Murod Xolmuhammedov o‘yin taqdirini hal qildi. Himoyachi 90+1-daqiqada jarima zarbasini super gol bilan yakunladi. Bizda jarima zarbasini yaqin burchakka aylantirib uradigan futbolchilar ko‘p emas. Shu sabab Murodning goli alohida qadrlashga munosib. Bu gol «Qo‘qon-1912»ga mavsumdagi ilk g‘alabani keltirdi. Navoiydagi g‘alaba No‘’mon Hasanovni ham iste’fodan qutqarib qoldi desak bo‘ladi. Biroq bu o‘yinni ko‘pchilik «Qizilqum» murabbiyi Hamidjon Aktamovning gapi bilan eslab qoldi.

O‘yinning 87-daqiqasida «Qizilqum» futbolchisi Mirlalol Qosimov jarima maydonchasi ichida yiqilib tushdi, biroq hakam penalti bo‘lmaganini ko‘rsatdi. 90+2-daqiqada mezbonlarning yana bir vakili Elguja Grigalashvili jarima maydonchasi ichida yiqildi. Bu yerda ham Temur To‘xtasinov penalti belgilamadi. Bu vaziyatlarda penalti bormi yoki yo‘qligini aniqlash bizning ishishmiz emas, lekin hakamning qarorlari mahalliy muxlislarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani fakt.

«Qizilqum» murabbiyi Hamidjon Aktamov o‘yindan so‘ng hakamning harakatlarini keskin qoraladi: «Bu hakam o‘yinlarni buzaverib o‘rganib ketgan. U har vaziyatda hushtak chalaverdi-chalaverdi va bu futbolchilarga salbiy ta’sir qildi».

«Surxon» Farg‘onada to‘xtadi

5-tur oldidan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda boayotgan «Surxon» Farg‘onada «Navbahor» mehmoni bo‘ldi. Ha, «Navbahor» hamon o‘z o‘yinlarini Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘tkazmoqda. Kanchelskisning ta’biri bilan aytganda, oddiy shug‘ullanadigan stadioni bo‘lmagan «Navbahor» o‘tgan turda Qarshida «Nasaf»ni mag‘lub etib kichik sensatsiyaga sabab bo‘lgandi. Bu turda esa sobiq «MYU» futbolchisining jamoasi mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan «Surxon»ni oz emas, ko‘p emas, naq 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Namanganliklar barcha gollarni oxirgi 15 daqiqada urishgani ularning jismoniy holat yaxshi ekanini ko‘rsatadi. Ikki o‘yindagi ketma-ket g‘alabadan so‘ng «Navbahor» o‘tgan mavsumda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa ekanini yana esga tushirdi. Aftidan, Aziz Turg‘unboyevning yo‘qligi endi sezilmay boshlagandek...

Baqoyev g‘alaba bilan boshladi

Superligada mavsumning ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgan «So‘g‘diyona» kechinchalik ketma-ket uchta o‘yinda mag‘lub bo‘ldi. «Bunyodkor»ni yenggan Lushchan shogirdlari keyinchalik «Nasaf», «Dinamo» va «Surxon» kabi jamoalarga mag‘lub bo‘lib, oxirgi pog‘onalarga tushib ketishdi. Oqibatda o‘tgan mavsumdan buyon Sergey Lushchanga imkoniyat berib toqati toq bo‘lgan «So‘g‘diyona» klubi rahbariyati murabbinyi iste’foga chiqardi va uning o‘rniga Ulug‘bek Baqoyev keldi.

Baqoyev pul bor joyda yaxshi ishlashni biladi. Bu gapni bejizga aytmadik, chunki «Buxoro» o‘ziga tinch bo‘lgan vaqtlarda Baqoyev bilan yetakchilar safida borardi. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida, ya’ni «Buxoro» iqtisodiy tang holatda qolganida natijalar yomonlashib ketgani so‘zimizni isbotlaydi.

«So‘g‘diyona»ning homiylari qatoriga nazar solsangiz, jamoaning iqtisodiy holat yaxshi ekanini bilasiz. Shu sabab Baqoyev «iqtisodiy barqarorlik holatida» yaxshi jamoa tuzishini kutsa bo‘ladi. «So‘g‘diyona» Baqoyev murabbiyligidagi ilk o‘yinda «Metallurg»ni mag‘lub etdi. Jamoa futbolchilari jo‘shqinlik bilan harakat qilishgani ularni Baqoyev boshqarganini ko‘rsatib turardi. Baqaoyev futbolchilarni qanday qilib «yondirishni» biladigan murabbiy.

«So‘g‘diyona»ning ikki goli ham uzoq masofadan kiritildi. Avvaliga Shohruz Norxonov jarima maydonchasida faollik ko‘rsatib, hisobni ochdi, ikkinchi bo‘limda esa markaziy himoyachi Elyor Orifov jarima zarbasini golga aylantirdi. Shu tariqa Baqaoyev Jizzaxdagi faoliyatini g‘alaba bilan boshladi.

Jarimasiga – gol...

Futbolda har xil gollar bo‘ladi. Ular orasida jarima zarbasidan uriladigan gollar alohida qadrlanadi, chunki har kim ham jarima zarbasidan gol ura olmaydi. Buning ustiga jarima zarbasini tepayotgan futbolchi to‘pni qayerga yo‘naltirayotganini aniq biladi, ya’ni jarima zarbasidan taxminiy gollar urilmaydi.

Superliga 5-turida jarimadan chiroyli gollar urildi. OKMK – «Bunyodkor» o‘yinida «qaldirg‘ochlar» yetakchisi Lutfullo To‘rayev, «Qizilqum» - «Qo‘qon-1912» o‘yinida qo‘qonliklar sardori Murod Xoluhammedov, «So‘g‘diyona» - «Metallurg» o‘yinida esa jizzaxliklar yetakchisi Elyor Orifov jarima zarbasidan gol urishdi.

Bu gollarning barchasi o‘zgacha chiroyli bo‘ldi. Lutfullo To‘rayev o‘tkir burchakdan turib darvozani aniq nishonga oldi. Elyor Orifov markazdan turib yaqin burchakni cho‘tladi. Murod Xolmuhammedovning goli esa super chiqdi. Uning zarbasi «jonli devor»ni aylanib o‘tib golga aylandi. Bu gol chempionat ko‘rki bo‘ldi.

Hafta qahramoni – Lutfullo To‘rayev

OKMK – «Bunyodkor» o‘yini haqida ko‘p gapirdik va bu bejizga emas. Axir futbolimizdagi ikki eng kuchli murabbiy to‘qnash kelgan o‘yin haqida ko‘proq gapirmasak ham bo‘lmaydi-da. Aynan mana shu o‘yinda yagona golni urgan Lutfullo To‘rayevni hafta qahramoni deb topdik. 10 sinf bolalari gol urib yurgan «Bunyodkor»da uchta tajribali futbolchi bor: Murod Zuhurov, Lutfullo To‘rayev, Anvar G‘ofurov. Bu uch futbolchi yoshlarni ergashtirishni yaxshi uddalashmoqda.

Lutfullo To‘rayev oldingi o‘yinlarda testdan o‘ta olmagani sabab qatnashmayotgandi. Olmaliqdagi o‘yinda esa To‘rayev super goli bilan jamoasiga g‘alaba keltirdi. Uning goli Toni Krossning Shvetsiyaga urgan mashhur golini eslatib yuborganini aytdik. To‘rayevni nafaqat chiroyli goli sabab, balki yosh jamoadoshlarini ortidan ergashtirib, haqiqiy yetakchiga aylangani bois ham haftaning eng yaxshi futbolchisi deb topdik.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz

06.08
Avgust