Узбек O'zbek
Shomurodov o‘zini Messi va Ozmunga qiyoslashlariga munosabat bildirdi
Chorshanba, 17 Aprel
10734

«Rostov» hujumchisi, yakshanba kuni «Spartak» bilan o‘yinda (2:1) g‘alaba golini urgan Eldor Shomurodov «Sport Ekspress» muxbiri savollariga javob qaytardi.

– Dushanbada Rostov-Donning haqiqiy qahramonidek uyg‘ondingizmi? 
– Bunday demagan bo‘lardim. «Spartak» ustidan g‘ozonilgan g‘alabani unutib, keyingi o‘yin haqida o‘ylash kerak.

– Moskvaliklar birinchi navbatda nimaning hisobiga mag‘lub etildi?
– Ikkita omilni aytgan bo‘lardim: intizomli o‘yin va astoydil borini berib o‘ynash hisobiga. Yigitlar o‘yin uchun rejani bajarishdi. Va, albatta, muxlislarning qoyilmaqom qo‘llab-quvvatlashlari. Ularga gap bo‘lishi mumkin emas!

– Gol urishingizni oldindan sezganmidingiz?
– Ochig‘ini aytsam, o‘yindan oldin menga ko‘pchilik: «Eldor, sen maydonga tushib, uni golsiz tark etmaysan!» degandi. Jamoadoshlarim va muxlislar ana shunday fikrda edilar. Menga nega bunchalar ishonch bildirishayotganini bilmayman, lekin yakunda ular aytganidan bo‘ldi. (kuladi)

– «Spartak» nimasi bilan hayron qoldirdi? Mehmonlardan yaxshiroq o‘yin kutganmidingiz?
– Umuman olganda, raqibning ana shunday o‘ynashiga tayyorlangandik. Tan olish kerak, «qizil-oqlar» yetarlicha vaziyatlar yaratishdi. Biz shunchaki o‘z imkoniyatlarimizdan yaxshiroq foydalana oldik.

– O‘zbekistonda sizni Messi deb atashadi. Endi «Rostov»dagilar nima deyishyapti?
– Baribir bu fikrga qo‘shilmayman. O‘zbek Messisi deb atashlari afsona xolos. Meni hech kim bunday deb chaqirmagan.

– Unda nima deb chaqirishadi?
– Shoma yoki Shomik. Vatanimda ham, bu yerda ham.

Shomurodov: «Gol bo‘lishini zarba berishim bilanoq sezgandim»

– O‘yin tugagandan keyin Valeriy Karpin sizga nima dedi?
– «O‘zing xohlasang, qo‘lingdan keladi».

– Demak, xohlamaydigan paytlaringiz ham bo‘larkan-da?
– Yo‘q, yo‘q! Menda doimo bor imkoniyatimni ishga solib o‘ynash xohishi bo‘ladi. Shunchaki, murabbiy o‘z fikrini shunaqa ifoda etdi.

– O‘yindan keyin «Rostov» muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda: «Shomurodov – bizning yangi Ozmun» deb yoza boshlashdi...
– Yo‘q, meni Sardor bilan solishtirish yaramaydi. Unga xusumatim bor deb o‘ylamang, aksincha, uni hurmat qilaman, u – Premer-liganing eng yaxshi hujumchilaridan. Lekin Ozmun – bu Ozmun, men esa – menman. Hali yana ko‘proq gollar urishim, o‘yinimni kuchaytirishim kerak.

– Ozmun hozir RPLda birinchi raqamli hujumchimi?
– Faqat bir futbolchini ajratib ko‘rsatishga tayyor emasman. Ha, Sardorning ishlari yaxshi ketyapti. Lekin, masalan, Chalov ham bor. Yoki Dzyubani olaylik, u gol urmasa ham, «Zenit»ga katta foyda keltiradi. Kurashadi, pas beradi...

Ma’lumot uchun, ushbu g‘alabadan so‘ng «Rostov» 35 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. Jamoa 5-o‘rindagi, kuni kecha o‘zi mag‘lub etgan «Spartak»dan bir ochkoga ortda qolyapti. Rostovliklar keyingi turni 20 aprel, shanba kuni «Orenburg» maydonida o‘tkazadi.

14-raqam egasi o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov RPLning bu mavsumidagi 20ta turida qatnashib, ikkita gol va bitta samarali pas muallifi bo‘lgan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz