Узбек O'zbek
Benzema gol urdi, ammo qahramon bo‘lolmadi. «Real» yana ochko yo‘qotdi
Seshanba, 16 Aprel
2944

Ispaniya chempionatining 32-turida «Leganes» mehmoni bo‘lgan Zinedin Zidan yana g‘alaba qozona olmadi.

Ispaniya chempionati. Liga 1. 32-tur
«Leganes» – «Real» – 1:1 (1:0)
Gollar: Silva, 45 (1:0). Benzema, 51 (1:1).
«Leganes»: Kuelyar, Nom, Bustinsa, Omeruo, Siovas, Silva, Vesga (Resio, 85), Peres, Eraso (El-Jar, 71), Karrilo (En-Nesiri, 65), Bretueyt.
«Real» (Madrid): Navas, Marselo, Nacho, Varan, Karvaxal, Kazemiro, Modrich, Valverde, Asensio (Beyl, 80), Isko (Vaskes, 77), Benzema.
Ogohlantirishlar: Karvaxal, 48, Asensio, 61, Valverde, 67.
Hakam: Ximenes.
15 aprel. Leganes. «Munisipal de Butarke» stadioni.

Beylsiz start
O‘tgan turda «Eybar»ga qarshi ishonchsiz o‘yindan keyin (madridliklar Benzemaning dubli evaziga 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishishgandi), Zinedin Zidan oldida qiyin vazifa turgandi - qatorasiga ikkinchi o‘yinda bir xil ssenariy takrorlanmasligi. Fransiyalik murabbiy bu o‘yinga avvalgi o‘yindan yetarlicha xulosalar olgan holda tayyorlandi. U o‘yindan avval jamoada yozda jiddiy tozalashlar bo‘lishiga ishora qildi: «Transferi kattagina mablag‘ keltiradigan futbolchilar bor». Ispaniyada, umuman hamma joyda murabbiy bu orqali Garet Beylni nazarda tutganini taxmin qilishmoqda. Va kutilganidek «Leganes»ga qarshi o‘yinni uelslik futbolchi zaxira o‘rindig‘ida boshladi. Jamoaning asosiy hujumchisi bo‘lib turgan Benzemaga yordam uchun Isko va Asensio ilk daqiqalardanoq maydonga tashlandi. Maydon markazida Kazemiro va Modrichga yordam uchun esa 20 yoshli Federiko Valverde yo‘llandi.

Ikkinchi davrada belgiyalik hujumchi David Bretueyt bilan tarkibni kuchaytirgan mezbonlarning o‘yinida ham o‘sish kuzatildi va bu jamoa ayni vaqtga kelib ligada qolish vazifasini bajarib bo‘lgan, agar «Real»ga qarshi o‘yinda g‘alabaga erishsa, bu jamoa turnir jadvalida 13-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarilib olishi ham mumkin edi.

«Leganes»ning kutilmagan goli
«Real» ilk daqiqalardanoq oldinga tashlandi va birinchi hujumdayoq darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llandi, darvozabon o‘zini ko‘rsatdi. 15-daqiqada esa faqat omadsizlik tufayli Bretueyt hisobni ocha olmadi. Bu vaziyatda u jarima maydoniga tashlab bergan to‘pga boshi bilan tegindi, to‘p esa ustunni silab o‘tib ketdi.

«Real» bo‘lim davomida shoshmasdan harakatlandi, qanotlardan Benzemaga to‘p uzatib berishga urindi. Ikki tomon ham aytarli xavfli vaziyatlar yaratmadi. Bo‘lim oxiriga kelib mehmonlar uzoq masofalardan darvozani nishonga ola boshladi, ammo bu zarbalarning barchasi noaniq ketaverdi. Bo‘limning oxirgi daqiqasida esa «Leganes» kutilmaganda hisobni ochdi. Bretueyt raqib jarima maydonida to‘p uchun kurashda g‘olib kelib, uni Xonatan Silvaga uzatdi, u esa to‘pni darvoza burchagiga aniq yo‘naltirdi.

Qutqaruvchi Benzema
Ikkinchi bo‘limda «Real» katta ishtiyoq bilan maydonga tushdi va hujumkorlikka zo‘r berdi. Birinchi bo‘lim oxirida o‘tkazib yuborilgan gol «Qirollik klubi» futbolchilarini tezkorroq harakat qilishga majbur etdi. Ikkinchi bo‘limning ilk o‘n daqiqaligi tugamasdanoq hisob tenglashdi. Yana Karim Benzema aniq harakat qildi, u qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urib, yana bir bor «Real»ni sharmandalikdan qutqarib qoldi.

Bu ushbu tajribali hujumchining chempionatdagi 18-goli bo‘ldi. Endi u chempionat to‘purarlari poygasida ikkinchi o‘rinda borayotgan Luis Suaresni 2 gol farqi bilan ta’qib qilmoqda.

Hisob tenglashganidan keyin «Real» hujum qilishda davom etdi, ammo endi temp pasaygandi. «Leganes» esa qarshi hujumlarda harakat qildi. Zidan hujum chizig‘iga yangi qon sifatida qanotlarda almashtirishlarni amalga oshirdi: avvaliga Isko o‘rniga Vaskes tushirildi, o‘yin yakuniga 10 daqiqa vaqt qolganida Asensio o‘rnini Beyl egalladi. Lekin bu o‘zgarishlar foyda bermadi. «Leganes» urgan gol esa ofsayd tufayli bekor qilindi. Bu bekor bo‘lgan goldan ikki daqiqa o‘tib, Bretueyt raqib jarima maydoniga yorib kirdi, ammo Varanni aldab o‘tishda oxirgi fintda xato qildi. «Real» esa yakuniy shturmni amalga oshira olmadi. Zidan jamoasi navbatdagi Madrid derbisida ochko yo‘qotdi va turnir jadvalida «Atletiko» bilan oradagi farq yanada yiriklashdi.

Turnir to‘purarlari

Tur o‘yinlari

Turnir jadvali

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz