Узбек O'zbek
«O‘zlariga bir nazar solsinlar». Sulsher «MYU»ning ba’zi futbolchilaridan noroziligini bildirdi
Juma, 19 Aprel
13409

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher jamoaning ba’zi a’zolariga e’tirozi borligini qayd etib o‘tdi.

«Bu yerda ishlay boshlaganimdan buyon futbolchilar haqida ko‘p narsalarni bilib oldim. Ularning aksariyati o‘z ishiga bo‘lgan munosabati bilan menda haqiqatan ham yaxshi taassurot qoldirishdi. Lekin ayrimlari haqiqiy darajalari qandayligini ko‘rish uchun o‘zlariga yaxshiroq nazar solishlari kerak.

Futbolchilarning ko‘pchiligi agar astoydil ter to‘ksa, yana ham yaxshiroq o‘ynay olishi mumkinligini biladilar.

Marsiyal o‘z o‘yini ustida o‘ylab ko‘rishi kerakmi? Men u bilan gaplashdim. Entoni – ulkan iste’dod sohibi, yangi shartnoma imzoladi. U biz unga ishonishimizni biladi.

Albatta, yozda transferlar bo‘ladi. Bilaman, tanqidlar ko‘p bo‘ldi. Lekin bu tanqidchilarning hammasi ham nima bo‘layotganidan xabardormi-yo‘qmi, buni bilmayman. Klubda skautlar bor, ular yaxshi futbolchilarni izlab sayyora bo‘ylab kezib yurishadi. Biz futbolchilar bilan ularning xarakteri, sifatlari, narxi va klubda uzoq vaqt o‘ynay olishi yoki olmasligiga qarab, shartnoma tuzamiz. Ishonchim komilki, kerakli o‘yinchilarni jalb etish uchun imkon doirasidagi barcha ishni qilamiz», – degan Sulsherning so‘zlarini keltirmoqda Sky Sports.

Ma’lumot uchun, hozirda «qizil iblislar» APL jadvalida 64 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. 4-5-o‘rinlardagi «Arsenal» va «Chelsi» 66 ochkodan jamg‘argan. «Yunayted» mavsumni «Everton» (yakshanbada), «Manchester Siti», «Chelsi», «Haddersfild» va «Kardiff»ga qarshi o‘yinlar bilan yakunlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mankunianliklar klubi rahbariyati norvegiyalik mutaxassisga yoz uchun kamida uchta transferni kafolatlagani xabar qilingan edi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz