Узбек O'zbek
Shomurodov: «Gol bo‘lishini zarba berishim bilanoq sezgandim»
Dushanba, 15 Aprel
5416

«Rostov» hujumchisi Eldor Shomurodov RPL 23-turidagi «Spartak» bilan bahsda g‘alaba goli muallifi bo‘lganidan so‘ng (2:1) klub rasmiy saytiga qisqacha intervyu berdi.

«Roman Yeremenko qanotdan to‘pni yaxshi tashlab berdi, men esa bosh bilan zarba berdim. Gol bo‘lishini zarba berishim bilanoq tushungandim. To‘p juda zo‘r oshirib berilgandi», – dedi Shomurodov.

– Maydonga chiqishingizdan oldin Valeriy Karpin sizga nima dedi? (Eldor 63-daqiqada zaxiradan tushgandi – tahr.)
– U menga doim jamoaga yordam berish, gol urish kerakligini aytadi. Bugun g‘alaba golini urganim yaxshi bo‘ldi.

– O‘yinga qo‘shilishingizdan oldin hayajon kuchlimidi?
– Rostovlik muxlislar oldida hayajon doim bo‘ladi. Lekin men tezda xotirjamlashib, e’tiborimni o‘yinga qaratdim.

– 2:1 hisobi adolatli bo‘ldimi?
– Ikkinchi golni kim ursa, o‘sha g‘olib bo‘lishini tushunib turgandim. Aynan shunday ham bo‘ldi. «Spartak»da ham yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, lekin biz ham tezkor hujumlar uyushtirdik.

– O‘yin «Taxtlar o‘yini» seriali uslubida kechdi...
– Bu serialni ko‘raman, menga juda yoqadi. Ammo o‘zimni undagi biror qahramonga solishtira olmayman.

Ma’lumot uchun, ushbu g‘alabadan so‘ng «Rostov» 35 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. Jamoa 5-o‘rindagi, kecha o‘zi mag‘lub etgan «Spartak»dan bir ochkoga ortda qolyapti.

14-raqam egasi o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov RPLning bu mavsumidagi 20ta turida qatnashib, ikkita gol va bitta samarali pas muallifi bo‘lgan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz